Kurdiston siyosiy partiyalari ayol nomzodlarga e’tiborni oshirmoqda

  • Amerika Ovozi

Iroqning Kurdiston mintaqasida 20-oktabrga belgilangan parlament saylovlari yaqinlashar ekan, yirik siyosiy partiyalar orasida ayollar yoki etnik va diniy ozchilik vakillari bo‘lgan nomzodlarga qiziqish ortmoqda.

Saylov natijasidan qat'i nazar, mintaqaning kvota tizimi parlamentdagi 100 o‘rindan 30 tasini ayollar, beshtasini esa turkmanlar, nasroniylar va armanlar uchun ajratishni kafolatlagan.

Kvota tizimi siyosiy partiyalar, xususan, Kurdiston Demokratik partiyasi (KDP) va Kurdiston Vatanparvarlar ittifoqi (PUK) uchun ushbu ozchilik jamoalar va saylovchilar orasida mashhur bo‘lgan faol ayollar bilan hamkorlik qilishga turtki berdi.

Halabja shahridan ayol nomzod Roshna Jamilning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, kvota tizimi parlamentda ayollar uchun ma’lum vakillikni ta’minlashi mumkin, biroq bu an’anaviy siyosiy partiyalar aralashuvining kuchayishiga sabab bo’ladi.

“Ayollar kvota tizimiga abadiy tayanmasliklari kerak, chunki bu hol davom etaversa, siyosiy partiyalar ko‘proq o‘rinlarni qo‘lga kiritish uchun ayollarni nomzod qilib ko‘rsatadi”, - deydi Jamil.

"Gender tengligi va ayollarni qo‘llab-quvvatlaydigan BMT Ayollar tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning har bir mintaqasida qaror qabul qilish jarayonlarida ayollarning ovozi yetishmaydi. Tashkilotning aytishicha, 2024-yilda ayollar milliy parlamentlardagi o‘rinlarning atigi 27 foizini va mahalliy hukumatlardagi o‘rinlarning 35,5 foizini egallagan.

Buni ham ko'ring Turkiya kurdlarga qarshi kurash uchun Iroq shimoliga qo’shin kiritmoqchi

Iroqda 2004-yilda mamlakat konstitutsiyasi parlamentda ayollar vakilligi kamida to‘rtdan bir qism bo‘lishini talab qilmaguniga qadar, siyosiy maydonda ayollar deyarli bo’lmagan.

Biroq mamlakatning shimolida joylashgan Kurdiston mintaqaviy hukumati (QMH) ayollarni hokimiyatga olib kelish borasida jasoratliroq qadamlar tashlagan. 2019-yilda Kurdiston ayol kishini parliament spikeri etib tayinlagan.

Taraqqiyotga qaramay, ayollar kvota tizimisiz parlamentda sezilarli vakillikka erisha olmaydi. 2018-yilda mintaqada bo‘lib o‘tgan so‘nggi saylovlarda saylangan 35 nafar ayoldan atigi 13 nafari parlamentga kvotasiz kirish uchun yetarli ovoz olgan.

Erbildagi Yaqin Sharq Tadqiqot instituti ma'lumotlariga ko‘ra, ayol nomzodlarning qo‘llab-quvvatlanmayotgani “butun Kurdiston mintaqasida gender tengligi borasidagi vaziyat” bilan bog‘liq.

Sharazordagi PUK saylov bo‘limi rahbari Haydar Nimatning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, siyosiy lavozimlarga munosibroq ayollarni nomzod qilib ko‘rsatish mintaqada gender tafovutini qisqartirishga yordam beradi.

“Biz ularga imkoniyat yaratmoqchimiz va o‘z kuchi bilan o‘rin yutib olishi mumkin bo‘lganlarga ko‘proq ahamiyat beryapmiz”, - deydi u.

Iroqning Mustaqil Oliy Saylov Komissiyasi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga ko'ra, mintaqaning to‘rt viloyatida qariyb 2,9 million kishi saylovda ovoz berish huquqiga ega. Nomzodlarning umumiy soni 1191 kishini tashkil etadi, ulardan 368 nafari ayollar.

Xalabjalik Jamil uchun saylov kampaniyasi davri ayollar huquqlari haqida xabardorlikni oshirish uchun yaxshi vaqtdir.

U saylovchilarni ayol nomzodlarga ishonishga chaqiradi, chunki “boshqarishda erkaklardan ko’ra qobiliyatliroq o’nlab ayollar borligiga” ishonadi.

“Ayol sifatida men jinsidan qat'i nazar, barcha nomzodlar bilan raqobatlashaman. Men kvota tizimi bilan kifoyalanmayman, chunki buni faqat vaqtinchalik yechim deb o‘ylayman”, - dedi u “Amerika Ovozi”ga.

Kifri shahrida Iroq Turkman Jabhasi uchun kurashayotgan turkman ozchilik nomzodi Sazgin Muslih PUK va KDPning siyosiy faolligiga oid xavotirlarga qo‘shiladi. Uning aytishicha, bu partiyalar o‘zlari qo‘llab-quvvatlayotgan nomzodlarning g‘alaba qozonishini ta’minlash uchun ko‘proq resurslarga ega.

Buni ham ko'ring "Islomiy davlat" asirligidan qutulgan yazidilar yordamga muhtoj

“Biz kurd partiyalarining o‘z nomzodlarini qo‘llab-quvvatlash bo’yicha ozchilik jamoalarning ishlariga aralashmasligini istaymiz, - dedi u. - Agar kurd partiyalari aralashmasa, Kifridagi turkmanlarning 80 foizi biz bilan”.

1992-yilda bo‘lib o‘tgan birinchi saylovda Kurdiston mintaqaviy parlamenti nasroniylar uchun beshta kvota o‘rni ajratgan edi. 2005-yilda bu kvota nasroniylar, turkmanlar va osuriylar uchun 11 o‘ringa oshirildi.

Biroq Iroq Federal Sudi kutilmaganda, fevral oyida PUKning shikoyatidan so‘ng bu o‘rinlarni bekor qildi. PUK da’vosiga ko’ra, parlamentdagi ozchilik partiyalarni KDP nazorat qiladi.

Iroq Oliy sudining qarori ozchilik partiyalari va KDP tomonidan siyosiy boykotga sabab bo‘ldi va bu boykot may oyining oxirigacha davom etdi. Sud qarori bekor qilingach, tizimga beshta o‘rin qaytarildi.