AQSh Prezidenti Jo Bayden Oq uyda bo'lib o'tgan matbuot anjumanida prezidentlik saylovida demokratlar nomzodi sifatida qatnashish ahdida qat'iy ekanini ta'kidladi.
"Men yaxshi nom qoldirish uchun qilmayapman bu ishni. Men boshlagan ishimni oxiriga yetkazish uchun saylovda qatnashyapman", - dedi Bayden.
Prezident keksayishi bilan bog'liq muammolar tufayli saylovda respublikachi raqibi Donald Trampga imkoniyatni boy berishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni rad etdi.
"Qilgan ishlarimga qarang, - dedi u. - Agar men sekinlashgan bo'lsam, bu ishlarni uddalay olmagan bo'lardim. Bu narsaning hech qanday alomati ko'rinayotgani yo'q".
Buni ham ko'ring NATO sammitida Bayden alyans birligini olqishladiBayden 27-iyun kuni o'tgan nomzodlar bahsida yaxshi qatnasha olmaganidan so'ng uning qayta saylanish uchun nomzodini davom ettirish qobiliyatiga shubha bilan qarayotgan demokratlar soni oshdi. Ammo 81 yoshli prezident sobiq prezident Trampga qarshi kurashda taslim bo‘lish niyati yo'qligini ta'kidlashda davom etmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlar Baydendan agar Vitse-prezident Kamala Xarris prezidentlikka nomzod bo'lsa, uning imkoniyatlari qanday bo'lishi haqida so'rashdi. Bayden Xarris nomini Trampniki bilan almashtirib yuborib, shunday dedi:
"Agar iqtidori bo'lmaganda, men vitse-prezident Trampni vitse-prezidentlikka tanlamagan bo'lardim".
Payshanba oqshomiga kelib, Vakillar palatasidagi o'nlab demokratlar Baydenni poygadan chiqishga chaqirmoqda.
Kuzatuvchilarga ko'ra, matbuot konferensiyasini o'tkazishdan maqsad aynan ularning xavotirlari asossiz ekanini, Bayden yana to'rt yil davlatga rahbarlik qilishga tayyorligini ko'rsatishga bo'lgan urinishdir.