Sulhga erishilmagan G'azoda Ramazon og'ir boshlandi

  • Amerika Ovozi

Vayronaga aylangan uyidan omon qolgan narsalarni izlayotgan falastinlik, Rafah shahri, G'azo sektori, 11-mart, 2024.

Isroil kuchlari G’azo sektorining Xon-Yunus shahrida uyma-uy yurib o’tkazgan reyd videosini e’lon qildi. “Amerika Ovozi” video yozib olingan sana va joyni mustaqli ravishda aniqlay olmadi.

Muqaddas Ramazon oyi arafasidagi so’nggi dam olish kunlarida ham sektorda o’nlab odam halok bo’ldi. Qurbonlar soni allaqachon 31 mingdan oshdi.

G’azoda vaziyat o’ta ayanchli, deydi sektorda bo’lgan tashkilotlar vakillari.

“Vaziyatni og’irlashtirgan bir necha sabablar bor. Avval G’azoga uch yo’nalishdan kirish bo’lgan: Ulardan ikkitasini Isroil, bittasini Misr nazorat qilgan. Hozir shu uch punktning bittasi chala-yarim ishlayapti”, - deydi "MedGlobal" tashkiloti shifokori Toyir Ahmad.

Mintaqaviy hamkorlar G’azo osmonidan yordam yuklarini yetkazishni boshlagan.

Iordaniya Havo kuchlari dam olish kunlarida sektorga samolyotlardan un, guruch, chaqaloqlar uchun maxsus taomlar va ichimlik suvidan iborat paketlarni tashladi.

Dam olish kunlarida AQSh havo kuchlari ham 53 ming kishilik taom, 23 ming shisha ichimlik suvidan iborat jami 88 ta paketni G’azo osmonidan tashlaganini ma’lum qildi.

AQShning “General Frank Besson” harbiy kemasi G’azoga gumanitar yuk yetkazishga mo’ljallangan vaqtinchalik portni qurish uchun 10-mart kuni Yaqin Sharq tomon yo’lga chiqdi. Port qurilishi 60 kungacha vaqt olishi mumkin. Vashington sektor hududiga AQSh kuchlari kiritilmasligini bir necha bor ta’kidlagan.

BMTga ko’ra, G’azoda 576 ming odam ocharchilik bilan yuzlashmoqda, ayniqsa yordamdan uzilgan sektor shimolida. Suvsizlik va ochlikdan kamida 20 kishi o’lgani ma’lum qilindi. Qurbonlar asosan bolalar va qariyalar.

“Yana 30 ming falastinlikni o’ldirish kerakmi? XAMAS bilan hisoblashishning boshqa yo’llari ham bor”, - deydi Bayden.

Biroq Bayden AQSh Isroilga yordamni to’xtatishi mumkin bo’lgan qizil chiziq qayerda ekaniga aniqlik kiritmadi. Baydendan G’azo urushi tufayli ko’ngli qolgan fuqarolar soni ham oshgan. Xususan, avval uning tarafida bo’lgan progressiv yoshlar, musulmon fuqarolar endi saylovda unga ovoz bermoqchi emas.