Deyarli bir yillik tanaffusdan so’ng, Amerika Ovozi o'zbek tilidagi radio eshittirishlarini qayta tiklashga qaror qildi. Tabiiyki, nima uchun, degan savol tug’iladi.
Amerika Ovozi ning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo muharririyati boshlig’i Ismoil Dohiyot bu dasturlar ahamiyati haqida shunday deydi:
- O’zbekiston xalqini mamlakat, mintaqa va butun dunyo miqyosida ro’y berayotgan voqealardan boxabar qilish zaruriyati bor ekan, O’zbek xizmati yana radio eshittirishlar berishni boshlagani juda quvonchli hol. Jurnalistlarimizga tashkilotimizning kasbiy qonuni va xartiyasiga to’la-to’kis rioya qilish uqtiriladi. Amerika Ovozi xartiyasida, bizning jurnalistlarimiz ommaga, qaysi tilda axborot uzatayotganidan qat’iy nazar, xolis, ishonchli va aniq ma’lumot beradi, deb ko’rsatilgan. Dasturlarimizda AQSh demokratiyasi, davlat tuzumi, jamiyati va qadriyatlarini yoritishni ham o’z bo’ynimizga olganmiz. AQSh hukumati, turli no-hukumat va xususiy manbalardan kelayotgan fikr va mulohazalarni xolis va adolatli tarzda yoritish bizning burchimizdir. O’zbek tilidagi dasturlarimiz ham xuddi shu qoidalarga binoan tayyorlanadi va uzatiladi. Tinglovchilarimizga - yangilik ijobiymi yoki salbiy- haqiqatni aytishga so’z beramiz.
Ma’lumki, Amerika Ovozi O’zbek xizmati 2003 yilning 1 dekabridan e’tiboran televizion dasturlar uzatib kelmoqda. “Amerika Manzaralari” turkumi ostida AQSh siyosati, ijtimoiy hayoti, ilm-fan, atrof-muhit va madaniyat bobidagi rang-barang lavhalar O’zbekistondagi turli xususiy television kanallar orqali xonadonlarga kirib bormoqda. Janob Dohiyotning tasdiqlashicha, xizmat eshittirishlar qatori televizion faoliyatini ham davom ettiraveradi.
- O’zbek tilidagi haftalik yarim-saotlik tele-ko’rsatuvimiz uzatilishda davom etadi. Muxlislarimizni Internet sahifamiz orqali dunyo voqealaridan xabardor bo’lib turishga va dasturlarimizni tinglab, tomosha qilishga taklif qilamiz.
Yarim-saotlik radio dasturlar har kuni Toshkent vaqti bilan kechki 8:00 da efirga chiqadi. Hozircha qisqa to’lqinda 19, 25, 26 metrlarda va orta tolqinda 801 metrda tinglash mumkin.
"Bizning fikrimizcha, Amerika Ovozi dunyo hamjamiyatidagi muhim bir davlat, ya’ni AQShda bo’layotgan siyosiy, iqtisodiy, madaniy o’zgarishlarni va bu jamiyatning turli xalqaro masalalarga nisbatan munosabatini yoritishdek kuchli salohiyatga ega,"-deydi janob Dohiyot, "Nafaqat AQSh siyosatini, balki shu siyosatga nisbatan munosabatni ham xolis ravishda ayon qilish bizning muhim vazifamizdir."