Yaqin Sharq mamlakatlari bo’ylab safar qilayotgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bugun Isroilga bordi. Blinken G’azo urushining boshqa hududlarga, keng yoyilishining oldini olishga urinmoqda.
O’tgan jumadan beri AQSh rasmiysi Turkiya, Qatar, Iordaniya, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistonida bo’ldi, davlat rahbarlari bilan uchrashdi, Isroilda esa Prezident Isaak Gersog, Bosh vazir Benyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Yoav Gallant bilan ko’rishdi.
Blinken falastinliklarning G’azodan ko’chirilishiga qarshi ekanini bildirarkan, mintaqadagi musulmon davlatlardan G’azo kelajagida muhim rol o’ynashni so’ramoqda.
Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Blinken bilan uchrashuv chog’ida Isroil bilan diplomatik aloqalarni o’rnatishga hali ham imkon borligini, biroq buning uchun Isroil avval G’azoda harbiy harakatlarni to’xtatishi, Falastinda mustaqil davlat tuzilishiga yo’l berishi kerakligini aytgan.
Blinken Isroil rahbarlariga uning bu gapini yetkazgani aytilmoqda.
"Mintaqada bo’linish va mojarolarni emas, integratsiyani ko’rishni istardik. Buning uchun mustaqil Falastin davlati vujudga kelishi kerak. Bu oson bo’lmasligini, muammolar talay ekanini hamma tan olmoqda. Bu borada birgalikda ish ko’rishga kelishib oldik”, - dedi Blinken.
AQSh davlat kotibi Yaman xusiylarining Qizil dengizdagi tijoriy kemalarga hujumlariga chek qo’yish zaruratiga ham urg’u berdi.
"Bu butun boshli xalqaro hamjamiyat uchun bosh og’riq. Xusiylarning xorijiy kemalarga muntazam hujumlari hamma uchun tahdid. Dunyo tijoratining 15 foizi mana shu dengiz, undagi bo’g’oz orqali o’tadi. Xusiylar hujumlari oziq-ovqat, dori, yoqilg’ining qimmatlashishiga olib keladi. Kemalar aylanib o’tishga majbur. Dengizda erkin harakatlanish tamoyili xavf ostida. Barcha mamlakatlar xusiylardan hujumlarni to’xtatishni talab qilishi kerak”, - dedi Blinken.
Xusiylar Isroilning G’azodagi qatliomi to’xtasagina hujumlarini bas qilishini bildirgan.
Bugun G’azoning Xon-Yunus shahriga Isroil hujumida kamida ikki ayol o’lgan, yaradorlar shahardagi Yevropa kasalxonasiga yetkazilgan.
Shohida Tabasha ismli bir erkak imoratga havodan zarba berilib, jiyani va yana bir qarindoshi nobud bo’lganini aytadi.
“Falastinda, G’azoda harakatlanayotgan har bir narsa ularning nishoniga aylanyapti”, - deydi u.