Illinoys shtatining Chikago shahri tevaragidagi Bridjvyu hududi “Kichik Falastin” deb ataladi. “Qahva” do’konidan asli falastinlik AQSh fuqarolarining qadami uzilmaydi.
“Har qadamda musulmonlar”, - deydi illinoyslik saylovchi Dianna Otman.
Otman islomiy maktabda dars beradi. Uning uchun prezident saylovida eng muhim masala Isroil va AQSh terrorchi guruhlar ro’yxatiga kiritgan XAMAS o’rtasidagi urushni yakunlash.
Your browser doesn’t support HTML5
G’azodagi joriy urush XAMASning o’tgan yil 1200 yahudiy o’limiga sabab bo’lgan, 250 yahudiy garovga olingan hujumi bilan boshlandi. Qariyb bir yil davom etayotgan urushda 41 mingdan ziyod falastinlik jon berdi, sektor vayronaga aylandi.
“Genotsidni to’xtatadigan nomzodga ovoz bergan bo’lardim”, - deydi Otman.
Kichik Falastinda Otmanga fikrdoshlar ko’p.
Chikago va Bridjvyuni o’z ichiga olgan Kuk okrugida falastinliklarning eng yirik diasporasi yashaydi. Illinoys shtatida 475 ming musulmon bor – ular shtat aholisining 3,7 foizini tashkil etadi.
“Bu ozchilik qatlami odatda demokratlar tarafida”, - deydi olima Tabita Bonilla.
Bonilla universitet professori, ijtimoiy siyosat bo’yicha ekspert.
“Illinoys musulmonlari beqaror qoladi deb o’ylamayman. Lekin Michiganda 200 mingga yaqin musulmon fuqaro bor. Axborotingiz uchun, o’tgan saylovda 150 ming ovoz farqi saylov taqdirini hal qilgan. Agar shu 200 ming musulmon ovoz bermaslikka yoki respublikachini qo’llab-quvvatlashga qaror qilsa, saylov taqdiri o’zgaradi”, - deydi professor.
Layla Elabed falastinliklar jamiyati faoli, shtatdan Kongressga saylangan qonunchi Rashida Tolibning singlisi.
“Biz siyosiy kursni falastinliklar hayotini saqlaydigan va Falastin ishg’olini to’xtatadigan o’zanga burmoqchimiz”, - deydi u.
“Musulmonlar nafaqat Michigan, balki barcha shtatlarda har qachongidan faol”, - deydi Kitt Ellison.
Ellison Minnesota shtati bosh prokurori – u AQSh Kongressiga saylangan ilk musulmonlardan.
“AQShda musulmonlar jamiyati ovozi tegishli joylarga yetadigan qudratli siyosiy kuchga aylandi”, - deydi u.
Dianna Otman saylovda munosib nomzod yo’qligini aytadi.
“Bu yerdagi ko’pchilik kabi demokratga ham respublikachiga ham ovoz bermayman”, - deydi u.
Amerika-Islom aloqalari kengashiga ko’ra, mamlakat bo’ylab 2,2 million musulmon saylovchi ro’yxatdan o’tgan. Bu ikki yil avvalgi oraliq saylovlardagi ko’rsatkichdan qariyb bir million ko’p musulmon ovozi degani.