Nataliya Sancha jurnalistikaga hamkorlik ruhida yondashadi. Biror mavzuni yoritishdan oldin xuddi shu mavzuda yozgan boshqa hamkasblarining fikrini o’rganadi.
Bu qisman chetda qolayotgan mavzularni ko’tarish bilan bog’liq, deydi Sancha. Lekin erkaklar hukmron regionda ayol jurnalist sifatida hamkorlik va hamkasb ayollarni qo’llab-quvvatlash ham uning uchun doim muhim.
“Erkak va ayol jurnalistlar bilan gaplashganimda, ayollarning nuqtai nazari o’xshashligini anglaganman, chunki mavzuni yoritishda tajribamiz o’xshash”, - deydi 42 yoshli jurnalist.
Hamkorlik ruhidagi yondashuv 2020-yilda unga Suriya haqida kitob yozishni taklif qilishganida qo’l keldi.
“Noshirga ayol jurnalistlar birgalikda mintaqa haqida yozsa, ta’siri boshqacha bo’lishini aytdim”, - deydi u.
Asli ispaniyalik Nataliya Sancha so’nggi 14 yilni Yaqin Sharqda o’tkazib, Iroq, Suriya va Yamandagi mojarolarni yoritgan. Misr, Livan va Tunisdan ham reportajlar tayyorlagan. 2000-yilda Bayrutdagi portlashlardan so’ng u sog’ligi sababli mintaqani tark etgan, hozirda Yevropa Ittifoqining kommunikatsiya idorasida ishlaydi.
“Ayollar boshqacha tajribaga ega, chunki biz erkak hamkasblarimiz odatlanmagan joylarga borardik. Aqlliroq bo’lganimiz uchun emas, balki arablar, musulmonlar yashovchi mintaqada odamlarni hali ham jinsiga qarab ajratishadi”, - deydi Sancha “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
“O’zimni o’quvchi o’rniga qo’ysam, hodisani menga ayol kishi aytib berishini istagan bo’lardim, chunki shunda mojaro haqida batafsil, inklyuziv ma’lumotga ega bo’lasiz”, - deydi muxbir.
Sancha o’z kitobida xorijiy va mahalliy muxbirlarning tajribasini aks ettirish maqsadida Yaqin Sharqni yorituvchi boshqa ayollar bilan ham gaplashgan. Ikki yillik mehnat natijasida ispan tilida “Hamma uchun o’q” nomli kitob yaqinda nashrdan chiqdi.
Unda tarixiy lahzalar, jumladan avtokratik hukumatlarning qulashi, xalq namoyishlari va urush ayollarning shaxsiy nuqtai nazaridan yoritilgan. Shuningdek, mintaqa OAVda ayollar yuzlashadigan diskriminatsiya va shilqimlik holatlari tasvirlab beriladi.
Til va madaniyatni tushunish – mintaqada progressga erishish uchun muhim omil, deydi Maya Gebeyli, “Reyter” axborot agentligining Livan, Suriya va Iordaniya bo’yicha byurosi rahbari. U ham kitobga hissa qo’shgan.
Livanlik amerikaliklar oilasida tug’ilgan Gebeylining karyerasi 2013-yilda Bayrutda asoslangan yangiliklar veb sahifasidan boshlangan. Keyinchalik “Frans-Press” (APF) agentligida ishladi, so’ng “Reyter”ga o’tdi.
Amerikadagi livanliklar oilasidan ekani Gebeyliga mintaqani yaxshiroq tushunishimga yordam beradi. Mahalliy tilni bilish ham o’ta muhim.
“Vazir, qochqin yoki faoldan intervyu olayotganda eng muhimi ularning ishonchini qozonish. Tilni bilsangiz va ular boshidan siz bilan o’zini qulay his etsa, bu hamma narsani o’zgartiradi, eshiklar ochiladi”, - deydi Gebeyli.
30 yoshli jurnalist Iroq va Livandan tashqari “Islomiy davlat” guruhiga qarshi janglarni yoritish uchun Suriyaga ham borgan.
“Odamlar bilan to’g’ridan-to’g’ri, tarjimonsiz gaplasha olganimdan xursandman, bu ham maqolaga ta’sir ko’rsatadi”, - deydi suhbatdosh.
“Til va madaniyatni bilish odamlarning siz bilan muloqot qilishini osonlashtiradi, ular sizga ko’nglini ochadi”, - deya tasdiqlaydi suriyalik kurd jurnalisti Xabat Abbos.
Abbos va Sancha 2021-yilning martida Suriya shimoli-sharqidagi qamoqxonaga borib, “Islomiy davlat”ga aloqador ayol jihodchilar bilan suhbatlashgan.
“Qamishli shahrida britaniyalik ikki jurnalistga duch keldim, qamoqxonadagi Shamima Begum va boshqa ayollar ularga intervyu berishdan bosh tortgan ekan”, - deydi Sancha, Britaniyadan qochgan va Daishga qo’shilgan 15 yoshli britaniyalik qizga ishora qilib.
“Britaniyalik jurnalistlarga bir erkak yordam berayotgan ekan, jihodchi ayollar esa radikal bo’lgani uchun erkaklar bilan gaplashmaydi. Ammo men Shamima va boshqalardan chodirda o’tirib, ajoyib suhbatlar oldim”, - deydi Sancha.
Xabat Abbos Suriyaning kurdlar yashovchi mintaqasida o’sib ulg’aygan.
“Mintaqamizda oddiy odamlar xotin-qizlarning qurol ko’tarib jangga kirganini ko’rishga odatlangan, biroq ko’chada yoki frontda kamera tutgan ayolni hech ko’rishmagan edi, – deydi Abbos. – Oilam va jamiyatni erkak hamkasblarim kabi ishimni bajara olishimga, hatto yaxshiroq qila olishimga ishontirish uchun ancha ter to’kdim”.
Jurnalistikani tanlaganining sabablaridan biri shu - Yaqin Sharq doimo erkak muxbirlar tomonidan yoritiladi, ham mahalliy, ham xalqaro miqyosda.
Nataliya Sancha fikricha ham jurnalist ayollar region aholisi turli mavzularga qanday ko’z bilan qarashiga ta’sir ko’rsatadi, xususan, travmadan keyingi stress, salomatlik, zo’ravonlik va alkogol bilan bog’liq mavzularga.
“Biz erkaklar odatda chetlab o’tadigan masalalarni ko’taramiz”, - deydi u.
Facebook Forum