Dushanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiya qabul qilib, Isroil va XAMASni darhol sulhga chaqirdi. Kengashga a’zo 10 mamlakat taklif etgan loyihaga 15 ta a’zo mamlakatdan 14 tasi ovoz berdi, Qo’shma Shtatlar betaraf bo’ldi.
Bungacha bu kabi hujjatlarga veto qo’ygan AQShning kechagi harakati Isroilga yoqmadi. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu yaqin kunlarda AQShga borishi kutilayotgan yuqori martabali delegatsiya safarini bekor qildi. Isroil vakillari Oq uyda Rafahga qo’shin kiritish rejasini muhokama qilishi rejalangan edi.
Netanyaxuga ko’ra, AQShning loyihaga veto qo’ymagani oldingi majburiyatlaridan chekinish bo’lib, Isroilning urushda g’alaba qozonish hamda 130 dan ortiq odamni garovdan chiqarish harakatlariga pand beradi.
"Berilgan ovoz siyosatimiz o’zgarganidan dalolat emas”, - dedi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.
Yaqingacha “sulh” so’ziga qarshi bo’lib kelgan Qo’shma Shtatlar sulhga chaqiruvchi oldingi uchta rezolyutsiya loyihasiga veto qo’ygan.
Biroq Bayden ma’muriyatining Yaqin Sharq siyosatidan AQShda norozilikning kuchayishi hamda Isroil harbiy harakatlari sabab G’azoda ochlik ehtimolining oshishi bu galgi ovoz berishda AQShni Xavfsizlik Kengashidagi aksariyat a’zolar pozitsiyasini inobatga olishga majburladi.
AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfildning aytishicha, Qo’shma Shtatlar hujjatdagi ayrim muhim bandlarni qo’llab-quvvatlaydi, garchi XAMASni qoralamagan rezolyutsiya matniga to’liq qo’shilmasa-da.
Isroil elchisi Gilad Erdan urush G’azoda o’z-o’zidan boshlanmaganini, unga XAMAS turtki berganini, Isroil urushni istamaganini aytdi.
XAMAS rezolyutsiga qabul qilinganini olqishladi, mahbus almashishga tayyor ekanini bildirdi.
Isroil sulh talabini bajarmasa, Xavfsizlik Kengashi qanday chora ko’rishi hozircha ma’lum emas.
Hujjatda, shuningdek, G’azoda tinch aholiga gumanitar yordam ko’lamini kengaytirish zaruratiga urg’u beriladi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilni gumanitar yordamga g’ov bo’layotgan barcha to’siqlarni olib tashlashga, gumanitar yuk ortilgan BMT karvonlariga sektorning shimoliy qismiga o’tishga ruxsat berishga chaqirdi.
Agar tezkor chora ko’rilmasa, BMTning o’tgan hafta chop etilgan hisobotiga ko’ra, G’azo shimoli may oyigacha ochlikka uchrashi, iyulga borib esa ochlik butun sektor bo’ylab tarqalishi mumkin.
"Bu burilish nuqtasi bo’lishi kerak, sektor aholisini qutqarishi kerak”, - dedi Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansur.
Seshanba kuni Isroil Rafahni yana havodan nishonga olgan. G’azo Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, hujumda 17 odam o’lgan. Aksariyati bolalar.
"Yaqinlarim bu tongda uyg’onmadi. Bu dunyoda birorta yaqinim qolmadi”, - deydi hujumda qarindoshlaridan ayrilgan bir ayol.