Rossiyaning yuqori martabali harbiy amaldorlari nega hibsga olinmoqda?

  • Amerika Ovozi

O‘tgan oy Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari hibsga olindi. Keyin vazirlikning kadrlar boshqarmasi boshlig‘i sudga tortildi. Shu haftada yana ikki yuqori martabali harbiy hibsga olingan. Ularning barchasi korrupsiyada ayblanmoqda, biroq ayblanuvchilar aybini tan olmayapti.

Hibsga olishlar Prezident Vladimir Putin beshinchi muddatga saylanishi va uning ittifoqdoshi, uzoq yillik mudofaa vaziri Sergey Shoyguning yangi lavozimga ko’tarilishidan keyin boshlangan.


Bu holat Putinning Ukraina urushi davrida Mudofaa vazirligi ustidan nazoratni qayta tiklashga urinayotgani yoki harbiylar va xavfsizlik xizmatlari o'rtasida ta'sir doiralari uchun kurash avj olgani yoxud Kreml devorlari ortida boshqa qandaydir o‘yinlar yuz berayotganiga doir savollarni o’rtaga chiqarmoqda.

Qamoqqa olinishlarning sabablari va ular nega hozir sodir bo‘layotganiga nazar tashlaymiz.

Rossiyada korrupsiya qay darajada jiddiy?

Rossiyada korrupsiya mojarolari yangilik emas; amaldorlar va yuqori mansab egalari o'nlab yillar davomida o'z mansablarini suiiste’mol qilganlikga ayblanib keladi.

Rossiyada poraxo’rlik odatiy holga aylangan.

“Bu "sodiqlikni rag'batlantirish va odamlarni bir “tom ostida” bo'lishga undash", shuningdek, nazorat qilish usuli”, - deydi Yevropa siyosatini tahlil qilish markazining Demokratik barqarorlik bo’limi direktori Sem Grin.

Buni ham ko'ring Ukraina urushida NATOni ayblovchi Rossiya propagandasi avj olmoqda

“Putin har kimning "o’z shkafida skeleti" bo'lishini xohlaydi”, - deydi Xavfsizlik bo'yicha ekspert Mark Galeotti. - Agar hukumatning asosiy amaldorlarga nisbatan kompromatlari bo'lsa, u kimni va qachon nishonga olishni tanlay olishi mumkin”, - deya qo'shimcha qiladi u.

Korrupsiya – "tizimning mohiyatidir", - deydi Londondagi Xalqaro strategik tadqiqotlar institutining katta ilmiy xodimi Nayjel Guld-Devis.

Ukrainadagi urush mudofaa xarajatlarining ko'payishiga olib keldi; bu esa yulg’ichlikka imkoniyatni oshirdi.

Kimlar hibsga olindi?

Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Timur Ivanov - aprel oyida hibsga olingan birinchi va hozircha eng yuqori martabali amaldor. U harbiy sohaga oid yirik qurilish loyihalarini nazorat qilgan va katta miqdordagi pul aylanmasiga ega bo‘lgan. Bu loyihalardan biri Ukrainaning vayron bo‘lgan Mariupol port shahri ayrim qismlarini tiklashni o’z ichiga olgan.

Marhum muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy boshchiligidagi jamoa 48 yoshli Ivanov va uning oilasi qimmatbaho ko‘chmas mulkka ega bo‘lib, hatto urush boshlanganidan keyin ham dabdabali ziyofatlar o‘tkazib, xorijga sayohat qilganini da’vo qilgan. Shuningdek, Ivanovning rafiqasi Svetlana sanksiyalardan qochish va dabdabali hayot tarzini davom ettirish uchun 2022-yilda u bilan ajrashgani aytiladi.

Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov so‘nggi hibsga olishlar korrupsiyaga qarshi “kampaniya” emas, balki “barcha davlat organlari”da olib boriladigan odatiy jarayon ekanligini aytdi.

Bir paytlar Peskov va Ivanov bir davrada o’tirgan. Navalniy jamoasi Kreml matbuot kotibi 2022-yilda Ivanov sobiq rafiqasining tug‘ilgan kunini nishonlayotgan suratlari bilan bo‘lishdi. Videoda Peskov Ivanov bilan birga narxi 85 ming dollarga baholangan soat taqib turganini ko‘rish mumkin.

Aprel oyida Rossiya huquq-tartibot idorasi bo‘lmish Tergov qo‘mitasi Ivanov katta miqdordagi pora olishda gumon qilinayotgani haqida xabar bergan edi. Bu jinoiyat isbotlansa, 15 yilgacha qamoq jazosi belgilanadi.

Poraxo'rlikda ayblanib, boshqa hibsga olinganlar orasida Mudofaa vazirligi kadrlar boshqarmasi boshlig'i general-leytenant Yuriy Kuznetsov, harbiy xizmatchi va Ukrainaning sobiq bosh qo'mondoni general-mayor Ivan Popov hamda Harbiy Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovning o‘rinbosari general-leytenant Vadim Shamarin ham bor.

Buni ham ko'ring Rossiya Arktika uchun kurashni kuchaytirmoqda

Shu kunlarda vazirlikning beshinchi xodimi — Mudofaa xaridlari departamenti boʻlimini boshqargan Vladimir Verteletskiy ham hibsga olingani xabar qilindi. Tergov qo'mitasi unga 70 million rubldan ortiq pulni (taxminan 776 ming dollar) o’zlashtirib, mansab vakolatini suiiste'mol qilish aybini qo’ygan.

