AQSh Isroilning gumanitar yordam tashkilotlariga hujumini qoralamoqda

  • Amerika Ovozi

Jahon Markaziy Oshxonasi nodavlat-notijorat tashkilotining G'azoda Isroil hujumiga uchragan mashinasi

Tabiiy ofat va urush zonalarida mahalliy aholiga taom tarqatadigan Jahon Markaziy Oshxonasi nodavlat-notijorat tashkiloti G’azoda faoliyatini to’xtatdi. Isroil kuchlari ushbu guruh mashinalariga uyushtirgan hujum tashkilotning yetti xodimini hayotdan olib ketdi. Qurbonlar orasida ham AQSh, ham Kanada fuqaroligiga ega shaxs ham bor.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi voqeaga munosabat bilirdi:

“Isroil kuchlari G’azoda va butun dunyoda och-nahor aholiga taom ulashib kelgan gumanitar tashkilotning bir necha xodimini o’ldirganidan g’azabdamiz”, - dedi u.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 3-aprel, 2024-yil

Jahon Markaziy Oshxonasi tashkilotini mashhur oshpaz Xose Andres Vashington shahridan turib boshqaradi. Prezident Jo Bayden Andres bilan suhbatlashdi.

“Prezident tashkilot jamoasi dardiga sherik ekanini izhor qildi. Jahon Markaziy Oshxonasi G’azo va dunyo bo’ylab amalga oshirgan mislsiz yordamni olqishladi. Isroil hukumatiga gumanitar yordam xodimlari hayotini himoyalash shartligini uqtirishini bildirdi”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer.

Parijda Fransiya tashqi ishlar vaziri bilan ko’rishgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken gumanitar yordam ischilarini haqiqiy qahramonlar deb atadi.

“Isroil hukumati bilan to’g’ridan-to’g’ri muloqot qilib, tezkor, batafsil va xolis tergov o’tkazishga chaqirdik”, - deydi AQSh bosh diplomati.

Fransiya tashqi ishlar vazirning munosabati esa ancha dadil tonda yangradi.

“Avvalo, Jahon Markaziy Oshxonasining yetti xodimi o’limiga sabab bo’lgan Isroil hujumini keskin qoralashimizni ma’lum qilaman. Gumanitar soha xodimlarini himoyalash barcha uchun ma’naviy va yuridik majburiyat”, - dedi diplomat Stefan Sejurne.

Isroil harbiylari seshanba kuni yuz bergan voqea yuzasidan afsusda ekanini bildirib, tergov eng yuqori darajada ko’rib chiqilayotganini bildirdi.

G’azo aholisi ocharchilik domida ekan, Jahon Markaziy Oshxonasi tashkiloti Isroil kuchlari bilan kelishilgan reja va marshrut asosida harakatlanganiga qaramay, xodimlariga hujum uyushtirilganini qoralamoqda.