AQSh prezidentligi uchun saylov natijasi Ukrainada jiddiy xavotir bilan kutib olindi.
Ukrainlarning Donald Trampdan xavotir olishiga asosiy sabab – uning prezidentlikka saylangan taqdirda urushni 24 soat ichida tugatishiga doir bayonoti. Aksariyat ukrainlar uchun mamlakatning 20 foizdan oshiq hududi ishg’ol ostida qolayotgan bir sharoitda urush to`xtatilishi shubhasiz alamli mag’lubiyat, Zelenskiy hokimiyati uchun esa bu siyosiy inqirozni anglatadi.
Brinchilardan bo`lib Trampni saylovdagi tarixiy g’alabasi bilan tabriklagan Prezident Vladimir Zelenskiy bu qutlovi ortidan Tramp bilan telefon orqali muloqotda bo`lgani, suhbat ajoyib o’tgani, o`zaro muloqot, hamkorlikni davom ettirishga kelishilgani haqida xabar qildi.
Bu xabar ukrain jamiyatidagi xavotirlarni bir qadar aritdi, ammo yo’qotmadi. Jamoatchilikda, matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda urush front liniyasida to’xtatilishi, Ukraina tinchlik muzokarasini boshlashga majbur qolishiga doir munozaralar avj oldi.
Ayrim chiqishlarda Trampning saylovdagi g’alabasidan bir kundan oshiq vaqt o’tgani, ammo urush hamon davom etayotgani hazil tarzida kinoya ostiga olinadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Trampnining saylanishi bilan ukrainlarni jiddiy tashvishlantirgan xabarlardan biri NATO a’zoligiga bo`lgan umidlarning so’nishi bilan bog’liq. Prezident Bayden ham bu borada ukrainlarga aniq umid bergani yo`q, ammo buning ehtimoli unchalik ham uzoq baholanmayotgan edi.
Trampning NATOga munosabati, urushni Rossiya shartlari asosida to’xtatishga rozilik berishi mumkinligiga doir farazlardan kelib chiqilsa, Ukrainaning NATOga kirish umidi ancha vaqtga ortga surilishi ehtimoli yaqin.
Qolaversa, xalqaro matbuotdagi ayrim chiqishlarda Tramp jamoasi tomonidan shakllantirilayotgan tashqi siyosiy dasturda Ukrainaning NATOga qo’shilish harakatini 20 yilga muzlatish taklif qilinayotgani xabar qilinmoqda.
AQSh prezidentligiga Donald Tramp saylanishi Ukrainani qo’llab-quvvatlab kelayotgan ikkinchi yirik kuch Yevropa Ittifoqida ham xavotir bilan qarshilandi. Tramp pozitsiyasi Yevropa davlatlariga ham ta’sir ko’rsatishi, Kiyev uchun Yevropa yordami ham zaiflashishiga doir qarashlar bor.
Agar bungacha ham Yevropa Ittifoqida Ukraina masalasida hamjihatlik yetishmagani, ittifoqning ayrim a’zolari, xususan Vengriya Ukrainaga yordamni bloklab kelgani inobatga olinsa, qarshi davlatlar soni yanada oshishini kutish mumkin.
Ayni paytda Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Vengriya tashabbusi bilan ittifoq yetakchilari AQSh prezidenti saylovlari natijasini muhokama qilish uchun Budapeshtda yig’ilish o’tkazmoqda. Bu yig’ilishda Prezident Zelenskiy ham qatnashyapti.
Buni ham ko'ring Vengriya Yevropa Ittifoqiga sodiqmi yoki o’z manfaatini ko’zlayaptimi?Trampning Yevropadagi eng yaqin ittifoqchisi deb ko`rilayotgan Viktor Orban rahbarligida o`tayotgan bu yig`inda Yevropa davlatlari Tramp yetakchiligidagi AQSh bilan hamkorlik masalasini muhokama qilmoqda. AQSh va Yevropa Ittifoqi o’rtasidagi munosabatlar qanday shaklda davom etishi esa Ukraina uchun muhim, ayniqsa, harbiy yordam, qurol-yarog’ masalasida.
Donald Tramp prezidentlikka saylanishi ortidan hozircha Ukraina urushi masalasida ochiq bir bayonot qilmadi, faqat urushlarni to’xtatishini ta’kidlab o’tdi.
Amaldagi Prezident Jo Bayden Ukrainaga ajratilgan yordamni tezlashtirayotgani, vakolatini topshirishigacha qolgan ikki oy davomida o’zi xohlamagan tarzda tinchlik muzokarasiga o`tirishga majbur Ukraina pozitsiyasini kuchaytirish uchun tegishli harbiy-texnika yetkazishga harakat qilayotganiga doir xabarlar mavjud.