Breaking News

Hindiston musulmonlari hukumatni diniy ayirmachilikda ayblamoqda


Hindiston musulmonlari o'tkazgan norozilik namoyishi
Hindiston musulmonlari o'tkazgan norozilik namoyishi

Hindiston hukumatining 2019-yilgi fuqarolik to'g'risidagi qonunini ijroga kiritishga doir qoidalar mamlakatda noroziliklarni keltirib chiqarmoqda. Ko'pchilik uni kelgusi oyga rejalashtirilgan umumiy saylovlar oldidan jamiyatni qutblashtirishga xizmat qilishini aytmoqda.

Fuqarolikka tuzatishlar toʻgʻrisidagi qonunga koʻra, 2014-yil dekabrdan oldin musulmonlar koʻpchilikni tashkil qiluvchi Bangladesh, Pokiston va Afgʻonistondan qochib Hindistonga kirgan diniy ozchiliklar tezlashtirilgan tartibga Hindiston fuqaroligini olishiga ruxsat beriladi.

Tanqidchilar, jumladan, huquq guruhlari, muxolif siyosiy partiyalar va musulmon jamiyati yetakchilari nazarida, qonun faqat musulmon bo'lmaganlarga taalluqli vas hu bois musulmonlarni kamsitadi.

O'tgan hafta qoidalar e'lon qilinishi ortidan Xalqaro Amnistiya qonunni tenglik va xalqaro inson huquqlariga zid keladigan hamda kamsituvchi deb ta'rifladi.

“Reyter” axborot agentligi BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasi matbuot kotibidan iqtibos keltirgan holda yozishicha, qonunni "kamsituvchi xususiyatga ega va Hindistonning inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarini buzadi".

Hindiston Ichki ishlar vaziri Amit Shoh qonunni himoya qilib, uni uchta mamlakatdan ta'qib qilingan ozchiliklarni himoya qilish uchun mo'ljallangan "maxsus harakat" deb atadi va uning Hindiston musulmonlariga hech qanday aloqasi yo'qligini aytdi.

"Hind musulmonlari qonundan qo'rqmasliklari kerak. Unda hindlarning fuqarolik huquqidan mahrum qilish sharti yo‘q”, - dedi Shoh.

Hindular, buddistlar, sikxlar, jaynlar, parsislar va nasroniylarga, qonunga ko'ra, Hindiston fuqaroligiga kirishga ruxsat beriladi. Yahudiylar va baxailar ko'rsatilgan ozchiliklar qatoriga kiritilmagan.

Ushbu chora 2019-yilda tasdiqlangan bo'lsa-da, yuz minglab odamlar ko'chalarga norozilik bildirib chiqqanidan keyin, Modi hukumati uni amalga oshirishni to'xtatib qo'ygan edi.

Namoyishlar Dehli va boshqa joylarda zo'ravonliklarning avj olishiga olib keldi. Natijada minglab namoyishchilar hibsga olindi va 100 dan ortiq kishi halok bo'ldi. Qonun ijrosi “COVID-19” pandemiyasi avj olganligi sababli yanada kechiktirildi.

Hindiston fuqaroligi to'g'risidagi qonunga asosan, barcha chet el fuqarolari pasport olish huquqiga ega bo'lishdan oldin Hindistonda 11 yil qolishlari kerak. Bu qonun dinni fuqarolik huquqini belgilovchi omil deb hisoblamagan.

Yangi qonunga ko’ra, qayd etilgan dinlarning izdoshlari endi Hindistonda besh yil qolgandan keyin fuqarolik olish uchun ariza berish huquqiga ega bo'ladi. Mamlakatda birinchi marta din odamlarning fuqarolik olish huquqiga ega bo'lishi uchun asos qilib qo'yildi.

Ichki ishlar vazirining tinchlantirishlariga qaramay, qonunning amalga oshirilishi Hindistonning 200 million musulmonlari, ayniqsa, ayrim chegara shtatlarida yashaydigan musulmonlar, agar ular aniq hujjatlarni taqdim eta olmasa, fuqaroligi bekor qilinishi mumkinligiga oid xavotirlarni kuchaytirdi.

Xalqaro Amnistiya hisobotida ta'kidlanishicha, "chet ellik" ekanligi aniqlangan shaxslar hibsxonalarga yuboriladi.

Qonun Hindiston fuqarolari milliy reestriga kiritilmagan nomusulmon shaxslarni deportatsiya va hibs tahdidlaridan himoya qiladi, ammo musulmonlarga nisbatan bunday xavfsizlik berilmagan.

Qoidaning to'satdan, 19-apreldagi umumiy saylovlarga bir necha hafta qolganda amalga oshirilishi, tanqidchilarga ko’ra, hindularni faollashtirib, saylovda Bosh vazir Narendra Modi hukumati ustunligini ta’minlashga qaratilgan.

"Ozchilikdagi uyg'ur va rohinja musulmonlari o'nlab yillar davomida qo'shni Xitoy va Myanmada ta'qiblarga duchor bo'lib, boshqa davlatlardan boshpana izlamoqda, - deydi Dehli ochilik komissiyasi sobiq rahbari Za’farul Islom Xon "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. - Agar qonun Hindiston atrofidagi barcha ta'qib qilinadigan ozchiliklarni himoya qilishni maqsad qilgan bo'lsa, u musulmonlarni ham o'z ichiga olishi kerak edi. Bu, shubhasiz, musulmonlarga qarshi qonundir”.

Hukumatning ta'kidlashicha, qonun musulmonlarga qarshi emas va konstitutsiyaga zid kelmaydi.

"Ushbu qonun subkontinentning bo'linishi paytida Afg'oniston, Pokiston va Bangladeshda qolib, u yerda diniy ta'qiblarga duchor bo'lgan va keyinchalik Hindistonga kelganlarga yordam beradi", - dedi Ichki ishlar vaziri Shoh.

Qo'shma Shtatlar yangi qonundan "xavotirda" ekanligini bildirdi.

Hindiston musulmonlari Modining g'alabasi haqida nima deydi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:19 0:00

“Biz ushbu qonun qanday amalga oshirilishini diqqat bilan kuzatib boramiz. Diniy erkinlikni hurmat qilish va barcha jamoalar uchun qonun ostida teng munosabatda bo‘lish asosiy demokratik tamoyillardir”, - dedi Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller kundalik matbuot brifingida.

Hindiston AQSh Davlat departamentiga e’tiroz bildirib, bu xavotirlarni asossiz deb atadi.

"Qonun fuqarolikni olib qo'yish emas, balki fuqarolik berish bilan bog'liq. U fuqarolik yo'qligi muammosini ko'rib chiqadi, inson qadr-qimmatini ta'minlaydi va inson huquqlarini qo'llab-quvvatlaydi ", - dedi Hindiston Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Randir Jaisval.

U, shuningdek, bu masala Hindistonning "ichki ishi" ekanligini ta'kidladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG