O'zbekistonlik o'n ayol 2005 yilning Tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzod sifatida Shveysariyiadagi nodavlat tashkilot tomonidan ko'rsatildi. Ular "Tinchlik uchun Nobel mukofotiga 1000 ta ayol" tashabbusi orqali bunday oliy unvonga da'vogarlik qilish uchun tanlangan. Jahonning 150 mamlakatidan tanlangan 1,000 ta ayol Ukraina prezidenti Viktor Yushenko, marhum Rim Papasi Ioann Pavel Ikkinchi, sobiq Chexiya prezidenti Vaslav Xavel va boshqa jami 199 ta tashkilot va shaxslar qatorida bu yilgi sovrin uchun bahslashadilar. O'tgan yili nomzodlarning soni 194 ta edi.
"Tinchlik uchun Nobel mukofotiga 1000 ta ayol" tashabbusi ostida Mustaqil Hamdo'stlik Davlatlariga a'zo 10 ta mamlakatdan 83 ta ayolning nomlari ko'rsatilgan. Eng ko'pi Rossiya, O'zbekiston va Ukrainadan. Tashabbusdan maqsad - dunyo ayollarining Yer yuzida tinchlikka qo'shgan hissasini alohida belgilash.
Tinchlik uchun Nobel mukofoti eng oliy xalqaro sovrinlardan biri bo'lib, u 1901 yildan beri taqdim etiladi. Roppa-rosa yuz yil ilgari ilk ayol Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati bo'lgan. O'tgan ikki yil davomida ham oliy mukofotni aynan ayollar olgan edi. Tinchlik yo'lida jami 12 ta ayol bunday yuqori sharafga muyassar bo'lgan.
O'zbekiston vakillarining nomzodlari Nobel premiyasiga ilk marotaba taqdim etildi. Ko'pchilik buni judayam "sharafli va faxrlansa arzigulik hol" deb ta'kidlamoqda, biroq "Tinchlik uchun Nobel mukofotiga 1000 ta ayol" tashkiliy qo'mitasining Internetdagi saytida berilgan 150 davlatdan mingta nomzod-ayollarning ro'yxatida O'zbekistondan boshqa barcha davlatdan tanlangan nomzodlarning ism-shariflari bor. Aynan O'zbekistonga kelganda, "biz bu ayollarning nomlarini ularning xavfsizligini e'tiborga olgan holda, ayni damda oshkor qila olmaymiz" deyiladi, saytda. Bernda joylashgan tashkiliy qo'mita vakili Maren Xaartye bu iltimos o'zbekistonlik ayollarning o'zidan tushganligini aytdi.
Maren Xaartye: "Menimcha, bu mamlakatdagi siosiy vaziyat bilan bog'liq. Ayollar xavf ostiga tushgan edilar. Shuning uchun hozircha ularning nomlarini saytimizga chiqarmay turishga qaror qildik."
"O'lim jazosiga va qiynoqlarga qarshi O'zbekiston onalari" deb nomlangan inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot raisi Tamara Chikunova, ayollarni ko'klarga ko'tarish o'rniga ularga tazyiq o'tkazayotgan O'zbekiston hukumati katta xato qilyapti, dedi.
Tamara Chikunova: "Nomzodlarning ro'yxati 29 iyun kuni chiqqan edi. Barcha mamlakatlardan. Hattoki Afrikaning eng qoloq mamlakatidan ham. Markaziy Osiyodagi davlatlar ham o'z nomzod-ayollarining nomlarini ma'lum qildilar va ular bilan faxrlanishlarini aytdilar. Biroq nega o'zekistonlik ayollar bunday sharafga muyassar bo'lmadilar? Bilishimcha, ularni prokuraturaga chaqirib, ularga asossiz ayblar qo'yilgan. Men bu ayollarga qoyilman, chunki ular tinchlik yo'lida, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish va qashshoqlikka qarshi kurash yo'lida ko'p mehnat qilganlar."
Nomzodlarni tanlash vazifasi har bir mintaqa yoki davlatda muvofiqlashtiruvchi lavozimini bajaruvchi odamlarga yuklatiladi. Markaziy Osiyo bo'yicha loyiha koordinatori Marina Pikulina ham yuzaga kelgan vaziyatdan hayron. Tinchlik yo'lida o'z hissasini qo'shgan, mamlakatda inson huquqlari uchun kurashgan hamda ayollar muammolari bilan shug'ullanib kelayotgan o'zbekistonlik nomzod-ayollarga bo'lgan bunday munosabatga sabab, loyihaning boshidan hukumat bilan o'zaro kelishmagan holda ish qilingani ham bo'lishi mumkin, deydi.
Marina Pikulina: "Tashkilotimizning shveysar idorasiga o'zbekistonlik ayollarning ayrimlaridan o'z ishlarida qiyinchiliklariga duch kelayotganliklari haqida arz tushgan. Shuning uchun ularning iltimosini inobatga olib, nomlarini hozircha ma'lum qilmaslikka kelishdik. Meni bu hol ajablantirmoqda. Menimcha, tinchlik uchun kurash bu shunaqangi muhim narsaki, unga barcha bel bo'glashi kerak. Nobel mukofotiga nomlari ko'rsatilgan bu ayollar bilan O'zbekiston faxrlanishi kerak. Muammoning bir tomoni biz bu ishni hukumat bilan birgalikda olib bormayotganimiz va hukumatdagi ayollarning nomzodlari ko'rsatilmaganligi bo'lishi mumkin, biroq shuni aniq qilib aytish kerak, "Tinchlik uchun Nobel mukofotiga 1000 ta ayol" tashabbusi nodavlat harakat bo'lib, nomzod-ayollar faqatgina nodavlat sektorlardan tanlanganlar."
Biroq 10 ta nomzodning biri, O'zbekiston tadbirkor ayollar nodavlat uyushmasi raisi Dildora Alimbekovaning aytishicha, uning o'ziga hech kim do'q-po'pisa qilmagan va uning bu haqida hech narsadan xabari yo'q. O'zbek ayollarining nomlarini oshkor qilmaslik ularning xavfsizligi uchun ekanliklari haqidagi ma'lumotlarni u faqatgina Internetdan o'rgangan.
Nomzodi ko'rsatilgan mingta ayolning qur'a orqali tanlangan atigi uchtasi dekabr oyida Norvegiya poytaxti Osloda bo'lib o'tadigan taqdimot marosimida ishtirok etadi. "Tinchlik uchun Nobel mukofotiga 1000 ta ayol" tashabbus guruhi g'olib chiqqan taqdirda, 1,5 million dollarga yaqin premiya pul Tinchlik fondiga o'tkaziladi.