Amerika musulmonlari Baydendan norozi

Your browser doesn’t support HTML5

Shimoliy Karolina, Minnesota va Michigan shtatlarida o'n minglab amerikaliklar Demokratik partiya ichki saylovida prezident Jo Baydenga ovoz berish o'rniga, “betaraf” sifatida ovoz berdi. Bu prezidentning Isroilni qo'llab-quvvatlash siyosatiga norozilik belgisi ekani aytilmoqda.

Michigan shtatining Dierborn shahrida musulmonlar deyarli hamma joyda ko'zga tashlanadi. Prezident Jo Baydenning G'azodagi vaziyatga munosabatidan g'azablangan bu jamoa saylovga ham ta’sir ko’rsatishi mumkin.

“Unga bo'lgan g'azabim beqiyos. Bu hatto Trampga nisbatan his qilganimdan ham katta. Demokratik partiya yuksak axloq, inson huquqlari va ozchiliklarni himoya qilish tarafdori ekanligi haqidagi taxminlarning hammasi barham topdi”, - deydi Samra Luqmon.

Luqmon o'tgan oy Michigan shtatida bo'lib o'tgan partiya saylovida "hech kimga ovoz bermaslik" kampaniyasiga yetakchilik qildi. Bu prezident Baydenga asosiy jang maydonida arab amerikalik ovozlarni yo'qotish xavfi borligini bildirish uchun qilingan harakat.

“Arab amerikaliklarning aksariyati demokrat sifatida roʻyxatdan o’tgan. Bir respublikachiga ikkita demokrat to’g’ri keladi. Yaqin Sharq siyosati, shubhasiz, arab amerikalik va musulmon saylovchilarning ovoz berishda qanday yakuniy qaror qabul qilishlarida muhim rol o'ynaydi”, - deydi tadqiqotchi Emni Shuraydi.

Buni ham ko'ring Sulhga erishilmagan G'azoda Ramazon og'ir boshlandi

Donald Tramp 2016-yilda Michigan shtatida 11 mingga yaqin ovoz ustunligi bilan g‘alaba qozongan. To'rt yil oldin Bayden 120 mingga yaqin ovoz bilan ustun kelgan edi.

Shtatda 200 mingdan 300 mingtagacha arab amerikalik bor, ammo ularning hammasi ham ovoz berish huquqiga ega emas.

"Michigandagi arab amerikaliklarga e'tibor qaratganimizning sababi bor. Ularning soni saylov natijasini o'zgartirib yuborishi mumkin bo’lgan darajada", - deydi ekspert Jeffri Grinaviski.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko’ra, Isroil hujumlarida 30 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Ko'plab arab-amerikaliklar Bayden ma'muriyati Isroilni G'azoda qo'llanilgan qurollar bilan ta'minlayotganidan norozi.

"Agar men Bayden maslahatchisi bo'lganimda, nafaqat arab-amerikaliklar, balki yoshlardan ham tashvishlangan bo’lardim, chunki ko’plab yoshlar bu voqealardan g’azabda", - deydi Grinaviski.

Michigandagi saylovdan so'ng Bayden vakilining aytishicha, prezident ovoz berishdan bosh tortgan saylovchilar xavotirini tushunadi va adolatli, uzoq muddatli tinchlik o’rnatish zarurligi haqida ular bilan hamfikr.

Ammo ba'zi arab-amerikaliklar uchun endi ortga yo’l yo’q.

Buni ham ko'ring Bayden: Isroil va XAMAS mart boshida sulhga kelishadi

"U 360 daraja o’zgarsa ham, endi foydasi yo’q. Allaqachon juda ko'p zarar keltirgan", - deydi Yusuf Ahmed.

"Yetar endi. Soliq pullarimizni bomba sotib olishga sarflab, falastinliklarni bombardimon qilish uchun Isroilga ko'proq harbiy yordam berishni istamaymiz. Yaxshisi, bu pullarni maktablarga berish kerak", - deydi Adam Abusaloh.

Siyosiy zarar ehtimoli prezidentlik poygasidan tashqariga ham chiqishi mumkin. Luqmonning aytishicha, Senat poygasida arab amerikaliklar asli falastinlik respublikachi Jastin Amashni qo’llashi mumkin. U poygada isroilparast demokrat Elissa Slotkinga qarshi qatnashmoqda.

“Michigandan respublikachi senatorni ham ko'raylik. Demokratik partiya prezidentlikdan ham ko‘proq narsa yo’qotadi”, - deydi u.

Agar ovozlar teng kelib qolsa, Michigandagi arab-amerikaliklar saylovda hal qiluvchi kuchga aylanishi mumkin.