Falastinning XAMAS harakati otashkesim bo’yicha kelishuv doirasida Isroil G’azoning shimoliy va janubiy hududlarini ajratib turuvchi Netsarim koridoridan qo’shinlarini chiqarganini tasdiqladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Xalqaro hayot - 10-fevral, 2025-yil - Isroil G’azo markazidan qo’shinlarini chiqardi
G’azoliklar endi sektorda bemalol harakatlanishi mumkin.
"Biz sobitmiz. Raketa hujumlariga qaramay, sabr qildik. Bizni oziq-ovqat va suvdan ayirishdi, ammo havodan ayira olishmadi. Omonmiz”, - deydi ulardan biri.
Uylariga qaytayotgan odamlar vayronalar ko’lamidan hayratda. Isroil qo’shinlari Isroil chegarasidan O’rta Yer dengizigacha cho’zilgan olti kilometrlik Netsarim koridorini urushning ilk oylarida bosib olgan edi.
Yahudiy askarlarning hududdan chiqarilganini g’alaba sifatida nishonlayotgan XAMAS aholi harakatlanishini nazorat qilish maqsadida politsiyachilarini safarbar etdi.
Tahlilchilar harakat mag’lub etilmaganiga ishora qiladi.
Bu o’rtada AQSh Prezidenti Donald Tramp uning mamlakati G’azoni xarid qilish va rivojlantirish ahdida qat’iy ekanini yana bir bor ta’kidladi.
“G’azoning ayrim hududlarini tiklash vazifasini Yaqin Sharqdagi mamlakatlarga yuklashimiz mumkin. Biroq sektorga egalik qilishga intilamiz va XAMASni undan siqib chiqaramiz”, - dedi Tramp.
XAMASning G’azodagi rahbari Xalil Hayya Trampning bu harakatidan foyda bo’lmasligini aytadi.
“Falastin ozod bo’lmaguncha qarshilik yo’lidan qaytmaymiz. G’alaba yoki shahidlik. G’arbning, Amerikaning, Trampning loyihasi ulardan oldingi loyihalar kabi muvaffaqiyatsizlikka uchraydi”, - deydi u.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Trampning G’azo Sektorini qo’lga olish rejasini muhokama qilishdan foyda yo’qligini aytadi.
“Hech kimning G’azo xalqini ularning abadiy vatanidan ko’chirishga kuchi yetmaydi”, - dedi Erdog’an.
Saudiya Arabistoni ham Tramp rejasiga qarshi, Isroil bilan aloqalarni o’rnatishdan oldin Falastin mustaqil bo’lishi kerak deya talab qilmoqda.
AQSh Milliy xavfsizlik maslahatchisi Mayk Uols ushbu reja tanqidchilariga shunday javob berdi:
“Bu joyni Yaqin Sharq Parijiga yoki 1970-yillardagi Bayrutga aylantira olmaysiz. 1,8 million aholi tog’-tog’ vayrona ichida va qashshoqlikda yasharkan, uning hayotini yaxshilay olmaysiz”, - deydi rasmiy.
Hozircha hammaning diqqati otashkesim kelishuviga amal qilishga qaratilgan. Dam olish kunlari XAMAS garovida bo’lgan tailandlik besh ishchi ozod etildi, Isroil qamoqxonalaridan esa 183 falastinlik chiqarildi.
Shu hafta Qatarda kelishuvning ikkinchi bosqichi bo’yicha muzokaralar boshlanishi mumkin.