Dunyoning 72 mamlakatida ko’ngilli xizmat ko’rsatadigan Tinchlik Korpusi tashkiloti ham AQSh hukumati, ham xalqi tomonidan g’urur bilan tilga olinadi. Rivojlanayotgan davlatlarda ijtimoiy taraqqiyot yo’lida yordam ko’rsatuvchi dastur, O’zbekistondagi 12 yillik faoliyatidan so’ng, shu yilning iyunida mamlakatdan chiqib ketayotganini ma’lum qildi.
O’zbekistondan kutilmaganda chiqib ketish haqida xabar kelar ekan, Buxoroda ishlayotgan Ezra Spitzer va uning rafiqasi Sherri nima bo’layotganini darrov anglay olmadilar. Toshkentdan kelgan qo’ng’iroq ularga tezlikda poyezdga chiqib, poytaxtga kelishni va shu tariqa samolyotga o’tirib, AQShga qaytishni buyurdi.
- Bugun kechasi ketasan, zarur narsalaringni yig’ishtir, deyishdi. Tashkilotimiz bu buyruqni berarkan, ulardan qaytib kelamizmi, Amerikaga qaytayapmizmi, deb so’radim. Hech narsa deya olmaymiz, bu borada hamkasblarga yoki tanishlarga aytmang, deyishdi. Juda shoshilib qoldik. Tushkunlikka tushdik,"-deydi janob Spitzer.
Janob Spitzer Buxorodagi ayollar markazida ishlardi. Erkak kishi bo’lgani uchun ko’mak izlab kelgan ayollar masalasi bilan to’gridan-to’gri shug’ullanmasa-da, markaz faoliyati uchun mablag’ to’plash, grantlar olish uchun murojaat qilish va boshqa tashkiliy masalalar bilan mashg’ul edi. Shuningdek, rafiqasi kabi ingliz tilidan ham dars berib turar edi.
"Boshlang’ich sinf o’quvchilariga ingliz tili o’rgatayotgan edim," - deydi Spitzer xonim. Undan tashqari o’qituvchilar bilan o’qitish usullarini o’rtoqlashayotgan edi. "Chunki, men u yerda vaqtincha dars berib, baribir ketaman, bu o’qituvchilar esa ta’lim berishda davom etishadi, deb ularga ingliz tilini o’rgatish haqida qo’shimcha kurslar berayotgan edim. Birgalikda yangi dars rejasi ishlab chiqayotgan, yangi kutubxona ochish niyatida edik,"- deydi u.
O’zbekistonga borishlari arafasida ko’pchilik rus tilini o’rganishni maslahat bersa-da, o’zbek tilini o’qib, uni gapirishga intilgan er-xotin Buxoroda juda do’stona muhitda yashashgani va mahalliy aholi bilan yaqin muomalada bo’lgani haqida quvonib eslaydi. Janob Spitzer, amerikaliklarga O’zbekiston xalqining naqadar mehmondo’st ekani haqida gapirib beraman, deydi:
- Madaniy jihatdan, odamlar meni juda iliq kutib olishdi. Qilayotgan ishim, maqsadim haqida eshitib, lol qolishayotganini, shunday uzoq yurtdan kelib, bu yerda mahalliy masala bilan shug’ullanayotganim ularga ma’qul ekanini ko’rdim. Ammo, buni uncha yoqtirmagan odamlarni ham ko’rardim. Ayniqsa, xotin-qizlar hayoti bilan bog’liq masalalarda. Ba’zilar nazarida, uyda ayollarga zo’ravonlik qilinishi muammo emas ekanini ko’rardim.
Janob Spitzer O’zbekiston xonadonlaridagi zo’ravonlik muammosini yaqindan kuzatganini va bu jiddiy masala ekanini aytarkan, Buxoroda unga qarshi qattiq kurash olib borayotgan kichik mahalliy doiralar bor, deya qo'shib qo’yadi.
"Ayollar markazi faoliyati uchun grant so’rab, ayollar taraqqiyoti uchun xalqaro jamg’arma va Birlashgan Millatlar Tashkilotining turli dasturlariga murojaat qilardik. Hozirda O’zbekistonda chetdan mablag’ olish juda qiyin bo’lib qolgan,"-deydi u.
Janob Spitzer hamkorligida Buxorodagi ayollar markazi shahar turizmidan foydalanib, yangi loyiha boshladi. Sobiq ko'ngillining aytishicha, mahalliy aholi chet ellik sayyohlarga mezbonlik qilib, shahar madaniyatini ko’z-ko’z qiladi va bu xizmatdan tushgan pul mahalliy xotin-qizlar manfaati uchun sarflanadi.
1961yilda AQSh hukumati tomonidan tashkil etilgan Tinchlik Korpusi rivojlanayotgan dunyoda asosan ta’lim, yoshlar bilan ishlash, mahalliy taraqqiyot, atrof-muhit muhofazasi, informatsion texnologiya sohalarida yordam beradi. Ko’ngillilar davlatlardagi siyosiy hayotga aralashmaydi.
Tinchlik Korpusining bildirishicha, O’zbekistondan chiqib ketishga sabab bu hukumatning tashkilot xizmatchilariga viza va boshqa zarur hujjatlar bermagani bo'ldi.
Yaqinda vataniga qaytgan va Buxorodagi sermazmun kunlarini, yakunlamay tashlab kelgan loyihalarini qumsayotgan Spitzerlar nazarida esa, aholining eng quyi va rivojlanishga muhtoj qismi bilan ishlayotgan amerikalik ko’ngillilar rasmiylarni cho’chitgan bo'lsa, ajabmas.
- Menimcha, O’zbekiston hukumati tobora qattiqqo’llashib bormoqda,- deydi janob Spitzer. "Biz ko’ngilli xizmatchilar edik. Oddiy odamlar orasida ishlardik. Hoh bozorda mahalliy aholi bilan gaplashaylik, hoh ingliz tili o’rgataylik, hoh zo’ravonlikka uchragan xotin-qizlar bilan muloqot qilaylik, bizning ishimiz odamlarga, jamoa sifatida va invidual jihatdan qandaydir darajada kuch-quvvat, tetiklik ba’gishlayotgan edi. Nazarimda, shu hol markazlashgan hukumatni qo’rquvga soldi."
Ishni yarmida tashlab ketishga majbur bo’lish Spitzer xonimni ham unchalik xursand qilmagan bo'lsa-da, O’zbekiston ta’lim tizimida ozgina bo’lsa ham yangilik qilish uchun boshlagan loyihasi u yerda orttirgan yaqin hamkasblari tomonidan davom ettirilishiga ishonadi.
- Yangi dars rejasi ustida ishlayotgan hamkasbim juda mahoratli o’qituvchi,- deydi u. "Biz hozir u bilan tez-tez aloqada bo’lmasak-da, uning loyihani davom ettirib, bitirishiga ishonchim komil. Buxorodagi hamkasbim, birgalikda boshlagan ishimizning samarasini ko’radi. O’zbekistonda ozgina bo’lsa-da, xizmat qilganimni bilaman."