Breaking News

Kashmirda tibetlik musulmonlar jamoasi gullab-yashnamoqda


Kashmirdagi tibetlik musulmonlar maktabi, Srinagar, 2023-yil, 27-may
Kashmirdagi tibetlik musulmonlar maktabi, Srinagar, 2023-yil, 27-may

Oltmish yil avval Hindistonga qochib kelgan tibetliklar yashovchi Dxaramsaladan bir necha yuz kilometr uzoqlikda, Hindiston nazoratidagi Jammu va Kashmirning yozgi poytaxti hisoblanadigan Srinigar shahrida Tibet musulmonlarining o’ziga xos jamoasi bor.

Hindistonning aholisi eng ko‘p musulmonlar yashaydigan mintaqasida dindoshlar sifatida kutib olingan 1500 ga yaqin tibetlik bir necha o’n yillardan beri o‘z madaniyati va an’analarini saqlab kelmoqda. Shu bilan birga, ular tayyorlaydigan taomlar va restoran bizneslari mahalliy kashmirliklar orasida tobora ommalashib bormoqda.

Lxasa restorani menejeri Ahmad Kamol Zarifning so'zlariga ko'ra, yosh kashmirliklar Tibet taomlarini, ayniqsa, bug'da pishiriladigan chuchvarani sevib iste’mol qiladi.

“Asosiy mijozlarimiz kashmirliklar”, - dedi Zarief “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

"Mening otam o'zining tibetlik ildizlarini qadrlagan, - deya eslaydi Zarif. - Tibet oshxonasi uning ajdodlari hayotiga eshik bo'lib xizmat qilgan; uni oilasi va bolalik xotiralari bilan bog'lagan. Bu restoran orqali otam o‘sha qadrli onlarni qayta boshdan kechirib, taskin topdi”.

1959-yilda Pekinga qarshi muvaffaqiyatsiz qoʻzgʻolon bostirilgach, Xitoy qoʻshinlari Lxasa ustidan nazoratni qoʻlga kiritdi. Shundan soʻng ko’plab tibetliklar musulmonlar Kashmirga ko’chib o’tdi. Bu yangi joyga kelish emas, aslida vatanga qaytish edi, deya tushuntiradi Srinigardagi Tibet davlat maktabi sobiq direktori Omonulla Malik.

Bir necha asrlar oldin, deydi Malik, jamoaning ajdodlari Kashmirdan Lxasaga ko'chib o'tgan va u yerda tibetlik ayollarga uylangan, tibet tilini o'rgangan va alohida jamoa tashkil etgan.

“Biz hech qanday to‘siqlarsiz dinimizga e’tiqod qilish, masjidimizni qurish va biznes yuritish erkinligidan bahramand bo‘ldik”, - deydi u.

Kashmirga kelganlarning ko'pchiligi Srinagardagi 18-asrga oid Hari Parbat qal'asi yaqiniga joylashdi. Hozir bu mahallada ko'plab Tibet restoranlari joylashgan.

Ular orasida Muhammad Yusuf Dalba boshqaradigan kashtachilik do‘koni ham bor. Dalbaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, muhim marosimlarda taqiladigan, oltin va kumush iplar bilan bezalgan an’anaviy ayollar choponini tayyorlash uchun uch kun kerak bo‘ladi.

Garchi keng tarqalgan bo'lmasa-da, tibetliklar va kashmirliklar o'rtasida jamoalararo nikohlar ham mavjud. Yoshi 30 dan oshgan Nig‘hat Qozi tibetlik yigit bilan turmush qurgan va uch farzandi bor.

2011-yilda Qozi o'z jamoasidan tashqaridagi insonga turmushga chiqqanida oilasi tomonidan qarshilikka duch keldi. Biroq "hozir oilam va butun urug'im xursand va mening qarorimni qadrlashadi", deydi u.

Yosh tibetliklar o‘z ota-bobolari vataniga qaytish umididan voz kechgan ko‘rinadi. Tibet hozir Xitoy nazorati ostida. Bu o’zgarish ularning turmush tarzida namoyon bo'ladi, chunki ular Kashmir xalqining urf-odatlari va tilini tobora ko'proq qabul qilib bormoqda.

2012-yilda Dalay Lama nutq so‘zlagan Tibet davlat maktabida o‘quvchilarning aksariyati mahalliy kashmirliklar. 7-sinf o‘quvchisi Fotima Trambu “Amerika Ovozi” bilan suhbatda taekvondoni yoqtirishini, lekin ota-onasi uning shifokor bo‘lishini xohlayotganini aytadi.

"Men bu narsalarni kashmirlik do'stlarim bilan xavotirsiz baham ko’raman va do'stlarimning aksariyati kashmirliklar", - deydi Trambu.

“Kelajak avlodni kuzating. Ular chetdan kelganlaridan hatto bexabar. Tibet merosiga ega bo'lishlari mumkin, lekin ularning xatti-harakatlari, tili va afzalliklari aniq kashmiriydir”, - deydi Malik.

Shunga qaramay, deydi Zarif, tibetliklar o'z milliy tillarini saqlab qolishgan.

"Uyda biz o'z tilimizda gaplashamiz va bu tibet tilining eng yaxshi lahjalaridan biri", - deydi u.

Kashmirda oltmish yildan ortiq yashayotganlariga qaramay, tibetliklar Hindiston fuqaroligini va doimiy yashash huquqini Hindiston federal hukumati 2019-yilda mintaqaning yarim avtonom maqomini bekor qilgandan keyingina qo’lga kiritdi.

Bu qaror mintaqada ko’pchilikni g'azablantirdi. Natijada xavfsizlik choralari kuchaytirildi; ba'zi mahalliy bo'lmagan jamoalarga jangarilar tomonidan hujumlar sodir etildi. Lekin tibetliklar biror tarzda aziyat chekkani haqida ma’lumot yo’q.

“Kashmirda boʻlgan paytimiz davomida hech qachon taʼqib qilinmaganmiz. Kashmirliklar ajoyib mezbonlar va bizga yaxshi munosabatda bo‘lishdi”, - deydi Zarif.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG