Bayden-Tramp dueli: Qurol nazorati qanday bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

Pensilvaniya shtatida sotuvga qo'yilgan "AR-15" qurollari

11-iyun kuni Prezident Jo Bayden qurol nazoratini kuchaytirish uchun faollar yordamiga muhtoj ekanini aytdi.

“Qurol nazoratiga qarshi lobbichilar, qurol ishlab chiqaruvchilar va siyosatchilardan ustun kelishimiz lozim”, - dedi prezident.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 19-iyun, 2024

Bayden qisqa muddatda ko’p o’q uzishga qodir hujum qurollariga federal taqiq o’rnatishga chaqirib keladi. Qurolli jinoyatlarga qarshi byuroni yopishga urinayotgan muxolif respublikachilarni tanqid qiladi.

“Huquq-tartibot organlari tarafdorimiz deya bong urib, qurolli jinoyatlarga qarshi byuroni yopa olmaysiz”, - deydi Bayden.

So’rovlarga ko’ra, AQSh aholisining uchdan bir qismi o’qotar qurolga ega.

AQShning nufuzli qurol lobbichisi bilan muloqotda Donald Tramp Baydenni qoraladi.

“Bayden rejimi yana to’rt yil davom etsa, qurollarni tortib olishi tayin”, - dedi u.

Tramp qayta saylansa, AQSh Konstitutsiyasiga Ikkinchi tuzatishda qayd etilgan qurolga egalik huquqi kafolatlanishini aytadi.

“Bayden hokimiyatda qolsa, mamlakat har sohada vayron bo’ladi. Ikkinchi tuzatish toptaladi. Men bilan esa muammo chiqmaydi”, - deydi u.

Milliy qurol assotsiatsiyasida so’zlar ekan, Tramp qurol egalari uni qayta saylashini aytdi.

“Ular buyuk vatanparvar. Birga aql bovar qilmas ishlar qilamiz. Misli ko’rilmagan darajada g’alabaga erishamiz”, - dedi u.

Bayden nazdida, aynan zaif qurol nazorati uchun Tramp qayta saylanmasligi lozim.

“Avvalgi rahbar qurollar bo’yicha hech narsa qilmaganidan faxrlanishini aytdi, aynan hech narsa qilmagani uchun vaziyat keskin yomonlashdi”, - dedi Bayden.

Sud hay’ati prezidentning o’g’li Xanter Baydenni qurolga noqonuniy egalik qilganlikda aybdor topgan.

Jo Bayden o’g’lining sudi borasida gapirmay keladi. Biroq yozma bayonot berib, sud hukmini xurmat bilan qabul qilishini aytgan. 1,4 million dollarlik soliqni to’lamaganlikda ayblanayotgan Xanter Baydenni sentabrda Kaliforniyada yana bir sud ishi kutib turibdi.