Breaking News

AQSh Ukrainadagi “biologik qurol laboratoriyalari"ni boshqa davlatlarga ko’chirdimi?


25-iyun kuni Rossiya armiyasining yadro, kimyoviy va biologik himoya kuchlari qo'mondoni general-leytenant Igor Kirillov AQShni Afrikada biologik qurollar bo'yicha tadqiqotlarni kengaytirishda aybladi.

Kirillovning aytishicha, Rossiya “Ukrainaning ozod qilingan hududlarida biologik urush dasturlarini amalga oshirishni” to'xtatishi natijasida Pentagon tugallanmagan tadqiqotlarni boshqa mintaqalarga o'tkazishga majbur bo’lgan.

Rossiya noqonuniy ravishda bosib olingan Ukrainaning to'rtta viloyatini "ozod qilingan" deb ataydi.

Butun dunyo bo'ylab Rossiya elchixonalari Kirillovning ayblovlarini kuchaytirib, fitna nazariyasini ijtimoiy media platformalarida, jumladan, “X”da ham tarqatdi.

Kirillov shunday dedi:

“Vashington tadqiqotlarning maqsadlarini yashirish uchun uchinchi tomon subyektlardan foydalanmoqda. Bular kontrakt tuzuvchi va vositachilik qiluvchi tashkilotlar (“Metabiota”, “Quicksilver”, “EkoHealth Alliance” kabi 20 dan ortiq kompaniyalar) va “Big Pharma” deb ataladigan yirik farmatsevtika kompaniyasidir”.

Bu da’vo yolg’on.

AQSh laboratoriyalari Ukrainada, Afrika davlatlarida va boshqa mamlakatlarda bioterrorizm va jamoat salomatligiga tahdid soluvchi kasalliklarning oldini olish va ularni o’rganish maqsadida milliy hokimiyatlar bilan hamkorlikda ishlaydi.

AQShda laboratoriyalar va ularning tadqiqotlari bo’yicha hamma uchun ochiq bo’lgan shaffof tizim mavjud.

Masalan, AQShning Ukrainadagi elchixonasi AQSh va Ukraina o‘rtasida jamoat salomatligi sohasidagi hamkorlikning keng qamrovli ma'lumotlar bazasi manbalaridan biridir.

AQSh "tadqiqot maqsadlarini yashirish uchun foydalanayotgan" deb da'vo qilingan pudratchilar haqida gap ketganda, quyida Kirillov nomlagan uchta tashkilot haqida faktlar keltirilgan.

“Metabiota” San-Fransiskoda joylashgan tadqiqot kompaniyasi bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab kasalliklarning tarqalishini oldindan aytishga yordam beruvchi ma'lumotlarni to‘playdi. 2014-yildan 2020-yilgacha AQSh Mudofaa vazirligi “Metabiota” bilan jami 39 million dollarlik shartnomalar tuzgan.

AQSh Mudofaa vazirligi shartnomasida “Metabiota” bilan shartnomaning maqsadi aniq ko'rsatilgan: “Fizika, muhandislik va biologiya fanlari bo'yicha tadqiqotlar va ishlanmalar (biotexnologiyadan tashqari) olib borish”.

“Quicksilver” – 2008 va 2024-yillar oralig'ida Qishloq xo'jaligi va Ichki ishlar departamenti bilan umumiy qiymati 9,66 million dollarlik shartnomalarga ega bo'lgan yana bir AQSh kompaniyasi. Grantlarning maqsadi AQShning Oregon, Kolorado va Nyu-Meksiko shtatlaridagi o'rmonlar va tabiiy resurslarni saqlashdir.

AQSh hukumati pudratchilarining ma'lumotlar bazasida “Quicksilver” deb nomlangan boshqa kompaniya yo'q.

“EcoHealth Alliance Inc”- (Kirillovning iqtibosida "EkoHealth" deb noto'g'ri yozilgan) AQShda joylashgan ilmiy tadqiqot kompaniyasi va sobiq hukumat pudratchisidir.

