Hindistonda saylov: Bosh vazir nazarida musulmonlar "kelgindi"

  • Amerika Ovozi

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi millatchilikda ayblanadi

Hindistonda parlament saylovi davom etar ekan, hukumat rahbari millatchilikda tanqid qilinmoqda. Muxolifat nazarida Bosh vazir Narendra Modi musulmonlarga kelgindilar deb qaraydi va shu tariqa aholi orasida ularga nisbatan nafrat urug'ini sochmoqda.

Kongress partiyasi Modi ustidan Saylov komissiyasiga shikoyat qilgan. Unda bosh vazir saylovchilarni musulmonlarga qarshi qayrayotganlikda ayblanadi.

10 yildan beri hokimiyatni boshqarayotgan Modi Hindistonning boy madaniyati va xilma-xil jamiyatiga zarar keltirmoqda, deydi oppozitsiya a'zolari. Diniy tolerantlik darajasi tushib ketgan va bunda Modining "Bxaratiya Janata" partiyasi aybdor, deydi ular.

Rajastan shtatidagi nutqida Modi Kongress hokimiyatda bo'lgan paytda musulmonlar har narsaga xo'jayinlik qiladi, degan. Ular boshqaruvga qaytsa, boyliklarni o'zaro bo'lib oladi, deya ta'kidlagan bosh vazir.

"Ular kelgindilar orasida taqsimlanadi. Siz ter to'kib topgan mablag'ingiz kelgindilarga berilsinmi?"

Saylov tadbiri, Chennay, 15-aprel, 2024

Modining bu kabi so'zlari nafrat va haqorat deya talqin qilinib, Kongress bosh vazirga nisbatan chora ko'rishni so'ramoqda.

Bir necha haftalik saylov natijalari 4-iyungacha aniqlanmaydi. Qonun hech kimni kamsitmaslikni va o'zaro hurmat asosida faoliyat yuritishni talab qiladi.

Qonunchi Asaduddin Uvaydiy fikricha, Modi hindularga musulmonlarni ezishni va'da qilgan va so'zida turibdi. U kabi musulmon faollar bugungi Hindistonni ijtimoiy beqaror jamiyat deb ta'riflaydi.

Modi davrida musulmonlarga xurujlar oshgan. Ularning bizneslari va mulklariga tajovuzlar, masjidlarga hujumlar, hatto ularni yo'q qilish kerak, degan chaqiriqlar avj olgan.

Modi va uning hukumati esa hech kim kamsitilmayapti, deya bong urib kelmoqda. Bosh vazir hindular ko'pchilik ekanini bot-bot tilga oladi. Lekin unga ko'ra, ko'pchilikning manfaatlari haqida gap ketayotgani ozchilik chetga surilmoqda, degani emas.

Manipur shahridagi saylov uchastkasi, 22-aprel, 2024

Saylov komissiyasi shikoyatlarni asosli deb topsa, ayblanuvchilarga tanbeh berishi, ogohlantirishi yoki saylov ro'yxatidan chiqarib tashlashi mumkin.

Hozircha komissiya jim. Modi nutqlarida musulmonlar ataylab ko'paymoqda, degan nazariyani olg'a suradi. Uningcha, maqsad - Hindistonni musulmonlashtirish, ko'pchilikka aylanish.

1,4 milliardlik aholining 80 foizi hindular, 14 foizi musulmonlar. Statistika musulmonlar orasida tug'ilish pasayganini ko'rsatadi, ammo hindulardan sal yuqori.

Modi tarafdorlari deydiki, keldindi deganda Pokiston va Bangladeshdan kelganlarga ishora qilinadi. Biroq bunday gaplar jamiyatda ziddiyatlarni oshiradi, musulmonlarga bosimni kuchaytiradi, deydi tahlilchilar.

Modining o'zi uning so'zlari qanday talqin qilinayotgani yuzasidan biror savolga javob bermaydi.