Urush maydonida xavfli mikroblardan foydalanish yangilik emas. Tarixiy kitoblarda bitilishicha, o’rta asrlarda qasr devorlari osha chiriyatgan jasadlar uloqtirilgan, Amerika hindulariga chechak kasali bemorlari yotgan choyshablar tuxfa qilingan.
XXI asrda bu borada ko’p narsa o’zgargani yo’q. Aksincha endi yanada ko’proq odamlarni zaharlovchi moddalar ishlab chiqilgan. Bio-terrorizm va epidemiya mavzularini o’rganuvchi Kasallikni nazorat qilish davlat markaziga ko’ra, bugungi kunda eng halokatli mikroblar – chechak va kuydirgi singari A-kategoriyali kasallik qo’zg’atuvchilardir. AQSh so’qliqni saqlash markazi xodimi doktor Villiam Raubning aytishicha, chechak kasali 70-yillarda yo’qotilgan bo’lsada, u haligacha xavf solib keladi.
- Bilishimizcha, bu virus namunalari faqatgina AQSh va Rossiyada, yaxshi himoyalangan inshootlarda saqlanadi. Ammo dunyoning boshqa burchaklarida virusning yashirin manbalari bor va ulardan terrorchilar foydalanishi mumkin degan tashvish hukm surmoqda, - deydi doktor Raub.
2001 yilning 11 sentyabr voqealaridan bir hafta so’ng, kuydirgi kukuni solingan konvertlar AQShning sharqiy sohilidagi shtatlarda qonun chiqaruvchilarning va telekompaniyalarning ofislariga yo’llanganda, amerikaliklar dahshatga tushgan edi. Doktor Raubga ko’ra, konvertlarga qo’l tekkizgan har bir kishi 48 soat ichida virusning ta’sirini seza boshlaydi.
- Bu shafqatsiz virusning birinchi alomatlari, ya’ni odatda quruq yo’tal paydo bo’lganda, odam 36 soat ichida o’lishi mumkin. Davolanmagan taqdirda 90 foiz hollarda, davolangan taqdirda esa 50 foiz hollarda odam o’ladi.
2001 yilning oxiriga borib, kuydirgidan besh kishi o’lgan, 18 kishi esa unga chalingan edi. Millionlab odamlar xatlarini ochishga qo’rgadigan bo’lib qolishdi. Bu virus hujumini kim va nima uchun qilganini haligacha hech kim bilmaydi, ammo olimlar virus haqida ma’lumotni odamlar orasida tez va aniq tarqatish, unga qarshi dori topishdek muhim ekanligini tushunadilar.
- Virusning tabiatini odamlarga tushuntirish, u haqida axborot berish kerakligi - bizga dars bo’ldi, - deydi Villiam Raub.
Bugun bio-mudofaa bo’yicha izlanishlar natijasida kuchli, salbiy tomonlari kamroq vaksinalar ishlab chiqilmoqda. Viruslarni tezda aniqlay oluvchi yangi diagnostika asboblari yaratilmoqda. AQSh Salomatlik institutida bio-mudofaa dasturini boshqaruvchi doktor Entoni Fauchining aytishicha, yutuqlarga qaramasdan, har bir tahdidga qarshi chora topish amrimahol.
- Menimcha, biz hech qachon “bo’ldi, endi har qanday bio-terroristik hujumdan himoyalanganmiz” deya xotirjam o’tira olmaymiz, chunki muammoning tabiati boshqacha, - deydi janob Fauchi. U doimiy izlanishni talab qiladi.
Bio-terroristik hujum qilish ham murakkab. Olimlar nazarida, ko’plab odamlarni o’ldirish uchun odatda oddiy qurollar va kimoyoviy moddalardan foydalaniladi. 1980-yillarda Saddam Husayn Iroq shimolida minglab kurdlarni o’ldirish uchun zaharli gaz ishlatgan edi. 1995 yilda esa Aum Shinrikyo diniy sektasi Tokyo metrosida sarin gazini ishlatib, 12 yo’lovchini o’ldirgan va minglab kishini zaharlagan edi.
AQShdagi Jorjtaun Universitetida bio-terrorizm bo’yicha mutaxassis doktor Ken Dretchenga ko’ra, kimyoviy moddalarning oson qo’lga kiritilishi - ektremistlar uchun ayni muddao.
- Kimyoviy moddalar har yerda mavjud. Uning ko’p turlari AQShda, asosan harbiy bazalarda saqlanadi. Gap shundaki, bizni bio-terrorizm emas, balki mana shu kimyoviy moddalar ko’proq o’ylantiradi, chunki birnichidan ular yaqin atrofda, ikkinchidan ularni qo’lga kiritish oson, - deya ta’kidlaydi doktor Dretchen.
AQSh harbiylari uchun kimyoviy hujumga qarshi dori beruvchi moslamani yaratgan doktor Dretchenning aytishicha, talofat keltiruvchi biologik va kimyoviy moddalardan foydalanish mumkin albatta, lekin ularni ommaviy qirg’in qurollariga aylantirish uchun chuqur bilim va resurslar ham kerak. Olimlarga ko’ra, tinch aholiga qarshi kimyoviy va biologik hujum haqiqatdan ham katta tahdiddir, ammo shu qatorda tabiiy ofatlar ham. Doktor Fauchi shunday deydi:
- Tabiatning o’zini ayovsiz bio-terrorchi deb atasa bo’ladi. Hozirda tabiiy evolyutsiya natijasida kelib chiqayotgan gripp pandemiyasini oling. U oldin Osiyoda tarqalib, keyinchalik Rossiya va Sibir mintaqasiga ko’chdi. Bularning hammasi oddiy, tabiiy evolyutsiya natijasi. Grip pandemiyasi yanada kengroq tarqalsa, u inson tomonidan uyushtirilishi mumkin bo’lgan har qanday dahshatli hujumdan ham xavfliroq bo’ladi.
Kasallikni nazorat qilish markazi va ummummamlakat salomatlik institutining fikricha, hozirda dunyo bio-terroristik hujumga qar qachongidan ko’ra tayyorroqdir. Ammo ham kimyoviy, ham biologik tahdidlar haqida erta ogohlantiruvchi tizimni yo’lga qo’yish va gripning boshqa viruslari terrorchilar qo’liga tushmasligi uchun, dunyo hamjamiyati yaqinroq hamkorlik qilishi lozim.