Quyidagi voqea Afrika g’arbida, Sierra Leoneda ro’y berdi, ammo fuqarolik urushidan xarob bo’lgan o’ndan ortiq boshqa davlatlarda ham bu oddiy hol. Mashhur prodyuser Sorius Samura suhbatlashgan yosh ayol, Mariamaning aytishicha, uni shafqatsizligi bilan tanilgan bir isyonchi guruh maktabidan o’g’irlab, yillar davomida jinsiy asira sifatida saqlagan.
Guruh qo’mondoni meni singlim deb atagan bo’lsa-da, uning odamlari nomusimga tegishardi, deydi Mariama:
- Guruh rahbari menga tekkani yo’q, lekin u yo’qligida qolganlar meni zo’rlashardi. Qarshilik ko’rsatsang, o’ldiramiz deyishardi. Meni zo’rlash odatiy hol bo’lib qolgandi. Hayotimni saqlab qolish uchun, bunga ko’z yumdim. Bir kun kelib ozod bo’lishimni bilardim.
Mariamaning ochiq-oydin gapirishi ajablanarli, chunki urush zonalarida azob chekkan bolalar bu haqda kamdan-kam gapirishadi. Ammo, afsuski, Mariama o’z dardida yakka emas.
Birlashgan Millatlar tashkilotining bolalarni himoyalash bo’yicha agentligi, UNICEFga ko’ra, har yili millionlab bola qullikka sotib olinadi, sotiladi yoki o’g’irlanadi. “Bolalarni Qutqaring” nomli tashkilotning aytishicha, ba’zilari 8 yoshda bo’lgan 120 mingdan ortiq qizlar va ayollar, asosan Afrikada qurolli janglarga majburan jalb qilinganlar.
Urush zonalarida qizlar ayniqsa xavf osida, deydi zo’ravonlik va jinsiy qullik masalalari bo'yicha UNICEF maslahatchisi Pamela Shifman:
- Urush joylarida odam savdosi rivojlanadi. Sabab, bunday paytda qonunga hech kim bo’ysunmaydi; chegaralarning zaifligi bolalarni bir mamlakatdan ikkinchisiga olib o’tishni osonlashtiradi. Bizga ma’lumki, bolalar, ayniqsa qizlar, jinsiy zo’ravonlik va ekspluatatsiyaga uchraydilar. Shuningdek, dunyo bo’ylab, to’qnashuv zonalarida zo’rlash urush quroli sifatida ishlatilganiga shohidmiz. Odatda bunday paytda fohishabozlik ham ko’payib ketadi. Bu ishga bolalar va qizlar jalb etilishi ayanchli.
Eng ashaddiy zo’ravonlik urush zonalarida ro’y bersa-da, bolalarni jinsiy qullik uchun olib-sotishning chegarasi yo’q, deydi Shifman. Unga ko’ra, bola savdogarlari o’z ishlarida o’ta puxta.
- Ba’zida bolalar odam savdogarlarlari qo’liga qalbaki e’lonlar orqali tushadi. Ba’zida o’smirlar savdogarlar to’riga baxtliroq, to’qroq hayot izlab, ilinadilar. Ammo eng asosiy sabablardan biri shu-ki, bunday bolalar ilojsizlik qurbonlaridir. Ular o’zlari va oilalarining yashashi uchun boshqa chora topmaydilar, shuning uchun odatda har narsaga ishonadilar va har narsa qilishga tayyor turadilar.
Bola savdosining asosiy makoni Afrika qit’asi bo’lsa-da, mutaxassislarga ko’ra bu muammo sayyoramizning har qanday nuqtasida hukmron.
Namik Shehaj Albaniyada UNICEF yordami bilan bolalarni himoyalash dasturiga boshchilik qiladi. Ota-onalar ba’zida tushkunlikdan farzandlarini sotishadi, deydi u:
- Bizda ota-ona uchun pul topishning bir yo’li bu bolalarini Gretsiyaga yuborishdir. Bu holat yuqumli kasallikka o’xshaydi. Masalan, qo’shningiz o’z bolasini u yerga yuborgan bo’lsa, buning ustiga o’zi ham borgan bo’lsa, sizda “men ham yuborsam bo’ladi-ku” degan fikr tug’iladi. Demak, bolalarning sotilishi va ekspluatatsiya qilinishining sababi ayon – bu oilaning og’ir iqtisodiy ahvoli.
Bolalarni himoyalash faollarining aytishicha, uyushgan jinoiy guruhlar oilalarning o’gir ahvolidan foydalanib, bolalarni arzimagan pulga sotib olishadi. Ko’p hollarda, yosh qizlar fohishabozlikka jalb qilinadi.
Shehajning tashkiloti tomonidan qullikdan ozod etilgan 15 yoshli Yasmina avvaliga ko’cha gadoyi sifatida sotilgan. Keyinchalik esa fohishabozlikka majbur qilingan.
"Men atigi to’rt yoshda edim,"- deydi u. "Qo’shnimizning uyida edim. U otamga pul berib, meni Gretsiyaga olib ketdi. Otam unga “qizimni olib ket, o’sha yerda saqla” dedi. Todi ismli bu qo’shnimiz otamga 25 ming leke pul berdi. Otam meni sotib yubordi desa ham bo’ladi."
Karol Belami oxirgi 10 yil ichida UNICEF tashkilotiga rahbarlik qilib keldi. Uning aytishicha, bola savdosidan qutulishning aniq bir chorasi yoq. Gap shundaki, bola savdosi juda katta daromad keltiradi, deydi u:
- Ko’p hollarda bola savdosi juda daromadli, uyushgan jinoyatchilar tomonidan qo’llab-quvvatlanadigan biznes. Shunday ekan, qonunlarni, bosimlarni chetlab o’tadigan qonunbuzarlar har doim topiladi. Yanada ko’proq bosim o’tkazish kerak, ko’proq qonunlar yaratish kerak, odam savdosiga ko’proq e’tibor berish kerak. Lekin dushmanimiz juda kuchli va quvvatli, shuni unutmaylik.
Bola savdosi aynan daromadli bo’lgani uchun, afsuski, UNICEF tashkilotiga rahbarlik qilgan davrimda, bola savdosiga kuchli zarba berish qiyin bo’ldi, deydi Belami. Bu biznesdan tushadigan foyda narkotik moddalar va qurol savdosi daromadiga yetib oldi.
Barcha dahshatli voqealarni eshitgan va statistika ma’lumotlarini o’qigan sari kishi ba’zida umidsizlanadi, deydi Belami. Ammo UNICEF rahbarligini topshirar ekan, Belami xonim bolalarni ekspluatatsiya qilish masalasiga xalqaro hamjamiyatning e’tiborini qaratish, o’tgan yillarda UNICEFning asosiy yutug’i bo’ldi, dedi.
Belamining fikricha, endilikda jahon davlatlari bu jinoyatga ko’z yuma olmaydilar.