AQSh Davlat departamenti rasmiysi o'zbek-amerika aloqalari haqida

O'zbekiston-AQSh aloqalari hozirda ikki davlat munosabatlari tarixidagi eng o'gir kunlarini boshdan kechirmoqda. 2001 yilning 11 sentyabridagi AQShdagi fojeadan so'ng ikki davlat strategik hamkorga aylandi. 2002 yilning mart oyida prezident Karimov o'zining AQShga ilk rasmiy tashrifini amalga oshirdi. AQSh O'zbekistonga ko'rsatiladigan yordam hajmini uch baravaraga oshirdi. Biroq shu yil may oyida Andijonda hukumat qo'shinlari tomonidan mahalliy aholining o'qqa tutilishi Bush ma'muriyatining O'zbekistonga nisbatan hayrihoh siyosatinining AQSh va Yevropadagi jamoatchilik tomonidan tanqid qilinishiga sabab bo'ldi. Natijada AQSh o'z demokratik tamoyillariga tayangan holda, Andijon voqealari bo'yicha mustaqil xalqaro tergovning o'tkazilishini O'zbekistondan talab qildi. Biroq O'zbekiston bunga rad javobi qaytarib, ustiga-ustak AQShdan Xonoboddagi avizabani bo'shtatib qo'yishni talabi qildi. AQSh Davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo mamlakatlari bo'yicha yordamchisining muovini Matt Brayza ayni paytdagi o'zbek-amerika aloqalari hamda harbiy baza masalasi haqida Amerika Ovoziga shularni so'zlab berdi.

Janob Brayza, O'zbekiston AQShga Xonoboddagi bazani 180 kun ichida bo'shatib qo'yish ultimatumini qo'ygandan so'ng, AQSh qanday yo'l tutadi?

Matt Brayza: "Bu siz ta'riflaganingizdek, ultimatum emas. O'zbekiston hukumati bilan shartnomamiz bor va shu shartnoma asosida biz O'zbekiston hukumatining mehmoni sifatida Afg'onistonda terrorizmga qarshi urushimizni amalga oshirish uchun bazadan foydalandik. Shartnomaning bir bandiga ko'ra, agar ikki tomonning biri undan chiqmoqchi bo'lsa, ikkinchi tomonni o'z qaroridan 180 kun oldin boxabar qilishi kerak. Demak, AQSh shu muhlat ichida o'z qo'shinlarini u yerdan olib chiqishi lozim. Bu yuridik shartnomadir va O'zbekiston uning o'sha bandidan foydalanishga qaror qildi. Shuning uchun biz O'zbekistonni shartnomaning mazkur bandidan amalda foydalanmaslikka majbur qila olmaymiz."

AQSh O'zbekiston hukumati bilan muzokara o'tkazib, bazani qoldirishga harakat qiladimi?

Matt Brayza: "Yo'q, biz muzokaralarni o'tkazib bo'lganmiz. O'zbekiston esa baribir shartnoma doirasida o'z huquqidan foydalanib, bizdan bazani tark etishimizni so'radi. Albatta, nazariy jihatdan O'zbekiston hukumati o'z fikrini o'zgartirishi mumkin. Biz buni qo'llab-quvvatlagan bo'lar edik."

O'zbekistonning bunday qaroriga sabab nima deb o'ylaysiz?

Matt Brayza: "Siz mendan O'zbekiston rahbariyatining hayolidagi narsani bilib berishni so'rayapsiz. Men ular nima haqida o'ylayotganliklarini bilmayman. Biroq shu narsani bilamanki, bu AQSh jiddiy yondashgan va ahd qilganda to'g'ri qarorni chiqargan misolning biridir. Biz keng ko'lamdagi hamkorlikka intilamiz. Biroq hamkorlikda yaqqol harbiy bazaga urg'u berib bo'lmaydi. Unda teng tarzda erkinlik g'oyalariga ham urg'u berish kerak. Ya'ni demokratik va bozor iqtisodiyoti islohotlarini amalga oshirish hamda inson huquqlarini xurmat qilish. Bizning nazarimizda, agar biz boshqa mamlakatlar bilan aloqamizda erkinlik g'oyalari hamda xavfsizligimizni birday olg'a surmasak, tenghuquqlik va chuqur hamkorlikka erishish mumkin emas. O'zbekiston misolida biz nafaqat erkinlik g'oyalarini olg'a surishda qiyinchiliklarga duch kelmoqdamiz va hattoki xavfsizligimizni ta'minlashda ham. O'zbekiston qarori nima bilan bog'liqligini aniq ayta olmaymanu, biroq xavfsizlik yo'lida erkinlik g'oyalarimizni qurbon qila olmasligimizni aniq aytishim mumkin."

