AQSh: Tolibonga hech qanday qurol qoldirmaganmiz

  • Amerika Ovozi

Tolibon vakillari

AQSh 2021-yil avgust oyida Amerika qo'shinlari Afg'onistonni tark etishi paytda hech qanday qurol qoldirilmaganini yana bir bor ta’kidlab, bu boradagi da’volarni "mantiqsizlik" deb atadi.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi bu haqda Pokiston afg’onistonlik jangarilar mamlakatda teraktlar uyushtirish uchun “murakkab qurollar”ni qayerdan olayotgani haqida BMTni tekshiruv o’tkazishga undashidan bir necha kun o‘tib izoh berdi.

“Bu yolg'on, bu mantiqsizlik. Biz Afg‘onistonda 20 yillik faoliyatimiz davomida qilgan ishimiz, albatta, Kongress tasdig’i va maslahatlashuvi bilan Afg‘oniston milliy xavfsizlik kuchlarini qurollantirish va jihozlashda yordam berish edi”, - dedi Kirbi Oq uydagi matbuot anjumanida.

Uning tushuntirishicha, AQSh qo‘shinlarini olib chiqib ketayotganda ko‘plab afg‘on askarlari jang qilmaslikka qaror qilgan va qurollarini tashlagan.

“Siz aytayotgan “qurollar” Afgʻoniston milliy xavfsizlik kuchlariga tegishli bo’lgan”, - dedi Kirbi.

“Ortda qolgan narsa shu. Qo'shma Shtatlar Afg'onistonda bir to'da qurol-yarog'ni tashlab ketgani yo'q”, - deya qo’shimcha qildi rasmiy.

Buni ham ko'ring Tolibon bilan diplomatik aloqa tan olinishga yetaklaydimi?

Pokiston hukumatiga ko’ra, taqiqlangan "Tehrik-i-Tolibon Pokiston"ga (TTP) aloqador jangarilar toliblar qo'shni mamlakatda hokimiyatni qo'lga kiritganidan keyin chegaralarosha hujumlarni kuchaytirgan.

Bu va boshqa jangari guruhlar yillar davomida Pokistonda portlashlar va boshqa terrorchilik reydlarini amalga oshirib kelgan, biroq rasmiylarning aytishicha, jangarilar AQShda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurollardan foydalangan holda xavfsizlik kuchlariga qarshi koʻproq halokatli hujumlar uyushtirmoqda.

Pokistonning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Usmon Jadun bu masalani o‘tgan hafta Xavfsizlik kengashida o‘t o‘qotar qurollar hamda yengil qurollardan noto‘g‘ri foydalanish tahdidini bartaraf etish bo‘yicha bo’lib o’tgan ochiq debatda ko‘tardi.

Jadun o'z mamlakatiga qarshi ishlatilgan "murakkab qurollarni guruh qanday qo'lga kiritganini tekshirishni" talab qildi.

Buni ham ko'ring Markaziy Osiyoda terroristlar qanchalik faol?

AQSh harbiylari mamlakatdagi yigirma yillik faoliyati davomida 80 milliard dollardan oshiq xarajat evaziga oʻn minglab afgʻon xavfsizlik kuchlarini tayyorgarlikdan o’tkazdi.

AQSh Mudofaa vazirligining o‘tgan yili e’lon qilgan hisobotida aytilishicha, Kobul Tolibon ixtiyoriga o’tgan paytda sobiq Afg‘oniston hukumati huchlarida AQSh tomonidan moliyalashtirilgan 7,1 milliard dollardan ortiq harbiy texnika bo’lgan.

Tolibon rasmiylari qurol-yarog‘ jangarilar qo‘liga o‘tgani haqidagi da‘volarni bir necha bor rad etib, “uskunalar va transport vositalari omborlarda saqlanishini, hech kimga hatto bitta qurolni ham olib o‘tish yoki sotishga ruxsat berilmaganini” ta’kidladi.

Tanqidchilar bu da'volarni shubha ostiga qo'yib, TTP amaldagi afg'on hukmdorlarining taniqli yaqin ittifoqchisi ekanini va ular bilan yillar davomida AQSh boshchiligidagi xalqaro kuchlarga qarshi kurashganini aytadi. AQSh va BMT TTPni global terrorchi tashkilotlar ro'yxatiga kiritgan.

Iyul oyida e’lon qilingan Kichik qurollar tadqiqoti hisobotida Tolibon harakati bilan ittifoqchi guruhlar, jumladan TTP AQSh tomonidan oʻqitilgan va jihozlangan sobiq afgʻon xavfsizlik kuchlarining qurollarini qo’lga kiritishda davom etayotgani haqida ogohlantirgan edi.

Buni ham ko'ring Tolibon ikki yil ichida erishilgan "yutuqlar"ni ko'z-ko'z qildi

Hisobotda “transchegaraviy savdo davom etayotgani va Afg‘onistondan olingan qurollar Pokiston bozorlarida ham borligi hamda TTP Pokiston davlatiga qarshi zo‘ravonlikni kuchaytirayotgani” qayd etilgan.

Pokistonga ko’ra, so‘nggi ikki yil ichida mamlakat bo‘ylab jangarilar hujumlarida 2500 ga yaqin xavfsizlik kuchlari va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan. O’tgan hafta shimoli-g'arbiy tumandagi harbiy bazaga qilingan hujumda 23 askar halok bo'lgan va bu Pokistonning yaqin tarixidagi eng qonli hujumlardan biri hisoblanadi.