AQSh prezidenti Jorj Bush qonun chiqaruvchilarni noqonuniy muhojirlikka barham beruvchi bir necha milliard dollarlik dasturni tasdiqlashga chaqirmoqda. Amerika Ovozi muxbiri Mil Arseganing xabar berishicha, hamma ham immigratsion qonunning isloh etilishi tarafdori, biroq bahslar asosan islohotlarni qanday amalga oshirish haqida ketmoqda.
Ba’zi manbalarga ko’ra, ayni paytda AQShda 11 millionga yaqin muhojir noqonuniy ravishda ishlayotgan bo’lishi mumkin, biroq AQSh Savdo palatasining taxminiga ko’ra, asl ko’rsatkich ularning ishlamayotgan oila a’zolarini hisobga olganda ikki baravar ko’p bo’lishi ham mumkin.
AQShda business manfaatlarini himoya qiladigan umummamlakat federatsiyasining aytishicha, Amerikaning immigratsion tizimi ishdan chiqqan va uni tuzatish zarur.
Aynan shu fikrda bo’lgan prezident Jorj Bush bir necha kun ilgari mamlakat ichki xavfsizligini 32 milliard dollar bilan ta’minlovchi qonunga qo’l qo’ydi. Bush Amerika chegaralari xavfsizligini kuchaytirmoqchi va noqonuniy muhojirlarga qarshi kurashmoqchi, biroq shu bilan birga u Amerikaga qo’shimcha ishchi kuchi kerakligini ham tan oladi.
- Ishchi kuchiga bo’lgan talabni qondirish uchun biz chet mamlakatlardan ishchilarni vaqtinchalik va qonuniy ravishda yollashga tayyor korxonalarni topishimiz kerak, - deydi Bush.
Kongress tasdiqlashi kerak bo’lgan islohotlar o’z ichiga hujjatsiz yurgan muhojirlarga maxsus dastur bo’yicha uch yilgacha ishchi vizalari berishni ko’zda tutadi. Viza muddati tugagach esa ishchilar o’z vatanlariga qaytib, yangi vizaga ariza berishlari kerak bo’ladi.
Prezidentning taklifiga ko’ra, chegarachilar sonining ortishi va noqonuniy muhojirlarni vaqtinchalik saqlash joylarini ko’paytirish hamda ilg’or texnologiyalardan faolroq foydalanish uchun qo’shimcha mablag’ ajratiladi.
Hamma “islohotlar juda muhim” deb turgan bir paytda uning aynan qanday amalga oshirilishi turli bahslarga sabab bo’lmoqda. Senatorlar Jon Makkeyn va Ted Kennedi mazkur qonun orqali AQShda hujjatsiz yurgan muhojirlarga qonuniy maqom berishni ko’zda tutmoqdalar.
- Asosiy farq shundaki, prezident ularni viza muddati tugagach vatanlariga qaytarmoqchi. Biroq bu qarorning na iqtisodiy va na insoniy nuqtai nazardan ma’nosi bor, - deydi senator Kennedi.
Prezident Bush va senator MakKeyn mamlakat ichidagi noqonuniy muhojirlarni avtomatik ravishda qonunlashtirish taklifiga qarshi chiqmoqdalar. Biroq senatorning taklifiga ko'ra, noqonuniy muhojirlar avvaliga 2000 dollar jarima to'lashlari, so'ng esa qonuniy ravishda ishlashlari uchun shaxsiy guvohnoma uchun ariza berishlari kerak bo'ladi.
- Ana undan so'ng ular 6 yil ishlab, keyingi 5 yil ichida grin karta olishlari mumkin bo'ladi. Bu ularni avtomatik ravishda qonuniylashtirish degani emasdir,- deydi Makkeyn.
Biroq Davlat chegara nazorati kengashining rahbari T.J. Bonner bu kabi chorani yetarli deb hisoblamaydi. 10,000 dan ziyod chegara qo’riqchilarining manfaatlarini himoya qiladigan tashkilot noqonuniy muhojirlikka butunlay chek qo'yish tarafdori. Janob Bonnerning aytishicha, noqonuniy muhojirlar amerikaliklarning ish joylarini olib qo'yadilar va Amerikadagi turmush sifatini tushirib yuboradilar.
- Masalan, AQShning o'rta g'arbida go'sht sanoatida amerikaliklar soatiga 18 dollarga ishlar edilar, biroq qo'shni Meksikadan ishchilar olib kelinib, ularga soatiga 6 dollar to'lanmoqda. Bu hol mamlakat bo'ylab boshqa sanoatlarda ham takrorlanmoqda, - deydi Bonner.
AQShdagi eng katta ozchilik guruhi va tezlikda ko’payayotgan lotin amerikaliklar jamoasi vakillari noqonuniy immigrantlar amerikaliklar istamaydigan ishlarga kelmoqdalar, deb o'z a'zolarini himoya qiladi. Chunki AQShning qishloq xo'jaligi va qurilish industriyasi asosan arzon muhojirlar kuchiga tayanadi.
Xektor Flores Birlashgan lotin amerikalik fuqarolar ligasining rahbaridir. Uning ta'kidlashicha, AQSh noqonuniy muhojirlardan qutulgan kun mamlakat iqtisodiyoti tushkunlikka uchraydi.
- Ular ham boshqalarga o'xshab soliq to'lashadi, iqtisodiyotimiz ravnaqiga o'z hissalarini qo'shadilar. Bu masalaga jiddiyroq yondashish kerak. Ularni jazolash emas, rag'batlantirish kerak,- deydi Flores.
Janob Floresning ligasi ikki senatorning taklifiga o'xshash amaliy takliflarni qo'llab-quvvatlaydi. Mazkur mavzu bo'yicha bahslar qiziyotgan ayni bir paytda yiliga Meksikadan 900 nafargacha noqonuniy muhojir AQSh chegarasini kesib o'tmoqda. Noqonuniy immigrantlarning ko'payishi ularga qarshi harakatlanayotgan guruhni, ko'ngillilardan iborat Minutmenlar harakatini keltirib chiqardi. Ular chegarani nazorat qilib, shubhali shaxslar haqida chegarachilarga xabar qiladi.
Chak Floyd o'z mamlakatiga yordam berish uchun Minutmenlarga qo'shilgan.
- Aprel oyida Arizonada bo'lganimizda chegaraning deyarli 40 kilometrlik qismini nazorat qildik va 3,000 dan ziyod noqonuniy muhojirlarni bir kunning o'zidayoq qaytarishga muvaffaq bo'ldik, - deydi Floyd.
Minutmenlarning aytishicha, ish qidirib chegarani kesib o'tayotgan odamlardan tashqari, chegaraning sust nazoratidan terroristlar ham foydalanishi mumkin. Biroq ba'zi fuqarolik tashkilotlari Minutmenlarni irqchilikda ayblaydilar. Ular esa o'z navbatida bu aybni rad etadilar.