Urush boshlanganidan beri to’rt millionga yaqin ukrainalik uyini tashlab, mamlakatning boshqa qismlariga ko’chib o’tdi. Birgina Xmelnitskiy viloyatida 150 mingga yaqini ichki ko’chirilganlar bor. Ayrimlari yangi joyda ham oyoqqa turishga harakat qilmoqda.
2022-yilning avgust oyida Vlada Halushkina Xmelnitskiy shahrida go'zallik saloni ochdi. Urushdan oldin ham go’zallik saloni bo’lgan, faqat Xarkovda.
“Qiyin bo’ldi, Xarkovdagi biznesimni tashlab kelganim, nima bo’larkin, deb qo’rqqandim. Boshqa joyda ish boshlashimiz kerak edi. Yiqqanlarimizni shu yerda biznes ochish uchun ishlatdik. Xayriyatki, ishlar yaxshi ketmoqda”, - deydi Halushkina.
Vlada Halushkina urush tufayli Xarkovni tashlab, Ukraina g’arbidagi Xmelnitskiyga ketdi. Yangi joyda qaytadan oyoqqa turishi kerak edi.
"Ha, qiyin, lekin o’rganib qoldim, lekin boshida oson bo’lmadi", - deydi u.
Halushkina biznesini qaytadan boshlagan yagona ukrainalik emas. 2022-yilning bahorida Valeriy Podkolzin ona shahri Berdyanskni tashlab, Xmelnitskiyga keldi. Berdyansk - Mariupol yaqinida.
“Chetga ketmoqchi edik, Xmelnitskiyda faqat bir kecha qolishni rejalashtirgandik. Lekin, hozir bu yerda uchinchi yilimiz ketmoqda", - deydi Podkolzin.
Tadbirkor ona shahridagi biznesini Xmelnitskiyda ham davom ettirdi. Bruschatka ishlab chiqarish korxonasini ochdi. Biznesini boshlash uchun kredit oldi. Yangi dastgoh, uskunalar sotib olishi kerak edi. Hukumatdan taxminan 6 ming dollarga teng grant oldi. Bu yerda ham biznesi yaxshi ketmoqda.
Anastasiya Senyutich esa Xmelnitskiyga Xarkovdan kelgan. Tikuvchilik faoliyatini yo’lga qo’ydi.
“Dugonalarimga kiyimlar tikishdan boshladim, fikrlariga quloq soldim.
Davlat grantiga hujjat topshirdim, lekin ololmadim. Lekin taslim boʻlmadim”, - deydi tikuvchi.
Senyutich yana grantga hujjat topshirdi. Ikkinchi safar unga omad kulib boqdi. Grant mablag’lariga u tikuv mashinalari, mato, aksessuarlar sotib oldi, ikki ishchi yolladi.
"Urush tugashini kutyapman, Xarkov nisbatan xavfsiz bo'lishini; o’shandagina qaytib ketish haqida o’ylab ko’rish mumkin", - deydi u.
Bizneslari yaxshi ketayotgan bo’lsa-da, tadbirkorlar ona shahrini sog’inishini, urush tugasa, ona shahriga qaytib borishini aytadi. Shunday bo’lsa-da, ular yangi joydagi biznesini ham tashlamoqchi emas, filial sifatida yuritishini aytishmoqda.