"Katta yettilik" mamlakatlari tomonidan Ukrainaga va’da qilingan 50 milliard dollarlik kreditning 3 milliard dollari yaqinda Yaponiya tomonidan Ukrainaga ajratildi.
Rossiyaning Yevropada muzlatilgan aktivlari hisobidan qoplanishi ko’zda tutilgan bu kreditning eng yirik qismi - 20 milliard dollari AQSh tomonidan taqdim qilindi.
Kreditning qolgan qismi "Katta yettilik"ning boshqa a’zolari - Yevropa Itiifoqi davlatlari, Britaniya va Kanada hisobiga to’g’ri keladi.
Britaniya 3 milliard dollar ajratgan, avvalroq Yevropa Ittifoqi 39 milliard dollar miqdoridagi kreditni ma'qullagan edi.
Rossiyaning muzlatilgan aktivlari hisobidan Ukrainaga 50 millard dollarlik kredit ajratish qarori "Katta yettilik"ning iyun oyidagi sammitida qabul qilingan edi.
Bu mablag’ Rossiya armiyasiga qarshi kurashayotgan, aksariyat energetik obyektlari ishdan chiqqan holda qish mavsumiga hozirlanayotgan Ukraina uchun jiddiy yordam.
Qolaversa, bu kredit Ukraina zimmasiga ortiqcha og’irlik yuklamaydi, Rossiyaning Yevropa davlatlarida muzlatilgan 235 millardlik aktivlari foizlari hisobiga qoplanadi.
Ukraina bu mablag’ni energetik tuzilmasini tiklashga, shuningdek mudofaasini, harbiy sanoatini yaxshilashga sarflamoqchi.
Ukrainaga Rossiyaning muzlatilgan aktivlari hisobidan kredit ajratish qarori Rossiyaning xorijda muzlatilgan mablag’lari taqdiriga doir uzoq muhokamalar ortidan kuzatildi.
Buni ham ko'ring Pentagon Ukrainaga ajratilgan yordam qanday ishlatilayotganini yaqindan kuzatmoqdaAyrim ekspertlar bu mablag’larni Rossiya bosqinidan vayron bo`lgan Ukrainani qayta tiklash ishlariga bevosita yo`naltirish taklifini bergan, ammo Yevropada bunday radikal qarorga borishmadi, qolaversa, buning uchun huquqiy asoslar ham topilmadi.
Yevrokomissiya rahbari Fon Von der Leyen Kiyevga safari davomida Ukrainaga Rossiyaning muzlatilgan aktivlari hisobidan kredit ajratilishini ma'lum qilar ekan, bu mablag’ Rossiya hujumlaridan vayron bo`lgan Ukraina energetikasini tiklash uchun ham o’ta muhimligini ta’kidladi.
Fon der Leyen Ukraina energetikasini qo`llab-quvvatlash uchun qo’shimcha 180 million dollar yordam ajratilishi, buning 110 milliondan oshig’i ham bevosita Rossiya aktivlari hisobiga qoplanishini bildirdi.
Prezident Zelenskiy AQShga, Katta yettilik davlatlariga yordam uchun o’z minnatdorchiligini bildirdi; Rossiyaning Ukraina energetik obyektlariga qaratilgan terror hujumi to’xtamayotgan bir paytda bu mablag’ o’ta muhim ahamiyat kasb etishini aytdi.
So’nggi paytda Ukraina va Rossiya energetik obyektlarga hujumlarni to’xtatishga doir o’zaro maxfiy muzokara o’tkazayotganiga doir ma’lumotlar ham paydo bo`ldi.
Xalqaro matbuotning yozishicha, Yaqin Sharq davlatlaridan biri vositachiligida o`tkazilayotgan bu muzokaralarda tomonlar qish mavsumida energetik obyektlarni hujumga tutmaslik yuzasidan kelishuvga borishga intilishmoqda.
Ammo bu ma`lumot matbuotda paydo bo`lishi ortidan Moskva va Kiyev bunday muzokaralar mavjudligini inkor etib chiqdi.
Bu yilgi qish Ukraina uchun o’ta keskin kelishi, jiddiy sinov bo’lishiga doir farazlar kuchli; bu nafaqat Ukraina energetik obyektlarining aksariyati ishdan chiqqani, balki Rossiya armiyasi Ukraina hududiga tobora siljib kirayotgani bilan ham bog’liq.
Ayrim ma’lumotlarga ko`ra, so`nggi 3-4 oy davomida Rossiya armiyasi o’tgan bir yilga nisbatan bir necha barobarga ko’proq hududlarni egallagan; Donetsk viloyatining ma’muriy chegarlariga chiqishga yaqin turibdi.
Buni ham ko'ring Rossiya Ukraina hududlarini ishg'ol qilishda davom etmoqdaFrontdagi vaziyat, mamlakat qish arafasida turgani, AQShdagi saylovlar ortidan Ukrainaga yordam masalasi qirqilishiga doir xavotirlar inobatga olinsa, "Katta yettilik" ajratgan kredit Ukraina uchun hayotiy ahamiyat kasb etishi ko’rinadi.
Bu orada Vashington Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalarni aylanib o'tishda ishtirok etayotgan xalqaro kompaniyalarni ikkilamchi sanksiyalar ro'yxatiga kiritishda davom etmoqda. AQSh Moliya vazirligi 17 mamlakatdagi 400 dan ortiq shaxs va shirkatlarga qarshi sanksiyalar joriy qilganini ma'lum qildi. Ro‘yxatga Rossiya, Belarus, Xitoy, Hindiston, Shveysariya, Chili va Turkiya fuqarolari kiritilgan. Qozog'iston va O‘zbekistondagi ayrim kompaniyalar ham Rossiya bilan aloqalari tufayli “qora ro‘yxat”ga tushgan.