Amerikalik er-xotin Tayler va Nikki Chay Ukraina uchun pul yig'ish maqsadida xayriya marafonida ishtirok etmoqda. Juftlik Ukraina bo’ylab yugurishga yo’l olgan. Mamlakat g’arbidan to sharqigacha 1200 kilometr yugurib chiqmoqchi.
Amerikalik Tayler va Nikki Chay Ukrainaga Kaliforniya shtatidan kelishgan.
Ular Ruminiya chegarasidan to mamlakatning sharqida joylashgan Zaporojyegacha yugurib borishni maqsad qilgan. Olti hafta ichida jami 1200 kilometr masofani bosib o'tishmoqchi.
AQShda ular qurilish biznesi sohasida ishlaydi, broker. Ular talabalik davridan sport bilan shug’ullanib keladi. Olti oy oldin Ukrainaga kelishga qaror qilishdi. Ota-onalariga bu fikr yoqmadi.
“Bu yerga kelayotganimizdan xursand bo’lishmadi, albatta. "Mening ota-onam ham, Taylerning ota-onasi ham asabiylashishdi. Do'stlarimiz, oila a’zolarimiz biz uchun xavotir olishdi", - deydi Nikki.
Juftlik Kaliforniyada ukrainalik qochqinlar bilan uchrashgandan keyin shu qarorga kelgan.
“Ularga rahmimiz keldi. Ular bilan birga yig’ladik, jabrlanganlar bilan, otasini yo‘qotgan, eri bu yerda, xotini va bolalari esa u yerda bo‘lgan odamlar bilan”, - deydi Nikki.
Buni ham ko'ring Trampning g’alabasi Ukrainada qanday kutib olindi?Sentabr oyi boshida Nikki va Tayler Ukrainaga ikkinchi marta keldi. Bu safar Ukraina uchun pul yig'ish maqsadida marafon tashkil qilish uchun. Tayler boshida o’zi ham bir oz cho’chiganini aytadi.
“Qiyin, lekin ishonamanki, biror mushkul ishga qo’l urganingizda, bunga albatta jiddiy sabab kerak. Miyamda millionlab sabablar aylanib yotibdi, lekin eng asosiy sabab - bu ukrain xalqi uchun”, - deydi Tayler.
Er-xotin marafonni sentabrda boshladi. Ular besh kun uzluksiz kuniga 42 kilometr yugurmoqda. So‘ng bir necha kun dam olishadi, keyin yana yo’lga tushishadi.
“Umid qilamanki, bu Ukraina xalqini qoʻllab-quvvatlaydi. O‘zim haqimda o‘ylamaslikka harakat qilyapman, juda qiyin bo’lyapti. Lekin umidim shuki, buning Ukrainaga nafi tegadi”, - deydi Tayler.
Xayriya marafoni juftlikning do'stlari Rayan va Mila Birtcher tomonidan tashkil etilgan. Rayan Birtcher Kaliforniyadagi “Reaching Beyond Ourselves” xayriya tashkilotining ijrochi direktori. Ular ham yuguruvchilar bilan yonma-yon ketmoqda, faqat velosipedda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Ukrainaga ilk bor 2018-yilda kelganman, rafiqam bilan. Mariupoldagi do‘stlarimizni yoqtirib qoldik, 2022-yilda urush avj oldi, shunday damlarda ular bilan birga bo’lishimiz kerak deb o’yladik, yonma-yon, shunday qilib hozir shu yerdamiz”, - deydi Birtcher.
Juftlik xayriya marafonida ishtirok etish orqali dunyo ahliga Ukrainada urush hali davom etayotganini, ukrainaliklar hozir har qachongidan ham ko'proq yordamga muhtoj ekanini eslatib, odamlarni qo’llab-quvvatlashga chaqirmoqda.