O’zbekistonda 16-23 oktabr parlament saylovi uchun muddatidan avval ovoz berish kunlari sifatida belgilandi.
Markaziy saylov komissiyasi 27-oktabrdagi saylovga shayligi, xalqaro, mahalliy miqyosda kuzatuvchilar ro’yxatga olingani, saylov uchastkalari ovoz berish jarayoniga tayyorligi haqida hisobot bermoqda.
O´zbekistonliklar 27-oktabr kuni Oliy Majlisga, mahalliy kengashlarga deputatlar saylaydi, ammo mamlakatda davom etayotgan kampaniya jarayoni bu saylovlar parlamentga intilayotgan partiyalar va deputatlarga emas, balki Markaziy saylov komissiyasiga lozimdek taassurot uyg’otadi.
Partiyalar o`rtasida ham, jamoatchilikda ham biror jiddiy munozaralar yo`q, matbuot asosan Markaziy saylov komissiyasi hisobotini chop etish bilan cheklanayotgandek.
Ijtimoiy tarmoqlarda saylovga qiziqish nafaqat jamoatchilik, balki siyosiy partiyalar darajasida ham sustligi, aksariyat aholi mamlakatda deputatlar saylanayotgani, parlament yangilanayotganidan bexabarligi haqida yozilmoqda.
Ayrim faollar bu safargi saylov kampaniyasini Mirziyoyev hokimiyati davridagi eng "nursiz" saylovga qiyoslashmoqda.
Avvalgilarida O´zbekiston ekologlari harakati O´zbekiston Ekologik partiyasiga aylantirilishi bilan nisbiy o’zgarishlar yasalgan bo`lsa, hukumat bu gal shunday nisbiy o’zgarishlarga borishni ham lozim topmagan ko`rinadi.
Saylovda 2019- yilda kuzatilgani kabi beshta rasmiy partiya ishtirok etadi.
Qonunchilik mustaqil tashabbus guruhlaridan nomzodlar surilishini taqiqlaydi, saylovda faqat hukumat ro’yxatidan o`tkazilgan siyosiy partiyalar surgan nomzodlar qatnashishi mumkin.
Saylov arafasida ayrim nashrlar o`tkazgan so`rov aholi mamlakatda qanday, qancha partiyalar borligi, kimlar yetakchilik qilishidan unchalik xabarsiz ekanligidan darak beradi.
Jamoatchilik mamlakatdagi rasmiy partiyalar, ular maqsadi, rahbarlari kimligidan yaxshi xabardor emasligi bu partiyalarning hammasi hukumat tashabbusiga ko`ra tashkillashtirilgani, siyosiy maydonda raqobat yo`qligi bilan bog’liq ko`riladi.
O’zbekistonda prezident, parlament saylovlari bo`lsin, muxolifatsiz o`tkazish an’anasiga chek qo`yilmadi. Karimovdan keyin hokimiyatga kelgan Mirziyoyev siyosiy islohotlar qilishiga bo`lgan umidlar ayni paytda, ayniqsa uning uchinchi muddatga prezidentlikka saylanishi ortidan deyarli cho`kib bo’lgan.
Mirziyoyev hokimiyatiga umid ko`zi bilan qaragan, dastlabki davrlarda uni qo`llab-quvvatlagan faollar bugun taassufda, mamlakat Karimov davriga qaytib bo`lganini ta’kidlashmoqda.
Karimov davridagi tazyiqlar ortidan O’zbekistonni tark etgan, ayni paytda Kanada fuqarosi bo`lgan o`zbek jurnalisti Baxtiyor Shohnazarov shular jumlasidan.
Shohnazarov yaqinda, 7-oktabrda O´zbekistonga kiritilmadi, Toshkent aeroportidan ortga qaytarildi. Ayrim qarashlarga ko`ra bu mamlakatdagi saylovlar bilan bog’liq bo`lishi mumkin.
Ammo Shohnazarovning o`zi buni istisno qiladi, unga ko`ra Mirziyoyevning o’zgarishlar davri tugadi, rejim Karimov davriga qaytdi, taqiqlar ham qayta tiklanmoqda.
“Mirziyoyev hokimiyatga kelgan dastlabki davrlarda rostdan ham o`zgarishlar boshlangan edi, ko’pchilik bu o’zgarishlarni qo`llab-quvvatladi, jumladan men ham. Ayniqsa, Mirziyoyevni xorijdagi vatandoshlarga murojaati, ularni hamkorlikka chaqirishi masalasida. Bungacha men ikki marta O’zbekistonga borib kelgan edim. 2022-yilda borganimda meni Milliy xavfsizlik xizmati vakili kutib olgan edi. Oxirgisida esa menga O’zbekistonga kirishim taqiqlanganini aytishdi, aeroportdan ortga, Turkiyaga qaytarishdi. Mening nazarimda taqiqlar shunchaki vaqtincha istisno qilingan, Mirziyoyev rejimi Karimov davriga qaytar ekan, taqiqlar ham qayta tiklandi”, - deydi Shohnazarov.
Unga bu saylovlar bilan bog’liq bo`lishi mumkinligini aytishgan. Ammo Shohnazarov mamlakatdagi saylovlarga biror aloqasi va qiziqishi yo’qligini qayd etadi. U hatto bu borada xabarsiz bo'lganini aytgan.
“O’zbekistondagi siyosiy jarayonlarni kuzatmay qo’yganman, chunki hafsalam pir”, - deydi u.
Mamlakatdagi ko'plab faollarining saylovga munosabati ham shunga yaqin. Ular fikricha, bu saylov hatto tanqidga ham loyiq emas. Ularning kuzatishicha, jamoatchilik befarq.
Mirziyoyev hokimiyati davrida ikkinchi bor parlament uchun o’tkazilayotgan bu saylovda ham an´anaviy tarzda beshta rasmiy partiya – O’zbekiston liberal demokratlari, “Milliy tiklanish”, “Adolat”, Xalq demokratik partiyasi va O’zbekiston Ekologik partiyasi ishtirok etadi.
Oliy Majlis, mahalliy kengashlar kiruvchi deputatlar shu partiyalar a’zolaridan shakllantiriladi.
Parlament saylovida qanday natija qayd etilishidan qat`i nazar, bu tadbir Prezident Mirziyoyev va uning ma'muriyatiga biror ta’sir ko’rsatmaydi.