Angliya tarixda ilk marta musulmon go’zaliga ega bo’ldi. Miss Angliya yoki Britaniyada aytilishicha, Miss Maya unvoni bu yil aslida afg’on, ammo O’zbekistonda, Toshkent shahrida dunyoga kelgan 18 yoshli sanamga nasib etdi.
Hammasaning aytishicha, u dunyoga kelgan paytda ota-onasi Toshkentda bilim olayotgan bo’lgan. "1986 yilda onam Toshkent davlat universitetining huquqshunoslik fakultetida, otam esa muhandislik sohasida o’qirdi,"- deydi u. Shundan so’ng uning ota-onasi yana Afg’onistonga qaytadi:
“O’zbekistonda tug’ilib, bolaligimning asosiy qismini Afg’onistonda o’tkazdim. Keyin Britaniyani vatan qildik. Qarabsizki, qonimda va ongimda bu mamlakatlarning, bu xalqlarning har biriga nisbatan muhabbat qaynaydi. Men o’zimni bir millatga tegishli deb bilmayman. Menda hammaning qoni bor va bu bilan juda faxrlanaman,”- deydi Hammasa Kohistoni, Amerika Ovozi O'zbek xizmatiga intervyu berarkan.
Angliya go’zali esini taniganidan beri O’zbekistonda bo’lmagan. Besh tilda bemalol gaplashadi, jumladan rus tilida ham. Lekin O’zbekistonda yoshligidan chiqib ketgani sabab, o’zbek tilini bilmasligini aytadi.
“O’zbekistonga safar qilish niyatim bor,” -deydi Hammasa, “U yurt odamlari haqida yaqindan bilishni, tobora o’zgarib borayotgan mamlakatni ko’zdan kechirishni, aloqalar o’rnatishni istar edim.”
Angliya malikasi tanlovida qatnashish Hammasaning azaliy orzusi edi, ammo boshqa ko’pgina yosh qizlar qatori bunga uncha ko’zi yetmasdi. "Ammo, intilganga omad yor, deyishganidek, harakatlarim zoe yetmadi, yangi vatanim malikasi bo’ldim,"- deydi Hammasa Kohistani.
G’arbiy Yevropada, jumladan Britaniyadek ham tarixan, ham zamonaviy monarxiya tuzumida yashovchi taraqqiy etgan jamiyatda bir muslimaning yurtning eng sohibjamol va aqlli qizi, deb tan olinishi katta shov-shuvga sabab bo'ldi.
Chunki, musulmon xotin-qizlar, ayniqsa, afg’onistonlik ayollar, odatda zamondan orqada qolgan, erkaklar zulmi ostida ezilgan toifa vakilalari sifatida qaraladi va Hammasa Kohistonining tanlovda g’olib chiqqani muslima yoshlar uchun g’alaba deb qaralmoqda. Angliya go’zalining o’zi ham buni tan oladi va muslima qizlarga shunday maslahat beradi:
“Sizning hayotingizni sizdan boshqa hech kim hal qila olmaydi. Sizni hech kim kamsita olmaydi, urinsa ham unga e’tibor qilmang. Boshqalarga sizni kuchsiz yoki iqtidorsiz deb baholashlariga yo’l bermang. Bir maqsad yo’lida intilish muvaffaqiyat kaliti ekan. Menga qanday yashashni meni yaratgandan boshqa hech kim buyura olmaydi. Men boshqalarning fikrini hurmat qilaman, ammo ularning ishiga aralashmayman. Boshqalar ham mening qarashlarimni hurmat qilishi kerak.”
Xalqaro matbuotda, Angliyanng muslima go’zaliga Hindiston kino ustalari rol taklif qilishdi, degan ma'lumotlar bosildi. Hammasaning aytishicha, uning oldida ikkita katta reja turibdi, biri shu yil Pekinda o’tadigan dunyo go’zali tanlovida Britaniya nomidan bellashish, ikkinchisi esa universitetni tugallash.
“Hozirda ommaviy axborot vositalari, sotsiologiya, ingliz adabiyoti va siyosaiy fanlarni o’qiyapman, ammo kelajakda asosan media va reklama sohasini egallashni istardim,”- deydi Hammasa.
Xullas, Angliya go’zali hozircha Bollivud yoki Gollivud yulduzi bo’lish orzusida yonmayotganga o’hshaydi.
Eslatib o’tish joiz, bu yilgi Angliya go’zali tanlovida Hammasa Kohistonidan tashqari yana bir muslima Sara Mendli ham qatnashdi. Liverpul shahridagi Islom Instituti tanlovni behayolikda ayblab, Sara Mendlini musobaqadan chiqishini talab qilgan edi. Bu yosh, o’zini zamonaviy, intiluvchan va iqtidorli deb hisoblovchi muslimalarning bu kabi diniy buyruqlarga qanday javob berganini yuqoridagi satrlar aks ettiradi. Jahon go’zali tanlovi shu yilning 10 dekabrida Xitoyning Sanya shahrida bo’lib o’tadi.