Toshkent shahar ma'muriy sudi bugun inson huquqlari faoli A'zam Turg'unovning apellyatsiya shikoyatini rad etuvchi qaror chiqargan.
Turg'unovning maqsadi - "Inson huquqlari uyi" deb nomlangan nohukumat tashkilot ochish. Sobiq siyosiy mahkum, panjara ortida og'ir qiynoqlarni boshdan kechirgan fuqaro sifatida u O'zbekistonga shunday muassasa zarur deb hisoblaydi.
Bu shikoyat - Turg'unovning o'z tashkilotiga asos solish uchun 13-urinishi.
Adliya vazirligi uning arizalarini turli texnik xatolar va noaniqliklar sabab qabul qilmagan, xususan ustav va faoliyat auditi bilan bog'liq yetishmovchiliklar topganini qayd etgan. Huquq faoli nazarida esa raddiya asossiz.
Turg'unov va uning advokati Sergey Mayorovga ko'ra vazirlik arzimas narsalarni bahona sifatida qo'llamoqda, xususan nohukumat tashkilot tashqi audit jalb qilishga majbur emas.
Shikoyatchi endi Oliy sudga murojaat qilish niyatida va BMT inson huquqlari mexanizmlari orqali ham najot izlaydi. O'zbekiston BMT a'zosi ekan, o'z zimmasiga bu boradagi majburiyatlarni olgan.
Mayorov deydiki, Adliya vazirligi va umuman hukumat siyosiy-ijtimoiy masalalarni ko'taruvchi, bunday muammolar bilan shug'ullanuvchi tashkilotlarni registratsiya qilishni xohlamaydi. Chunki, deydi u, davlat fuqaro jamiyati kengayishiga tahdid deb qaraydi.
Adliya vazirligiga ko'ra esa O'zbekistonda minglab nonukumat tashkilotlar faoliyat ko'rsatadi, ro'yxatdan o'tish uchun qonuniy talablarga javob berish kerak.
Biroq inson huquqlari himoyasi bilan mashg'ul tashkilotlar O'zbekistonda barmoq bilan sanoqli.