Shuningdek, rus ommaviy axborot vositalarining xabariga ko’ra, Moskva viloyati bo'yicha federal qamoqxona xizmati boshlig'ining o'rinbosari Vladimir Telayev ham yirik miqdordagi poraxo'rlikda ayblanib hibsga olindi.

Hibslar nega shu kunlarda bo’lmoqda?

“Hibslar Mudofaa vazirligida “dahshatli darajadagi" korrupsiyaga ortiq toqat qilinmasligini bildiradi”, - dedi Londondagi Birlashgan Qirollik Xizmatlar institutining Rossiya iqtisodiyoti bo'yicha mutaxassisi Richard Konnolli.

Putin inauguratsiyasidan ko‘p o‘tmay, Shoyguni mudofaa vaziri lavozimidan bo‘shatib, uning o‘rniga iqtisodchi Andrey Belousovni tayinladi. Peskovning aytishicha, Rossiyaning ortib borayotgan mudofaa byudjeti mamlakatning keng ko’lamli iqtisodiyotiga mos kelishi kerak.

Peskovning aytishicha, Rossiyaning mudofaa byudjeti yalpi ichki mahsulotning 6,7 foizini tashkil qiladi. Bu daraja Sovet davridan beri ko‘rilmagan.

“Buni oqilona sarflash kerak”, - deydi Konnolli.

Belousovning tayinlanishi – Kremlning yuqoridagi masalalarga e’tibor qaratilishi kerakligini beixtiyor tan olganidir”, - deydi Guld-Devis.

Urushni to’g’ri boshqarish Rossiya iqtisodiyoti uchun juda muhim. Ruslar mudofaa sektori jadal rivojlanib borayotgani tufayli yuqori maosh olmoqda. Bu inflyatsiya bilan bog'liq muammolarni keltirib chiqargan bo'lsa-da, Putinga turmush darajasini oshirish bo'yicha va'dalarni bajarishda davom etish imkonini beradi.

Grinning ta'kidlashicha, hukumat "iqtisodni ushlab turish uchun urushni davom ettirishi" kerak, ammo xarajatlar va korrupsiya keragidan yuqori bo’lmasligini ta'minlashi kerak.

Konnollining ta'kidlashicha, yangi Mudofaa vaziri Belousovning o'zidan oldingi vazir sheriklarini tozalashi “endi hammasi boshqacha bo’ladi” degan ma’noni bildirishi mumkin.

Popov ishi boshqacha bo'lishi mumkin. U Ukrainada jang qilgan va 2023-yilda Prigojin kabi Mudofaa vazirligini tanqid qilgani va qurol yetishmasligi hamda yomon ta'minot liniyalari sababli ko'plab ruslarning qurbon bo'lishida ayblagani uchun lavozimidan chetlatilgan.

Hozir aynan shu tanqid va ayblovlarning oqibati bilan to’qnashyapti.

Buni ham ko'ring Rossiya Ukrainada qancha askarini boy berdi?

Bu ta’sir doirasi uchun jang bo’lishi mumkinmi?

Hibslarni boshqarayotgan kuch Kremlmi yoki Rossiya xavfsizlik xizmatlari, xususan Davlat xavfsizlik xizmatimi; hozircha bu noma’lum.

Ehtimol, Putindan yetarlicha uzoqda bo'lgan amaldorlar yangi mudofaa vazirini tayinlash bilan bog'liq bo'lmagan urush o'rtasida qolib ketgan bo'lishi ham mumkin.

Grinning aytishicha, xavfsizlik xizmatlari Putinning 2022-yilda Ukrainaga bostirib kirishni buyurganidan beri kuzatilayotgan harbiylar ustunligiga "qarshi turishga" harakat qilayotgan bo'lishi mumkin.

Kreml har qanday tozalash ishlari olib borilayotganini inkor etsa-da, “agar Putin istamaganida, bu ishlar sodir bo‘lmasdi”, - deydi Grin.

Kelajakda nima kutmoqda?

“Yangi mudofaa vaziri korrupsiyani jilovlash va unga qarshi kurashda jiddiy ekanligini ko’rsatish uchun yana hibsga olishlar bo’lishi mumkin”, - dedi Konnolli.

"Tajribali" tergovchilar esa generalga qarshi jinoiy ish qo'zg'atishni martaba zinalaridan ko'tarilish uchun ajoyib imkoniyat deb qarashlari ham mumkin”, - deya qo’shimcha qiladi Grin.

Ammo korrupsiya shu qadar keng tarqalganki, unga qarshi kurash tizimlarda vahima qo’zg’atib qo’yishi ham mumkin.

Agar hibsga olishlar davom etsa yoki Mudofaa vazirligidan tashqaridagilar ham qamoqqa olinishni boshlasa, bu amaldorlarning "chiqish yo‘lini izlashlariga" olib kelishi mumkin, Kreml esa aynan shundan qochishni istaydi, deydi Grin.

“Butun tizimning o’zi korrupsiya asosida qurilgani sababli, unga qarshi qattiq hujum uning parchalanishiga olib kelishi mumkin”, - deya qoshimcha qiladi u.