Missuri shtati g‘aznachisi Vivek Malek shtatning asosiy nafaqa jamg’armasidan Xitoy kompaniyalariga qilingan sarmoyalarni qaytarib olishni talab qildi. Shu bilan Missuri bunday ishga qo’lgan urgan AQShdagi ilk shtatlardan biriga aylandi. Qayta saylanishga intilayotgan Malek endi Xitoyga kiritilgan investitsiyalarni ham bekor qilishni targ‘ib qilmoqda. U bilan raqobatlashayotgan boshqa nomzodlar ham Xitoy bilan moliyaviy aloqalarni uzishga chaqirmoqda.
Missuri g‘aznachiligi uchun kechayotgan bu poyga Xitoyga qarshi kayfiyatning yangi bosqichi sifatida ko’rilmoqda. Bu yilgi saylovda ko‘plab nomzodlar Xitoyni AQSh uchun eng katta tahdid sifatida aytmoqda. Indiana va Florida ham o'zining davlat pensiya jamg'armalarini ba'zi Xitoy kompaniyalariga sarmoya kiritishdan chekladi. Dushman sifatida ko’riluvchi xorijiy mamlakatlarga davlat investitsiyalarini cheklovchi qonun loyihalari Arizona shtatida veto qilindi; Illinoys va Oklahomada esa taklif qilindi.
Xitoy iqtisodiyoti hajmiga ko‘ra dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.
Endryu King boshchiligidagi “Future Union” notijorat demokratik guruh tahliliga ko'ra, 2018 va 2022-yillar oralig'ida AQSh davlat pensiya va universitet jamg'armalari Xitoyga taxminan 146 milliard dollar sarmoya kiritgan. Hisobotda aytilishicha, AQSh shtatlarining to‘rtdan uch qismi Xitoy va Gonkongga investitsiya kiritgan kamida bitta davlat pensiya fondiga ega.
“Ochig'ini aytganda, bu investitsiyalar hozirgi kunda ham davom etayotgani uyatli holat bo'lishi kerak”, - deydi King.
Unga ko’ra, Xitoy Amerika kompaniyalarining intellektual mulkidan foydalanib, bozor narxlarini pasaytiradigan mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.
“Gap katta miqdordagi pul haqida bormoqda. Xitoy, to‘g‘risini aytganda, AQShning texnologiya va innovatsiya ekotizimi bilan raqobatlashmoqda”, - dedi King.
Ammo ba'zi investitsiya mutassaddilari va iqtisodchilar shtat investitsiyalarini qaytarish siyosati nafaqaxo‘rlar uchun investitsiya daromadlarini susaytirishi mumkinligidan xavotir olmoqda.
“Ushbu chora-tadbirlarning aksariyati aqldan emas va AQSh fuqarolarini qashshoqlikka olib keladi”, - deydi Texas Texnologiya universiteti qoshidagi Erkin bozor instituti ijrochi direktori, professor Ben Pauell.
Davlat pensiya ma'murlari milliy assotsiatsiyasi hukumat tomonidan belgilangan aktivlarni qaytarishga qarshi bo'lib, bunday buyruqlar faqat federal hukumat tomonidan AQSh xavfsizligi yoki insonparvarlik manfaatlaridan kelib chiqqan holda muayyan kompaniyalarga berilishi kerakligini aytadi.
AQSh Moliya vazirligi yaqinda amerikalik investorlarga Xitoyda harbiy maqsadda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan sun’iy intellekt tizimlarini moliyalashtirishni taqiqlashni taklif qildi. May oyida Prezident Jo Bayden Xitoy tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kriptovalyuta qazib olish firmasiga Vayomingdagi yadroviy raketa bazasi yaqinidagi yerga egalik qilishni taqiqladi va buni “milliy xavfsizlikka tahdid” deb atadi.
