Kreml Markaziy Osiyodagi tanqidchilar ovozini o'chirmoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (chapdan ikkinchi) Markaziy Osiyo rahbarlari bilan, Ostona, Qozog'iston, 2022-yil, 14-oktabr

Hukumatga qarshi namoyishlar uyushtirgani uchun Kreml tomonidan qidiruvga berilgan rossiyalik siyosiy faol Lev Skoryakin 2023-yilning iyunida Qirg’izistonda qo’lga olindi.

O'tgan yozda u hukumat tazyiqidan qo’rqib, Qirg'izistonga qochib o’tgan edi. Rossiya hukumati so’rovi bilan un poytaxt Bishkekda hibsga olingan va o‘sha yilning oktabr oyida Rossiyaga ekstraditsiya qilingan.

Rossiya qamoqxonasida uch oy o‘tirganidan so‘ng shu yil boshida Germaniyaga chiqib ketgan Skoryakinning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Qirg‘iziston rasmiylari Rossiya hukumati yordamida 2023-yil iyun oyida ishga tushirilgan yuzni tanish tizimidan foydalangan holda uning qayerdaligini aniqlagan.

“Rossiyalik muhojir dissidentlar haqiqatdan ham hushyor boʻlishlari va oddiy xavfsizlik qoidalariga rioya qilishlari kerak. Bishkekda yuzni tanish tizimi hamon ishlamoqda”, - dedi Skoryakin.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining yanvar oyida ma’lum qilishicha, tizim o‘tgan yil oxirigacha 800 dan ortiq odamni hibsga olishga yordam bergan. Asosan, oddiy jinoyatchilar, jumladan, Interpol tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan 100 dan ortiq odam ushlangan.

Buni ham ko'ring Tojikistonda Rossiya armiyasi uchun harbiy kiyim-bosh tikilmoqda

2022-yildan beri Skoryakin kabi ko‘plab rossiyalik urushga qarshi faollar siyosiy repressiyalardan qochib, Markaziy Osiyoning Qozog‘iston va Qirg‘iziston respublikalarida vaqtinchalik boshpana topdi. Ammo qator hibsga olishlar, o'g'irlashlar va ekstraditsiyalardan so'ng, bu mamlakatlar endi dissidentlar uchun xavfsiz emas.

2022-yil mart oyida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlangach, Rossiyadan chaqiruv yoshidagi erkaklar chiqib keta boshladi. Mintaqaviy matbuot xabarlariga ko‘ra, 2022-yilda Qozog‘istonga 400 mingga yaqin, Qirg‘izistonga esa 445 mingga yaqin Rossiya fuqarosi kelgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Skoryakin kabi tanqidchilari bu mamlakatlarni G‘arbga chiqib ketish yo‘lidagi tranzit nuqta sifatida ko‘radi. Qirg‘izistonda bo‘lganida Skoryakin Germaniyaga ko‘chib o‘tish uchun vaqtinchalik yo‘l hujjati so‘rab murojaat qilgan.

Qirg‘iziston hukumati dastlab rossiyalik dissidentlarni quchoq ochib kutib oldi. Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov 2022-yil oktabr oyida “New York Times” gazetasiga bergan intervyusida rossiyalik muhojirlardan “biz hech qanday zarar ko‘rmayapmiz, aksincha, ko‘proq foyda ko‘ryapmiz”, dedi.

Moskva esa boshqacha fikrda edi. 2022-yildan beri Kreml Qozogʻiston va Qirgʻiziston hukumatlarini rossiyalik dissidentlarga qarshi harakat qilishga majburlash uchun bir qator chora-tadbirlarni qoʻlladi; jumladan hibsga olish va Rossiyaga qarshi ommaviy norozilik namoyishlarini taqiqlash choralarini ko’rish so’raldi.

Rossiya o'z tanqidchilarining ovozini o'chirish uchun Qozog'iston va Qirg'iziston bilan mavjud ekstraditsiya shartnomasiga tayanmoqda. Rossiyaning iltimosiga binoan Qozog‘iston 2022-2024-yillar oralig‘ida kamida yetti nafar rossiyalik dissidentni hibsga olgan.

Buni ham ko'ring “Rosatom” Markaziy Osiyoni zabt etmoqchi

Qirg‘iziston matbuoti Qirg‘izistonda Kremlga qarshi faollarning to‘rt nafari hibsga olingani, ularning barchasi Rossiya rasmiylariga topshirilgani haqida xabar berdi.

