Oq uyga qaytishga umid qilayotgan sobiq prezident Donald Tramp saylov kampaniyasi paytida ikki o’limdan qoldi. Birinchi gal u qulog’idan o’q yedi, ikkinchi gal esa xavfsizlik kuchlari Tramp joniga qasd qilish holatining oldini olishga muvaffaq bo’ldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Shunga qaramay, qurolga egalik qilish huquqini himoya qilayotgan Tramp tarafdorlarining qurol nazorati masalasida fikri o’zgargani yo’q.
Sentabr oyida Donald Tramp Floridada golf o’ynayotgan payt xavfsizlik idorasi xodimlari qo’lida qurol bilan Trampni poylab o’tirgan odamga o’q uzishga imkon bermadi.
Undan oldin esa iyul oyida Pensilvaniya shtatida Tramp tarafdorlariga murojaat etayotgan payt snayper o’qidan yaralandi.
Trampning qurolga egalik qiluvchi tarafdorlari bo’lgan voqealardan shokda ekanini aytsa-da, o’zlarini himoya qilish uchun qurollaridan voz kechmoqchi emas.
“Qurol har qanday yomon odamning qo’liga tushishi mumkin. Uni qo’lga kiritish juda oson. 1-2 ta odamni tanisangiz bas. Odamlar o’ylaganidek qiyin ish emas bu. Bunday voqealar doim bo’ladi. Shunga hamisha xushyor bo’lish kerak”, - deydi kaliforniyalik Mettyu Gonsales.
Qurolga egalik qilish huquqini himoya qiluvchi Nik Klarkning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, qurol oddiy fuqaro kabi prezidentni ham o’limdan saqlashi mumkin.
“Maxfiy xizmat qurollangan. Prezidentni qo’riqlovchi Maxfiy xizmat o’sha odamning butalar orasidan chiqib turgan qurolini ko’rib qoldi. Hammada qurol bo’lishi shart emas, ammo ko’p odamda qurol bo’lganida bu kabi jinoyatchilar o’ylab ish qilgan bo’lardi”, - deydi Klark.
Amerikaliklar qurol sotib olish oson ekanini aytarkan, “Pyu” ijtimoiy tadqiqot markazi o’tkazgan so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, ko’p odam qurol nazoratiga oid qonunlarni kuchaytirish tarafdori.
Qurol zo’ravonligi bilan bog’liq holatlarni o’rganuvchi olima Mellori Obrayenning aytishicha, Qo’shma Shtatlarda har 11 daqiqada bir odam otishmada halok bo’ladi.
“17 yoshga yetmay o’lganlar orasida o’qotar quroldan nobud bo’lganlar ko’pchilikni tashkil etadi. Qurol bilan o’z joniga qasd qilish holatlari mamlakatimiz tarixida rekord darajaga yetdi”, - deydi Jons Xopkins universitetidan mutaxassis.
Obrayen nazarida, tekshiruvlarni kuchaytirish kabi choralar qurol zo’ravonligini tushirishi mumkin.
Biroq viskonsinlik tir egasi Sheril Rebxolz yangi qoida joriy etgandan ko’ra qurolga doir mavjud qonunlar ijrosini nazorat qilish kerakligini aytadi.
“Ortimda devorda osig’liq qurollarni ko’ryapsizmi? Ular jonsiz obyektlar. Joyida turibdi. Qurol egalari ulardan jinoyat sodir etish uchun foydalanmaydi. Biz mas’uliyatli qurol egalarimiz”, - deydi u.
Federal tergov byurosi Trampga o’q uzgan odam miltiqni qonuniy ravishda sotib olganini ma’lum qiladi.
O’t ochishga ulgurmagan shaxs esa oldin sudlangan ekani, quroldagi seriya raqami o’chirilgani aytilmoqda. Uning ishi hozir Florida tuman sudida ko’rilmoqda.