AQShda qulupnay terishga robotlar jalb qilinmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda yetishtirilgan deyarli barcha qulupnay Kaliforniyadan keladi. U yerda agro robotlar rezavorlarni kerakli vaqtda yig'ib olishga yordam bermoqda.

Xuan Bravo qulupnay yig‘adigan robot yaratdi. Datchiklar va kameralar yordamida bu robot har bir mevaning qanchalik pishganini tahlil qiladi. U hali yetilmagan rezavorlarni bezovta qilmasdan faqat pishganlarini tanlaydigan dastur asosida ishlaydi.

"Ular pastdan tepaga qadar pishib boradi. Qulupnayning bosh qismi yashil bo'lsa, pastki qismi qizil bo'ladi. Biz qulupnaylarning qaysi qismi qizil rangda va qaysi qismi yashil ekanini aniqlaymiz. Odatda, 90% qizil va 10% yashil bo’lgani ma’qul. Bu o'rim-yig'im uchun eng yaxshi vaqt", - deydi “Agrobot” kompaniyasi asoschisi Xuan Bravo.

O‘rtacha hisobda robot har 10 soniyada bir dona qulupnay uzadi. Uch kun davomida mashina sakkiz gektar qulupnayni tera oladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qurilishda ishlayotgan robotlar

"Biz qulupnayning terisiga teginmaymiz, hech qachon. Agar uning yuzasiga tegmasak, demak, uni ifloslantirmaymiz. Virus o’tishi mumkin, chiritishi mumkin; nima bo'lishidan qat'i nazar, qulupnayga tegmaymiz”, - deydi Bravo.

Avtomatlashtirilgan hosil yig'ishga “Agrobot”ning hasharot vakumi deb ataladigan texnikasi ham yordam beradi. U rezavorlarga zarar bermasdan yoki pestitsidlardan foydalanmasdan butalardan zararkunandalarni so'rib oladi.

Robotlar qizib ketmaydi yoki charchamaydi. Ular odamlardan ishni olib ham qo’ymaydi, deydi mahalliy meva-sabzavot ishlab chiqaruvchilar menejeri Mett Konroy.

Buni ham ko'ring Ukraina Rossiyaga qarshi kurashish uchun arzon robotlar yaratmoqda

“Bu sohada ishchi kam. Menda har yili taxminan 15-20 foiz ishchi yetishmaydi. Bu odamlarni ishsiz qoldirish masalasi emas; balki bo’sh o’rinlarni to'ldirish masalasi. Bizda ishlarni bajarish uchun yetarli odamlar yo'q”, - deydi u.

Konroyning aytishicha, u boshqa ekinlarni ham terishda qo’l keladigan yangi robotlar chiqishini intiqlik bilan kutmoqda.