AQSh rahbari Donald Tramp 7-mart kuni kriptovalyuta sanoati liderlarini Oq uyga chorlab raqamli aktivlar kelajagini muhokama qilgan edi.
“Bilaman, ayrimlaringiz bu sohaga ko’pchilik bexabar bo’lgan paytda kirgansiz. Tabriklayman. Bugun tarixiy kun”, - dedi Tramp.
Uchrashuv mohiyatan AQShning kriptovalyutaga doir siyosatida katta burilish yuz berganini anglatadi. Bu soha liderlari Bayden ma’muriyati joriy etgan nazorat va tartiblardan nolib kelaylotgan edi.
Tramp saylovoldi chiqishlarida kriptovalyutaga doir qator va’dalar berdi. Kriptovalyuta sanoati liderlari uning saylanishi va inauguratsiyasi uchun millionlab dollar tikdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Xalqaro hayot - 12-mart, 2025 - Turkiya, Isroil, Suriya, kriptovalyuta, migrantlar
Tramp ma’muriyati ayrim kriptovalyuta kompaniyalariga qarshi taqdim etilgan sud arizalarini bekor qildi.
“Ma’muriyatim Bayden davrida kriptovalyutaga qarshi avjiga chiqqan federal byurokratiya urushini tugatish payida”, - dedi Tramp.
Oq uy rahbari strategik bitkoin rezervini tashkil etish to’g’risidagi farmonni imzoladi.
AQSh hukumati jinoiy yoki fuqarolik sudlarida dunyoda eng ko’p muomalada bo’lgan kriptovalyuta - bitkoinlarni musodara qiladi. Endi musodara qilingan bitkoinlar saqlab qolinadi, avvalgiday sotib yuborilmaydi. Soliq to’lovchining pulidan foydalanilmaydi, - deydi Tramp.
Pyu tadqiqot markazi oktabr oyida o’tkazgan so’rovga ko’ra, aksariyat amerikaliklar krpitovalyutalarning xavfsizligidan xavotirda. Tanqidchilar nazdida, krpitovalyuta iste’molchi va moliyaviy tizim uchun birday tahlikali.
Bitkoin zaxirasining tashkil etilishi investorlarning raqamli aktivlarga ishonchini oshirishi mumkin.
“Bu kriptovalyutani qonuniylashtirish tomon qadam. Hukumat unga egalik qilar ekan, kriptovalyutani sotib olish qonuniy degani”, - deydi Amerika Tadbirkorlik instituti vakili Pol Kupiek.
Ayrim ekspertlar nazdida, AQSh kriptovalyuta bozorida liderlik qilishi kerak.
“Biz davlat valyuta tizimiga muqobil ikkinchi moliyaviy tizimni joriy qilayapmiz. Moliyaviy qudratini yo’qotishni istamasa, AQSh bu o’yin maydoniga kirishi lozim. Bundan AQSh fuqarolari manfaatdor”, - deydi Kaliforniya universiteti professori Olaf Grot.
Bitkoin rezervini tashkil etish uchun ilk qadam AQSh hukumati ixtiyorida qancha bitkoin borligini aniqlash.
Oq uy rasmiylariga ko’ra, hukumat 200 mingta bitkoinni o’zlashtirgan. Qiymati 17 milliard dollarga teng.