Shtatlarning ayrim davlatlarga sarmoyalarni cheklashi birinchisi marta yuz bermayapti. AQSh Kongressi chora ko'rishdan oldin ko'plab shtatlar, shaharlar va universitetlar irqchilik siyosati tufayli Janubiy Afrikaga sarmoya kiritishdan voz kechgan edi. Ba'zi shtatlar esa sog'liq muammolariga qarshi turish siyosati asosida tamaki kompaniyalariga sarmoya kiritishni istamaydi.
Yaqinda ba'zi shtatlar Ukraina urushi bois Rossiyaga investitsiyalar to'xtatilishini e'lon qildi. Ammo buni amalga oshirish ba'zi davlat pensiya fondi ma'murlari uchun qiyin kechdi.
Arkanzas universiteti qoshidagi Milliy qishloq xo'jaligi huquq markazi ma'lumotlariga ko'ra, hozirda yigirmata shtatda xorijliklarning qishloq xo'jaligi yerlariga egalik qilishini cheklovchi qonunlar mavjud. Floridada Xitoy fuqarolariga harbiy obyektlar va muhim infratuzilmalardan 16 kilometr masofada mulk sotib olishni taqiqlaydigan qonun huquqiy tortishuvlarga sabab bo’ldi.
Davlat pensiya investitsiyalarini to‘xtatish siyosati “Xitoy va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida ko‘proq qarama-qarshilikka yo‘naltirilgan kengroq qadamning bir qismidir”, Kato institutining savdo siyosati tadqiqotlari bo‘yicha ilmiy xodimi dedi Klark Pakard.
So'nggi haftalarda Malek o'zining saylovoldi reklamalarida Xitoydan investitsiyalarni to'xtatishni ta'kidlamoqda.
“Men g‘aznachi ekanman, ular bizdan bir tiyin ham pul olmaydi”, - deb va'da berdi u.
Malekning Respublikachilar ichki partiya saylovidagi asosiy raqiblaridan ikki nafari — shtat vakili Kodi Smit va shtat senatori Endryu Koenig ham Xitoydan investitsiyalarni chiqarishni qo'llab-quvvatlamoqda.
Koenigning aytishicha, Xitoy tobora beqaror bo‘lib bormoqda va “investitsiya qilish uchun yanada xatarli joyga aylanmoqda”.
“Xitoyda davlat va xususiy sektor o'rtasidagi chegara Amerikadagiga qaraganda ancha noaniq, - dedi Smit. - Shuning uchun, agar biz Xitoy kompaniyalariga investitsiya qilsak, AQSh dushmaniga yordam bermayotganimizga to'liq ishonch hosil qila olmaymiz”.
Florida gubernatori Ron DeSantis tomonidan shu yil boshida imzolangan qonunga ko‘ra, pensiya tizimini nazorat qiluvchi davlat kengashi 1-sentabrgacha Xitoyga tegishli kompaniyalardan investitsiyalarni chiqarish rejasini ishlab chiqishi kerak. Nazorat kengashi 2022-yil mart oyida Xitoyga yangi investitsiyalar kiritishni to‘xtatishini e’lon qilgan edi. Florida qonunchilik xodimlarining tahliliga ko‘ra, may oyida, hali ham Xitoyga tegishli banklar, energetika firmalari va alkogol kompaniyalari kabi tashkilotlarda taxminan 277 million dollar sarmoya bor.
Florida qonuni allaqachon Kuba, Eron, Sudan, Venesuela bilan bog'liq yoki Isroilga qarshi iqtisodiy boykot qo’llayotgan ayrim kompaniyalarga investitsiya kiritishni taqiqlaydi.
Aprel oyida Arizona gubernatori Keti Hobbs federal hukumat tomonidan xorijiy dushmanlar sifatida belgilangan mamlakatlardagi kompaniyalardan investitsiyalarni chiqarishni talab qiluvchi qonun loyihasini veto qildi. Ushbu ro‘yxatga Xitoy, Kuba, Eron, Shimoliy Koreya, Rossiya va Venesuela kiradi.
Xobbs qonunchilarga yo'llagan maktubida bu chora “Arizonada kuzatilayotgan iqtisodiy o'sishga hamda shtatning investitsion profiliga zarar yetkazishi”ni aytdi.