Gruziya fuqaro jamiyati va mediani jilovlashda Rossiya izidan ketmoqda

  • Amerika Ovozi

Tbilisida norozilik namoyishlari, 1-may, 2024

Yevropa ittifoqiga kirish orzusidagi Gruziyada hukumatga qarshi namoyishlar avjida. Yoshlar yetakchiligidagi chiqishlarda o'qimishli qatlam faol qatnashib, ular tuzumni fikr va so'z erkinligini bo'g'ishga urinayotganlikda ayblamoqda.

O'nlab ming namoyishchini tarqatish uchun politsiya kuch ishlatmoqda, o'nlab fuqarolar jarohatlangan. Bosimlar oshgan.

Parlamentda muhokamadagi qonun loyihasiga ko'ra, 20 foizdan oshiq molyasini chetdan oladigan tomon maxsus ro'yxatga qo'yilib, xorijiy manfaatlarni targ'ib qilayotgan tashkilot deb hisoblanadi.

Bu loyiha Rossiya va Qirg'izistonda amaldagi qonunlarga o'xshash. Ekspertlar talqinicha, tashqi dunyodan grant olsangiz, davlatga qarshi harakatdasiz yoki unga tahdid solayapsiz, degan gumon bilan organlar sizni istagan paytida tekshirishi mumkin.

Tajribali jurnalist Nino Zuriashvilli "Studio Monitori" degan media tashkilotni yuritadi. Uning jamoasi surishtiruvlar bilan band. Bunday faoliyat uchun mablag' kerak va uni G'arb fondlari beradi.

O'tgan 30 yil mobaynida Gruziya AQShdan 6 milliard dollarga yaqin yordam olgan. Uning katta qismi xavfsizlik va demokratiya uchun berilgan.

Zuriashvilli deydiki, bu moliya Gruziya manfaatlari uchun xizmat qilgan.

“Biz qilayotgan materiallar xalqimiz uchun, masalan, u qanday havoda nafas olayapti, daryo va o'rmonlar qay ahvolda, sudlar qanchalik mustaqil, korrupsiya va nepotizm, hukumat xalq pulini qanday sarflayapti, shularni o'rganamiz".

"Grantlar Gruziya taraqqiyotini ta'minlab turganida, nega ular xorijiy manfaatga bog'lanmoqda?" - deya so'raydi jurnalist.

Xalqaro tashkilotlar, jumladan inson huquqlari himoyachilari Gruziya hukumatini hozirgi yo'lidan qaytishga undamoqda.

“Bu loyiha oshkoralik uchun emas, media mustaqilligiga qarshi harakat", - deydi Rikardo Gutiyerrez, Yevropa jurnalistlari federatsiyasi bosh kotibi.

"Maqsad jurnalistlarni qo'rqitish, toki ular o'zini cheklasin va hukumatni tanqid qilmasin, tekshirmasin".

Tbilisi, 3-may, 2024

Yevropa ittifoqi bunday qadamlar a'zolik uchun salbiy ta'sir qilishi, blokka kirishni yanayam kechiktirishi haqida ogohlantirgan.

Hukumat esa bu xavotir va tanqidlarni asossiz deb biladi. Bosh vazir Irakli Kobaxidze G'arb rasmiylarini va tashkilotlarini vahima ko'tarayotganlikda, jamoatchilikni adashtirayotganlikda, urush propagandasi va psevdo-liberal mafkurani yoyayotganlikda ayblamoqda. Uningcha, bu kabi harakatlar gruzin milliy va diniy manfaatlariga zid.

"Gruziya orzusi" deb ataluvchi partiya lideri, Bidzina Ivanishvili nazarida xorijdan mablag' olgan nohukumat tashkilotlar suverenitetga tahdid soladi. Ivanishvili ularni chet el razvedkasiga yordam berayotganlikda gumon qiladi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasidan Gulnoza Said deydiki, bu gaplar Rossiyani eslatadi va avtokratlarga xos.

"Bu loyiha demokratik tamoyillarga qarshi", - deydi Said.

26-oktabrda Gruziyada parlament saylovlari kutilmoqda. Hujjat ungacha kuchga kirishi mumkin.

Matbuot erkinligi ro'yxatida Gruziya 180 mamlakat ichida 77-o'rindan 103 ga tushgan.