2024-yil may oyida AQSh Sog‘liqni saqlash va aholiga xizmat ko‘rsatish departamenti “EcoHealth Alliance” faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi va uning asoschisi va prezidenti, britaniyalik zoolog doktor Piter Daszakni AQSh hukumatining barcha mablag‘laridan doimiy ravishda mahrum qildi.

Bu qaror Vakillar palatasining Nazorat va mas'uliyat qo'mitasi koronavirusni keltirib chiqaradigan SARS CoV-2 virusini o’rganish doirasida “EcoHealth Xitoy shahri Uxanda tegishli nazoratsiz tadqiqotlar o‘tkazgan, ko‘p million dollarlik grantning ko‘plab talablarini ataylab buzgan va AQSh Milliy sog‘liqni saqlash institutlariga yolg‘on ma’lumotlar bergan”, degan xulosaga kelganidan so‘ng qabul qilindi.

“2023-yil oktabr oyida AQSh armiyasining yuqumli kasalliklar tibbiy tadqiqot instituti xodimlari Keniyadagi tabiiy o'choqlarda ko'rshapalaklardan olingan virus namunalarini keng miqyosda o'rganishdi”, - deya da’vo qildi general-leytenant Kirillov Keniyada.

Aslida AQShda boshqa kasalliklar qatorida Ebola, kuydirgi, Rift vodiysi isitmasi va brutselloz kabi xavfli virus va bakteriyalarni tashxislash va tadqiq qilish uchun foydalaniladigan uchta laboratoriya mavjud.

2023-yil noyabrida Kirillov AQSh o‘zining “tugallanmagan” biologik qurol loyihalarini Ukrainadan Afrikaga ko‘chirganini va ular “Kamerun, Kongo Demokratik Respublikasi, Nigeriya, Syerra-Leone va Ugandada ish olib borayotganini” da’vo qildi.

AQSh, Ukraina, Kongo Demokratik Respublikasi, Syerra-Leone, Kamerun, Uganda va Janubiy Afrika 1972-yilda Biologik qurollar konvensiyasini imzolagan bo‘lib, unga ko‘ra, konvensiyaga qo’shilgan davlatlar biologik qurollar ishlab chiqarishi yoki qo‘llashi taqiqlanadi. Bu kelishuvni kamida 183 ta davlat imzolagan.

Kreml 2022-yil mart oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotida AQShga qarshi xuddi shunday ayblovlarni aytgan edi. Biroq BMTning qurolsizlanish masalalari bo'yicha oliy vakili Izumi Nakamitsu BMT Xavfsizlik Kengashiga “Ukrainadagi biologik qurollar dasturidan xabardor emasligini” aytgan.

2022-yil yanvar oyida Kirillov Rossiya Pentagon tomonidan biologik qurollar komponentlarini yaratish va ularni Ukraina va Rossiya bilan chegaradosh mamlakatlarda sinovdan o‘tkazishga oid 20 000 dan ortiq hujjatlarni qo‘lga kiritganini ma'lum qildi. Keyin esa Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari ushbu “dalillar”ni e'lon qildi.

Ammo 2022-yil mart oyida rossiyalik olimlar nomidan chop etilgan onlayn petitsiyada bir guruh mustaqil biologlar hujjatlarni o‘rganib chiqib, ular “mutlaqo yolg‘on” degan xulosaga kelgani aytilgan. Ushbu hujjatlarda keltirilgan shtammlar “mikrobiologik va ayniqsa, epidemiologik laboratoriyalar uchun umumiy bo‘lib, AQSh, Yevropa Ittifoqi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan moliyalashtirilgan jamoat salomatligi bo‘yicha tadqiqot loyihalari uchun ishlatiladi.” Olimlarning xatida Rossiya ommaviy axborot vositalaridan “Ukrainadagi AQSh biologik qurollar laboratoriyalari haqidagi mutlaqo asossiz soxta propagandani tarqatishni to‘xtatish” so‘ralgan.

“Qo'shma Shtatlar Ukrainada hech qanday kimyoviy yoki biologik laboratoriyalarga ega emas yoki ularni boshqarmaydi hamda hech qayerda bunday qurollarga ega emas”, - dedi Davlat departamenti 2022-yil mart oyida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG