Sudandagi fuqarolar urushi 16-oyga o’tdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisob-kitobiga ko'ra, davom etayotgan jangovar harakatlar tufayli 15 mingdan ortiq odam halok bo'lgan va 11 million kishi uy-joyini tark etgan.
Sudan poytaxti Xartumda jangovar harakatlar 2023-yil 15-aprel kuni, Sudan Qurolli kuchlari qo'mondoni general Abdel-Fattah Burhon va Tezkor Qo'llab-quvvatlash kuchlari rahbari general Muhammad Hamdan Dagalo o'rtasidagi bir necha haftalik keskinlikdan so'ng boshlandi.
Ikkala shaxs 2021-yilda harbiy- fuqarolik koalitsiyasini ag'darib tashlash uchun birgalikda harbiy to'ntarishni uyushtirgan edi. Bu koalitsiya 2019-yilda harbiylarning yana bir qanoti uzoq yillik diktator Umar al-Bashirni ag'darganidan keyin hokimiyatni fuqarolik hukumatiga o'tkazishni rejalashtirgan edi.
7-iyul kuni Misrning Qohira shahrida Sudan Qurolli kuchlari va Tezkor Qo'llab-quvvatlash kuchlari ittifoqchilari o'rtasida mojaroni to'xtatishga qaratilgan yangi muzokaralar bosqichi boshlandi. Qohira muzokaralari jangovar harakatlarga barham bera olmagan qator xalqaro tinchlik tashabbuslarining navbatdagisidir.
Sudan Qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlayotgan Misr Darfurda ayollar va bolalarni o‘ldirishda ayblangan Tezkor Qo‘llab-quvvatlash kuchlarini yoqlayotgan Birlashgan Arab Amirliklari bilan yopiq muzokaralarda muvaffaqiyatga erishishga harakat qilmoqda.
Misrdagi so‘nggi tinchlik muzokaralarida oldinga siljishning kuzatilmayotganida ba’zi guruhlar AQShni ayblamoqda.
“AQShning BAA bilan aloqalari asosida shakllantirilgan maqsadlari Sudandagi inqirozga qarshi samarali choralar koʻrishga yo’l qo’ymayapti. AQSh BAAning urushni kengaytirishdagi ishtirokini e'tiborsiz qoldirgan holda, global mydondagi imkoniyatlari darajasida harakat qilmayapti”, - deb yozadi Xorijdagi sudanliklar assotsiyasi deb nomlangan akkaunt “X” tarmog’i orqali.
Bu chalg‘ituvchi ma’lumot.
2023-yil 15-aprel kuni urush boshlanganidan beri Qo'shma Shtatlar ikki tomon o'rtasida tinchlik muzokaralarini o’rnatishda bir necha bor urindi.
AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlarga murojaat qilib, Sudandagi urushayotgan tomonlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga chaqirdi.
Elchi Tomas-Grinfild Sudanning al-Fashir shahri “keng ko'lamli qirg'in yoqasida” ekanini ta’kidladi.
O‘tgan yili AQSh, Saudiya Arabistoni va Hukumatlararo Taraqqiyot idorasi (IGAD) Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Sudan Qurolli kuchlari va Tezkor Qo‘llab-quvvatlash kuchlari vakillari o‘rtasida muzokaralarni boshladi.
AQSh Sudanga eng yirik gumanitar yordam yetkazib beruvchi hamdir. 14-iyun kuni USAID “tarixiy gumanitar inqirozga javoban Sudan xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun 315 million dollardan ortiq qo‘shimcha insonparvarlik yordamini taqdim etishga” va’da berdi.
Urushning bir yilligi munosabati bilan Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, AQSh Sudan Qurolli kuchlari va Tezkor Qo‘llab-quvvatlash kuchlari ichidagi harbiy jinoyatlar va boshqa vahshiyliklar uchun mas’ullarni javobgarlikka tortish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirib, shu jumladan, suiiste'molliklarda va mojaroni qo'zg'atishda aybdor bo'lgan shaxslar, institutlar va boshqa subyektlarga nisbatan qo’yilgan sanksiyalarni yana kengaytirmoqda.
6-iyun kuni AQSh Moliya vazirligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi, Birlashgan Arab Amirliklarining yettita kompaniyasi AQShning Sudanga nisbatan sanksiyalarini buzuvchi faoliyatga aloqadorligi sababli “maxfiy tergov”ga tortilishi haqida e’lon qildi, deya xabar beradi “Sudan Tribune” nashri.
2024-yil 15-may kuni Davlat departamenti Tezkor Qo‘llab-quvvatlash kuchlarining urush kampaniyasidagi ishtiroki uchun kki yuqori martabali qo‘mondonga sanksiyalar qo‘ydi.
2023-yil 1-iyun kuni AQSh Moliya vazirligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi Sudandagi mojarodan daromad olayotgan va unga hissa qo‘shayotgan yana to‘rt kompaniyani sanksiyaga tortdi.
Sanksiyalar Sudanning eng yirik mudofaa korxonasi bo‘lgan “Defense Industries System” kompaniyasiga ham qaratilgan bo‘lib, Moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, u taxminan 2 milliard dollar daromad keltiradi va Sudan armiyasi uchun qurol-yarog‘ hamda boshqa uskunalar ishlab chiqaradi.
Harbiy harakatlar avj olayotgan bir paytda, Rossiya qurol evaziga Qizil dengizda harbiy-dengiz logistika bazasini qurish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
O'tgan yilning aprel oyida “CNN”ning eksklyuziv xabariga ko'ra, Rossiyaning “Vagner” yollanma askarlari Sudan Qurolli kuchlariga qarshi kurashda yordam berish uchun Tezkor Qo'llab-quvvatlash kuchlariga raketalar yetkazib bergan.