Breaking News

Ukraina Rossiyaga qarshi kurashish uchun arzon robotlar yaratmoqda


"UkrPrototyp" dizayn va ishlab chiqarish byurosining bosh direktori Andriy Denysenko Ukraina shimolidagi makkajo'xori dalasida 800 kilogrammlik quruqlikdagi avtonom harakatlanuvchi transport prototipi yonida, 2024 yil, 28-iyun.
"UkrPrototyp" dizayn va ishlab chiqarish byurosining bosh direktori Andriy Denysenko Ukraina shimolidagi makkajo'xori dalasida 800 kilogrammlik quruqlikdagi avtonom harakatlanuvchi transport prototipi yonida, 2024 yil, 28-iyun.

Ishchi kuchi yetishmovchiligi, dushman kuchlarining ustunligi va notekis xalqaro yordam bilan kurashar ekan, Ukraina Rossiyaga qarshi strategik ustunlikni tashlab ketilgan ombor yoki zavod yerto’lalaridan topishga umid qilmoqda.

Yuzlab maxfiy ustaxonalardagi laboratoriyalar ekotizimi turli innovatsiyalarni qo‘llab, Ukraina umid qilayotganidek, Rossiya askarlarini yo‘q qiladigan, yarador askarlar hamda tinch aholining hayotini saqlab qoladigan robotlar armiyasini yaratmoqda.

Butun Ukraina bo'ylab mudofaa startaplari o’lim mashinalarini qishloqdagi oddiy avtomobil ta'mirlash ustaxonalaridek ko'rinadigan maxfiy joylarda yaratmoqda. Sanoat taxminlariga ko'ra, bunday ustaxonalar son taxminan 250 ta.

Tadbirkor Andriy Denisenko boshchiligidagi startap xodimlari kompaniya foydalalanayotgan ustaxonada to‘rt kun ichida “Odissey” deb nomlangan haydovshisiz yer usti transport vositasini yig‘a oladi. Uning eng muhim xususiyati narxida: 35 ming dollar. Bu import qilingan model narxining taxminan 10 foizini tashkil qiladi.

Denisenko “Associated Press”dan infratuzilma va u yerda ishlayotgan odamlarni himoya qilish maqsadida obyektning joylashuvi tafsilotlarini oshkor qilmaslikni so'radi.

Mazkur joy payvandlash va korpus ishlari uchun kichik xonalarga bo‘lingan. Bu jarayonga shisha tolali yukxonalar yasash, transport vositalarini harbiy yashil rangga bo‘yash va asosiy elektronika, batareyali dvigatellar, tayyor kameralar va issiqlik datchiklarini o‘rnatish kiradi.

Harbiylar ishlab chiqarish usullari yirik G'arb mudofaa kompaniyalarinikidan ancha uzoq bo'lgan oddiy startaplar tomonidan yaratilgan o'nlab yangi uchuvchisiz havo, quruqlik va dengiz transport vositalarini munosib baholamoqda.

May oyida Ukraina Qurolli kuchlarining quruqlik, dengiz va harbiy-havo kuchlariga to‘rtinchi bo’lim — Avtomon harakatlanadigan tizimlar qo‘shinlari qo‘shildi.

Muhandislar arzon narxlarda platformalar yaratish uchun mudofaa jurnallaridagi maqolalar yoki onlayn videolardan ilhomlanishadi. Qurollar yoki aqlli komponentlar keyinroq qo'shilishi mumkin.

“Biz ulkan bir mamlakat bilan urush qilyapmiz va u resurslarda cheklovlarga ega emas. Biz esa insonlar hayotini yo‘qotishga yo‘l qo‘ya olmaymiz, - dedi “UkrPrototyp” mudofaa startapining rahbari Denisenko. - Urush — bu matematika”.

O'tgan oy mamlakatning shimolida joylashgan makkajo'xori dalasida “Odissey” nomli avtomobil kattaligidagi dron o‘z o‘qi atrofida aylanib, chang ko‘tardi.

800 kilogramm (1750 funt) og'irlikdagi prototip, kichik minorasiz tankga o‘xshaydi va izli g‘ildiraklarga ega, kichik pivo sovutgichi o‘lchamidagi akkumulyatorning bitta zaryadi bilan 30 kilometrgacha (18,5 mil) masofani bosib o‘ta oladi.

Prototip qutqarish va ta'minot platformasi sifatida ishlaydi, lekin uni masofadan boshqariladigan og‘ir pulemyot yoki mina tozalash uchun zaryad tashuvchi uskunalar bilan jihozlash mumkin.

“Robotlar otryadlari logistika qurilmalari, evakuatsiya yuk mashinalari, mina yotqizuvchilar va mina tozalovchilar, shuningdek, o‘z-o‘zini yo‘q qiluvchi robotlarga aylanishadi, - deyiladi Ukraina hukumatning mablag‘ yig‘ish sahifasida. - Birinchi robotlar jang maydonida o‘z samaradorligini allaqachon isbotlamoqda”.

Raqamli transformatsiya bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Mixail Fedorov fuqarolarni bepul onlayn kurslarda o’qishga va uydan uchuvchisiz qurilmalarni yig‘ishga chaqirmoqda. U ukrainaliklar yiliga millionta uchuvchisiz qurilmalar ishlab chiqarishini istaydi.

“Tez orada ular ko’payadi, - deyiladi mablag' yig'ish sahifasida. - Yana-da ko'proq bo’ladi”.

Denisenko kompaniyasi motorli ekzoskelet kabi loyihalar ustida ishlamoqda, ular askarning kuchini oshirishga, ularning jihozlarini tashish hamda hatto ularga qiyalikka ko‘tarilishda yordam beradigan transport vositalarini ishlab chiqmoqda.

“Biz uchuvchisiz texnologiyalarning yanada tezroq rivojlanishi uchun qo’limizdan kelganini qilamiz. Rossiyalik qotillar o‘z askarlarini to‘p sifatida ishlatishadi, biz esa eng yaxshi insonlarimizni yo‘qotmoqdamiz”, - deb yozadi Fedorov o‘zining onlayn postida.

Ukrainada yarim avtonom hujum dronlari va sun'iy intellekt bilan jihozlangan dronlarga qarshi qurollar mavjud. Arzon qurollar bilan sun'iy intellekt vositalarining kombinatsiyasi ko'plab mutaxassislarni xavotirga solmoqda. Ularga ko’ra, arzon dronlar ularning keng tarqalishiga imkon yaratadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va texnologiya yetakchilari dronlar va sun'iy intellektni qurollarda qo’llash qotillik uchun to'siqni kamaytirishi va mojarolarning keskin kuchayishiga olib kelishidan xavotirda.

“Human Rights Watch” va boshqa xalqaro huquq tashkilotlari insonning qaroq qilishiga to’sqinlik qiladigan qurollarga taqiq qo'yishni talab qilmoqda. Bu xavotir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi, Ilon Mask va Londonda joylashgan, “Google”ga tegishli bo‘lgan “DeepMind” startapi asoschilari tomonidan ham qo'llab-quvvatlanmoqda.

“Arzonroq dronlar qurollarning keng tarqalishiga imkon yaratadi”, - deydi Avstraliyadagi Yangi Janubiy Uels universitetining sun'iy intellekt bo‘yicha professori Tobi Uolsh.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG