Tramp tarafdorlari adolatli saylovga to'siq bo'lishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Tramp tarafdorlari AQSh Kongressiga hujum qilmoqda, Vashington shahri, 6-yanvar, 2021.

2020-yil saylov kunida Michigan shtatida isyon ko'tarilgan: Trampning saylov adolatsiz o’tganiga doir asossiz da’volariga ishonganlar ovozlarni sanashni to’xtatishni talab qilgan edi.

Michigan shtatidagi Tramp tarafdorlari hanuz saylov tizimiga ishonmaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 10-oktabr, 2024 - Milton to'foni

“Hoziroq hukumat va siz har ishni so’roqqa tortasiz. Boshqacha aytishim, afsuski, joiz emas. Biz hech kimga ishonmaymiz”, - deydi Tramp tarafdori Marvin Minton.

“Qonunga zid bir ish butun tizimga shubha uyg’otadi”, - deydi yana bir trampchi Anjelika Kendou.

Saylov adolatsizligiga doir da’volar bir necha bor AQSh sudlarida asossiz deb topilgan.

Biroq respublikachilar saylov natijalari bo’yicha hukumat tasdiqlagan hujjatga emas, Tramp da’volariga ko’proq ishonmoqda.

Beqaror shtatlar rasmiylari fuqarolarga saylov tizimi ishonchli ekanini tushintirib, dezinformatsiyadan ogohlikka chaqirmoqda.

“Dezinformatsiya tufayli saylov rasmiylariga hujum qilinishi mumkin. Qonunbuzarlik sodir bo’lmasa ham, saylov tizimiga ishonch darz ketadi, bu mamlakat va demokratiyamiz uchun yaxshi emas”, - deydi Michigan saylov byurosi vakili Jonatan Breyter.

Saylovlar adolatli ekani yuzasidan fuqarolar ishonchini oshirishga doir tashabbuslar qo’llab-quvvatlanmoqda. Michiganning Ottava okrugi saylov rasmiysi, respublikachi Jastin Robak shunday deydi:

“Barcha darajadagi rasmiylar aniq faktlarga tayanishi shart. Aks holda, saylov jarayonlariga ishonch pasayib boraveradi”.

Tramp tarafdorlari Michigan shtati kotibi Joslin Bensonni saylov byulletenlari va saylovchilarni ro’yxatga olishga doir ish yuzasidan sudga bergan.

“Joslin Benson qonuniy talabga bo’ysunmasa, uni sudda javob berishga majburlaymiz”, - deydi Michigan Respublikachilar partiyasi raisi Pit Xekstra.

Benson nazdida, bu respublikachilar nayrangi.

“Sud da’volari ortida respublikachilarning PR strategiyasi, saylov tizimiga nisbatan ishonchsizlik uyg’otishga urinish turibdi”, - deydi u.

Respublikachilar va demokratlar bir necha bahsli shtatlarda saylov yuzasidan sudlashmoqda. Bu noyabrdagi saylovga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

“Saylovga bu qadar yaqin lahzada davom etayotgan sud ishlarini yuristlar vaqtincha to’xtatmoqda. Chunki sudda mag’lubiyat yoki tomonlarga ma’qul kelmagan hukm saylov jarayonlariga tahdid uyg’otishi mumkin”, - deydi Ikki partiyali siyosat markazi vakili Kim Vayman.

Saylov okruglarining Trampni qo’llab-quvvatlaydigan rasmiylari esa saylov natijalarini tasdiqlashni atay kechiktirishi mumkin.