Siz hozirgina Bush doktrinasidan o'rin olgan erkinlik g'oyalari haqida gapirdingiz. Agar O'zbekiston hukumati Andijon voqealari bo'yicha mustaqil tergovning o'tkazilishiga yo'l bermasa, AQShning bundan keyingi strategiyasi qanday bo'ladi va O'zbekistonga nisbatan Bush doktrinasi qanday amalga oshiriladi?

Matt Brayza: "Biz erkinlik g'oyalarimizni, xavfsizligimiz hisobiga bo'lsa ham, himoyalashda davom etamiz. Shuning uchun biz Andijon voqealari bo'yicha mustaqil tergovning o'tkazilishini talab qilmoqdamiz. Odamlar bir narsani tushunishsa yaxshi bo'lar edi. Biz bu tergovning o'tkazilishiga prezident Karimovga hujum qilish uchun chaqirayotganimiz yo'q. Faktlarning ayon bo'lishi Karimov hukumatining ham manfaatlariga to'g'ri kellishini tushunishini istaymiz. Uning fikricha, Andijondagi voqealarni terroristlar amalga oshirgan. Ha, qamoqxonaga kirish va harbiy qismni egallash bilan bog'liq zo'ravonlikka sabab bo'lgan ba'zi harakatlar amalga oshirilgan ko'rinadi. Bu judayam jiddiy harakatlardir va hattoki jinoyatlardir. Haqiqatdan ham shunday bo'lganmi? Biz buni bilmaymiz. Balkim, biroq bizda aniq ma'lumot yo'q. Jinoyatni kim sodir etdi? Terroristlarmi? Balkim. Diniy bo'lmagan va boshqa manfaatlarni ko'zlagan boshqa guruhlarmi? Bo'lishi mumkin. Haloyiqqa kim o'q uzgan? AQSh harbiylarining tayyorgaligidan o'tgan askarlarmi? Biz buni bilmaymiz. Mustaqil tergovsiz O'zbekiston hukumati bilan normal aloqada bo'lishimiz mumkin emas."

Axir O'zbekiston parlamenti o'zining tergovini o'tkazdiku, shuning o'zi kifoya emasmi?

Matt Brayza: "Yo'q, kifoya emas. Men parlament tergovi natijalari bilan hali tanishib chiqqanim yo'q. Gap ishonchga sazovor tergovning olib borilishidadir. Ishonchni esa xalqaro hamkorlarning ishtiroki orqaligina ta'minlash mumkin. Tergov natijalarining ishonchli bo'lishi uchun uni mustaqil va ob'yektiv hamda O'zbekistondagi jarayonlarda qatnashmayotgan tuzilma olib borishi kerak. Shuning uchun vaziyatni barqarorlashtirish uchun faktlarning hammasini yig'ish lozim. Agar faktlar prezident Karimovning so'zlarini tasdiqlasa, u holda uning mavqesi yanada kuchayadi."

Va so'nggi savol. Matbuotdagi ko'plab maqolalarga ko'ra, AQSh Davlat departamenti va Mudofaa vazirligi O'zbekistonga nisbatan turli xil siyosat yurgizib kelganlar. Hozirda AQShning O'zbekiston bilan aloqalari yomonlashgandan so'ng va O'zbekiston AQShdan bazani tark etishni so'ragandan so'ng, ularning siyosat birlashadimi?

Matt Brayza: "Bizning siyosatimiz doim bir bo'lgan. Men siz bildirgan va tashqaridan aytilgan bu kabi fikrlarga hech qachon qo'shilmaganman. Bizning siyosatimiz bitta. Va bu aktiv siyosat. Bizning Markaziy Osiyodagi uch yo'nalishdagi manfaatlarimiz bor. Birinchisi, xavfsizlik. Harbiy baza shu yo'nalishni o'z ichiga oladi va bu bilan Mudofaa vazirligi shug'ullanadi. Bizning, shuningdek, mintaqaviy iqtisodiy yo'nalishda va energetika sohasidagi manfaatlarimiz bor. Afsuski, bu yo'nalishda O'zbekiston bilan so'nggi bir necha yil ichida faol ish olib bora olmadik. Sabablarini o'zingiz bilasiz. Bular sarmoya muhiti bilan bog'liq. Va so'nggi manfaatimiz erkinlik g'oyalarini o'z ichiga oladi, ya'ni ichki islohotlar va ozodlikni ta'minlash. Pentagon ham, Davlat departamenti ham, Oq uy ham bir-biriga qo'shilgan holda, manfaatlarimizning barchasini birday olib borishimiz kerakligini yaxshi tushunadilar. Ularga birday erishish lozim. Agar jamiyatda adolat va erkinlik tushunchalari bo'lmaganligi tufayli barqarorlikni ta'minlay olmasangiz, harbiy baza borasidagi shartnomangiz qanchalik zo'r bo'lmasin, baribir foydasi yo'q. Bu borada Pentagon bilan Davlat departamentining fikri bir."