Qozog‘iston matbuotiga ko‘ra, bu mamlakatdagi rossiyalik dissidentlar ekstraditsiya ishlari bo’yicha yakuniy qarorni kutmoqda.

Kreml Qozogʻiston va Qirgʻizistonni rossiyalik faollar haqidagi maʼlumotlarni oshkor qilishga undagan. 2023-yilning iyun oyida Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston “o‘z chegaralarida yashovchi shaxslarning yashash joyi, fuqaroligi, migratsiya propiskasi, vizalari, mol-mulki, jinoiy holati va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni almashish to‘g‘risida” kelishuv imzolagan edi.

Xabarlarga koʻra, kelishuv doirasida Rossiya Qirgʻiziston hukumatiga 85 ming Rossiya fuqarosi haqida maʼlumot bergan. Qirgʻiziston matbuotiga koʻra, Qirgʻiziston bu maʼlumotlardan oʻzining yuzni tanish tizimi uchun foydalangan. Bu esa 2023-yil iyun oyida maʼlumotlar almashish boʻyicha kelishuv imzolanganidan koʻp oʻtmay, toʻrt nafar rossiyalik dissident, jumladan Skoryakinni aniqlash va hibsga olishga yordam bergan.

Parlamentning Xalqaro masalalar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Janar Akayev Rossiya xavfsizlik xizmatlari Qirg‘izistonga bosim o‘tkazayotganini aytdi.

"Rossiyadan kelgan siyosiy muhojirlar [Qirg'izistonga] kelmasliklari kerak. Buning sababi, Rossiya xavfsizlik xizmatlarining ta'siri kuchli. Agar so'rasa, bizning xavfsizlik idoralari "yo'q" demaydi. Bilishimcha, FSB bu yerda bemalol ishlaydi”, - dedi u.

Qirg'izistonda Akayev mahalliy hukumatni ochiq tanqid qilayotgan sanoqli qirg'iz siyosiy faollarining biri. Xalqaro inson huquqlarini kuzatuvchi tashkilotlar Qirg‘iziston hukumati siyosiy noroziliklarga toqatsiz bo‘lib qolganini va tanqidchilarning ovozini o’chirishga urinayotganini aytadi.

Buni ham ko'ring Moskva bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo bugun naqadar ehtiyotkor?

Rasmiy qasos olishdan qo‘rqib, ismini oshkor qilmaslik sharti bilan “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan qirg‘izistonlik huquq himoyachisining aytishicha, “rossiyalik dissidentlarga nisbatan munosabatni tanqid qilish” huquq himoyachilarini Qirg‘iziston hukumati bilan muammoga duchor qilishi mumkin.

Rossiyalik dissidentlarni qoʻlga kiritish evaziga, deydi faol, Moskva Rossiyadagi Qirgʻiziston hukumatini tanqid qilgan qirgʻiz faollarini topshirdi.

Rossiya hukumatining Markaziy Osiyodagi rus dissidentlariga qarshi harakati o‘z samarasini bermoqda.

2024-yil boshidan boshlab, yuzlab rossiyalik dissidentlarning Rossiyadan qochishiga yordam bergan “Rapid Response Unit” notijorat tashkiloti Qozog‘iston va Qirg‘izistonga odamlar yuborishni to‘xtatdi.

2023-yil avgust oyida qozog‘istonlik jurnalistlarga bergan intervyusida qozog‘istonlik huquq himoyachisi Yevgeniy Jovtis hibsga olingan rossiyalik faollarning aksariyati Qozog‘istonda qonuniy asosda bo‘lganini aytdi.

“Ularni jinoiy javobgarlikka tortish uchun qonuniy asoslar yoʻq, lekin ularni mamlakatdan tashqariga chiqarish ham qiyin. Ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar muddati tugash arafasida. Yangi hujjatlarni olish uchun ular Rossiya konsulligiga borishlari kerak”, — dedi Jovtis.

Markaziy Osiyoda Kremlga qarshi faollar ovozi o’chirilgach, Rossiya hukumati endi o'z e'tiborini Markaziy Osiyoning do'stona bo'lmagan nodavlat tashkilotlariga qaratmoqda.

Rossiya sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoygu fevral oyida boʻlib oʻtgan Rossiya hukumati yigʻilishida soʻzlagan nutqida Ukrainaga qarshi maxsus harbiy operatsiya fonida bu nodavlat tashkilotlar Rossiyaga qarshi faoliyatini sezilarli darajada oshirganini tilga oldi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya bunday nodavlat tashkilotlarga qarshi “maxsus profilaktika choralarini” ko‘rishi kerak.