Rays: O'zbekiston Markaziy Osiyodagi jarayonlardan ortda qolmoqda

"Biz terrorga qarshi kurashni samarali tarzda davom ettiramiz. Uni amalga oshirishning yo’llari ko’p. AQSh O’zbekistonning o’rniga boshqa hamkorlarni topishga qodir,"- deydi AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays, AQSh-O'zbekiston harbiy aloqalari va Xonobod aviabazasidan foydalalish mavzusida gap ketarkan.

O’zbekiston hukumati AQSh va Yevropa Ittifoqining Andijon voqealari bo’yicha mustaqil xalqaro tekshiruv o’tkazish talabini rad etib kelar ekan, AQSh Davlat kotibi prezident Islom Karimovning xalqaro hamjamiyatga quloq tutmayotganidan tashvish bildirdi.

Kondoliza Raysning muovini Daniel Frid "Andijon voqealari bizni xavotirga soldi, ammo O’zbekiston hukumatining bu voqealarga javobi undanda tashvishliroqdir,"- deydi. "Nohukumat tashkilotlariga bosim, ta’limiy almashinuv dasturlarining qisqartirilishi, mamlakatda vahimali muhitning yuzaga kelishi – bularning hammasi juda tashvishlidir."

AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyoga safari O’zbekistonni o’z ichiga olmagan. Siyosiy-tahliliy tadqiqot tashkilotlaridan biri - REND korporatsiyasining xavfsizlik masalalari bo’yicha bosh izlanuvchisi Olga Olikerning fikricha, bunga sabab, "Daniel Fridning o'tgan oy Toshkentga qilgan safari davomida Karimov bilan uchrashuvdan ko’ngli to’lmagani bo’lishi mumkin."

Kondoliza Rays davlat kotibi sifatida Markaziy Osiyoga birinchi safarini boshlar ekan, Bush rahbariyati mintaqada yangi yetakchi davlat sifatida Qozog’istonga qaramoqda, deya yozadi nufuzli Vashington Post gazetasi.

“Nazarboyev hukumatining mintaqada ham iqtisodiy, ham siyosiy islohotlar bo’yicha yetakchi davlat bo’lishga imkoniyati bor,"- deydi AQSh Davlat kotibi. Raysning aytishicha, u Qozog’iston prezidentidan dekabr oyiga mo’ljallangan prezidentlik saylovlarining ochiq va adolatli o’tishini ta’minlashni so’raydi.

Vashington Post gazetasiga ko'ra, AQSh Davlat departamenti endilikda Markaziy Osiyoni yangi imkoniyatlar mintaqasi deb ta’riflamoqda. "Mintaqa tarixiy o’tish davrini boshdan kechirayotgan bir paytda, u yerga safar qilish o’ta muhim,"- deydi Kondoliza Rays.