BMT Xavfsizlik kengashi Afg’onistondan terror tahdidi oshmoqda, deya xavotir bilganidan bir kun o’tib, 11-fevralda Qunduzdagi xurujda kamida 5 kishi, jumladan Tolibon qo’mondonlaridan biri halok bo`lgan. Ayrim mahalliy manbalarga ko'ra esa o'lganlar soni ko'proq. Hozircha bu terror hujumi biror jangari guruh o`z bo`yniga olmagan.
Xavfsizlik Kengashi yig’ilishida BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari o`rinbosari Vladimir Voronkov bayon qilishicha, Afg’onistonda “ISHID -Xuroson” va “Al Qoida” kabi terrorchi guruhlar faoliyati jonlangan, Afg’onistonda dunyoning boshqa joylarida ham terror xurujlari uyushtirayotgan bu guruhlar o`z safiga Markaziy Osiyo fuqarolarini ham qo’shishga intilmoqda.
BMTda Afg’onistonda joylashgani taxmin qilinayotgan Sharqiy Turkiston islom harakati haqida ham gap borgan. Xitoyning BMTdagi elchisi Fu Kong deydiki, Sharqiy Turkiston islom harakati Afg’onistondagi boshqa terrorchi guruhlar bilan hamkorlikda mamlakatdagi faoliyatini jiddiy faollashtirgan.
Buni ham ko'ring Tolibon: AQShdan qolgan qurol-aslaha Afg'onistonnikiSharqiy Turkiston islom harakatiga Xitoydagi musulmon uyg’urlari huquqi uchun kurashayotgan guruh sifatida nisbat beriladi. Xitoy elchisi Tolibonni mamlakatdagi terrorchi guruhlar faoliyatiga chek qo’yishga chaqirgan.
BMT bildirgan xavotirlarga nisbatan munosabat bildirgan Tolibonning Ichki ishlar vazirligiga ko'ra, vahima o`rinsiz; Afg’onistondan mintaqaga ham, dunyoga ham tahdid yo`q; Tolibon mamlakat hududini mutlaq, ishonchli nazorat qilmoqda.
So´nggi paytda Afg’onistonda terrorchi guruhlar faollashganiga doir xabarlar ko`paydi. Tolibon ularni idora etish qudratida ega emasligi, mamlakatda AQShdan tomonidan qoldirilgan yirik harbiy texnik baza mavjudligi ta'kidlanadi.
Tolibon bu qarashlarni, jumladan BMT xavotirini ham inkor etib, xavfsizlikni ta'minlash qodirligini da'vo qiladi.
Yaqinda Tolibon Afg’onistondan O’zbekistonga olib chiqilgan harbiy texnikaning bir nechtasini, xususan yettita "Black Hawk" vertolyotini AQShga qaytarganidan toliblar norozi.
Tolibonning Mudofaa vazirligi 2021-yilning yozida afg'on harbiy uchuvchilari tomonidan O’zbekistonga olib qochilgan harbiy texnikani Afg´oniston xalqining mulki deb hisoblaydi, Toshkent va Vashingtonni ularni qaytarishga undab keladi.
Ma'lumotlarga ko'ra, deyarli to'rt yil oldingi tahlikali damlarda umimiy hisobda O’zbekistonga 46 ta, Tojikistonga 18 ta samolyot va vertolyotlar kelib qolgan.
O’zbekiston bu harbiy texnikaga AQSh mulki deb qaragan va Vashington bilan bu borada yaqindan hamkorlik qilgan.
Tolibon bundan g'azablanib, nafaqat Toshkent, balki Dushanbeni ham Afg'oniston mulkiga loqaydlikda ayblagan va ogohlantirgan edi.
Buni ham ko'ring Pentagon: AQSh-O'zbekiston harbiy hamkorligi joyidaLekin ko'plab tahlilchilar nazarida bunday norozilik Tolibonning O'zbekiston bilan munosabatlariga jiddiy zarar yetkazmagan, aksincha toliblar fursatdan foydalanib, muayyan imtiyozlar olishga harakat qilib kelmoqda.
Ammo AQShda Donald Trampning prezidentlikka kelishi jiddiy o’zgarishlar qilishi mumkin.
Tramp Amerika Afg’onistonni tark etganida milliardlab dollar qiymatga teng harbiy texnikani qoldirib ketgan, deya ta’kidlarkan, uni qaytarish sharti haqida ham so'z ochgan. Tolibon biror kelishuv istasa, Oq uy undan eski qurollarini so'rashi mumkin.
Tramp iqtidorga kelishi ortidan hozircha Afg’oniston masalasiga jiddiy diqqat qaratganicha yo´q, ammo “Amerika Ovozi” gaplashgan ekspertlar fikricha, bu masala yangilanishi mumkin. Vashington Tolibonga nisbatan keskin talablar bilan chiqishi ehtimolga yaqin, deydi ular.
Tolibon esa shu kunlarda o'z pozitsiyasini eslatib qo'ydi: mamlakatdagi urush davomida Afg’onistonga olib kirilgan va hokimiyat egallanishi davrida Afg’onistondan O´zbekiston va Tojikistonga olib chiqilgan harbiy texnika va jamiki qurol-yarog´ - Afg’oniston mulki.
Pentagon uning Afg’onistonda qolgan harbiy ashyolarini 7 milliard dollarga yaqin deb baholagan.