Yaqinda O’zbekiston prezidenti bilan Toshkentda muloqot qilib, Vashingtonga “Xonoboddan chiqmasak bo’lmaydi,” degan xulosa bilan qaytgan yuqori lavozimli AQSh diplomati 27 oktyabr kuni Kongressda o’tgan tinglovda kongressmenlarni, “O’zbekistonda Amerikaga qarshi tashviqot kuchaymoqda,” deb ogohlantirdi.
Tinglovda AQSh Vakillar palatasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha quyi-qo’mitasi a’zolariga Davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo bo’yicha yordamchisi Daniel Frid AQShning Markaziy Osiyodagi manfaatlari haqida hisobot berdi. Unga ko’ra, bu manfaatlar uch qismdan iborat.
"Birinchisi xavfsizlik, jumladan, terrorga qarshi kurash; ikkinchisi, energetika va mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik, uchunchisi esa erkinlik va demokratiyani tashviq qilish,"- deydi janob Frid. AQSh, ayniqsa, Kondoliza Raysning mintaqaga qilgan tashrifi natijalariga asoslanib, ham rasmiy Ostona, ham rasmiy Bishkek bilan munosabatlarni mustahkamlash, jumladan harbiy sohadagi hamkorlikni kengaytirishni ko’zlamoqda.
O’zbekiston masalasiga kelganda, qonun chiqaruvchilar ham, diplomatlar ham birdek “uh” tortishadi, chunki AQSh-O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlarning sovuqlashgani, Karimovning AQShga Xonobodni bo’shat qabilida talab qo’ygani Vashingtonda ko’pchilikning, ayniqsa, qonun chiqaruvchilarning nafsoniyatiga tekkan.
Xonobod haqqini berishni to’xtatishga undab, rezolyutsiya taklif qilgan demokrat kongressmen Bill Delaxant esa, "nega o’z xalqiga qarshi qurol ishlatgan..., uning qonini to’kkan Karimov hukumatiga nisbatan siyosatimiz hali ham sust..., nega Yevropa Ittifoqi O’zbekistonga qarshi sanksiya qo’ysa-yu, biz jim turibmiz..., nega biz ham sanksiya qo’ymaymiz..., nega O’zbekistondagi erkinlik uchun kurashayotgan faollarga yordam bermaymiz...,"- degan savollarni o’rtaga tashladi.
Delaxantning "O'zbekistonga qarshi qachon sanktsiya qo'yamiz, janob kotib yordamchisi?"- degan savoliga, janob Frid shunday javob berdi:
“O’tgan ikki yil ichida O’zbekistonga beriladigan moliyaviy yordam miqdori qisqargan va qisqaryapti... Biz Yevropa Ittifoqi bilan amaldagi choralarning ta’siri haqida fikr almashyapmiz. O’zbekistonga qarshi nega sanksiya qo’ymayotganimiz haqida hozir javob bera olmayman, ammo bu masala dolzarb holda ko’rib chiqilyapti.”
"Mintaqaga safarim davomida, mendan, “Siz, amerikaliklar, bu yerda demokratik inqiloblar uyushtirish uchun kelasizlar-ku, bu yerdagi hukumatlarni ag’darish uchun kelgansiz-ku, axir,” - deya murojaat qilishdi. Men ularga biz demokratiyaga ishonadigan odamlarmiz, deb javob qildim,"- deydi AQSh diplomati.
Daniel Frid kongressmenlarni O’zbekistonda AQShga qarshi propaganda tobora ildiz otmoqda, AQShni Andijon voqealari ortida turganlikda, musulmon ekstremistlariga yordam berganlikda ayblashmoqda, deb ogohlantirdi.
Janob Frid nazarida, AQShning bu boradagi har bir qadamimiz O’zbekistonda Karimov hukumatiga qarshi o’q sifatida qaralmoqda. Uningcha, har ikki mamlakat uchun manfaatli qirralarni olg’a surish va rasmiy Toshkent bilan amaliy muloqotga kirishish lozim.
Janob Fridning fikricha, Qozog’iston mintaqada yetakchi mamlakat bo’la olish quvvatiga ega va Qirg’iziston inqilobdan keyingi davrda barqarorlikni saqlay olsa, Markaziy Osiyoning yetakchi islohotchisi bo’lishi mumkin.
“Qirg’izistonda shu yoz o’tgan prezident saylovlari xalqaro talablarga to’liq rioya qilingan holda o’tkazilmagan bo’lsa-da, - dedi Davlat kotibining yordamchisi, - saylov jarayoni bu xalqning demokratiya tomon qo’ygan asosiy qadamlaridan biri bo’ldi.” Tojikiston ham islohotlarni amalga oshirmoqda, ammo barqarorlikni saqlash hukumatning asosiy maqsadi ekanini tushunamiz, dedi janob Frid.
"Turkmaniston esa demokratik taraqqiyotdan orqada qolayotgan avtoritar mamlakat va uning xalqi bizning ko’magimizga zor,"- dedi u.
AQSh Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatini qayta ko'rib chiqar ekan, AQSh diplomatlari ham, qonun chiqaruvchilari ham mintaqa davlatlari orasida, ayniqsa, O’zbekiston bilan qanday til topishish mumkinligi, uni demokratiya tomon yo’naltirish, uni hamkor sifatida saqlab qolish uchun nima qilish kerakligi haqida bosh qotirmoqda.