Yaqinda AQSh Kongressining Vakillar palatasida “Serquyosh O’zbekistonim” koalitsiyasining hibsdagi rahbari Sanjar Umarov ahvoliga xavotir bildirilib, maxsus rezolyutsiya loyihasi taklif etildi. Sal oldin, xuddi shu mavzuda Senatda ham rezolyutsiya chaqiriqlari bo’lgan edi.
2 noyabr kuni AQSh Senatining Xalqaro aloqalar bo’yicha qo’mita raisi respublikachi Richard Lugar tomonidan taklif etilgan rezolyutsiya “Serquyosh O’zbekistonim” koalitsiyasining O’zbekiston hukumati tomonidan qalloblikda ayblanib qamoqqa olingan rahbari Sanjar Umarovning ishi adolatli ravishda ko’rilishi lozim, degan talabni olg’a suradi. Rezolyutsiya birinchi o’qishda ma’qullandi va senatorlar tomonidan hech qanday qarshilik yoki o’zgartirishsiz qabul qilindi.
Oradan 10 kun o’tib, Vakillar palatasining yetakchi a’zolari, jumladan Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha quyi-qo’mita raisasi respublikachi Ileana Ros-Leytinen (Ileana Ros-Lehtinen), demokrat Gari Akermen (Gary Ackerman), respublikachi Marsha Blekburn (Marsha Blackburn), demokrat Xerold Ford (Harold Ford) Umarovning qamoqdagi ahvolidan xavotirda ekanliklarini bildirib, O’zbekistonda inson huquqlari e’zozlanishi va har bir fuqaroning fundamental erkinligini ta’minlashga chaqirgan rezolyutsiyani taklif qildilar.
- Rezolyutsiya Sanjar Umarovning ishiga urg’u beradi, -deydi Ileana Ros-Leytinen. - Ammo biz butun Markaziy Osiyo bo’ylab, butun O’zbekiston bo’ylab, barchaning inson huquqlari himoyalanishi tarafdorimiz, - deydi u.
O’zbekistonda minglab siyosiy mahbuslar bor. Nima uchun aynan Sanjar Umarov haqida gap ketyapti, deb so’rarkanmiz, Ros-Leytinen xonim, “Umumiy gaplar bilan ish bitmaydi,” -deydi.
- Maqsad, huquqi poymol etilayotgan bir shaxs misolida butun mamlakatda fuqaro erkinligi buzilayotganini aks ettirish. Biz Markaziy Osiyodagi har bir mamlakatdagi inson huquqlari ahvolini shunday izohlaymiz. Bir kishining taqdiri mamlakatdagi fuqarolar taqdirini namoyon etadi. Xalqaro jamoatchilik uchun buni tushunib yetish juda muhim, - deydi AQShning mintaqaga nisbatan siyosati ortida turgan Kongress a’zosi Ileana Ros-Leytinen.
O’zbekiston hukumati Kongress chiqarayotgan bu rezolyutsiyalarga javob beradi, deb o’ylaysizmi? – degan savolga Ros-Leytinen xonim shunday javob beradi:
- Men, AQSh qonun chiqaruvchisi sifatida, hukumatimiz boshqa davlatlarga qanday siyosat yuritishni buyurishi kerak, deb hisoblamayman.
- Biz O’zbekistonga, mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligi uchun odil va mustaqil sud katta ahamiyatga egaligini, aytyapmiz. Aytingchi, qaysi xalq va qaysi insofli fuqaro adolat ravnaq topishini istamaydi? Har qanday ayblanuvchi uning barcha huquqlari e’zozlangan holda sudga tortilmog’i lozim. AQSh har bir xalqqa shuni tilaydi,-deydi Ros-Leytinen xonim.
Respublikachi qonun chiqaruvchining fikricha, muxolifat a’zolariga, tadbirkorlarga soxta ayblar qo’yib, ularni panjara ortiga tashlash, ularni qiynoqqa solish va xalqdan bu haqiqatni yashirish hech bir jamiyatga yarashmaydigan hol. - Biz bunga qat’iyan qarshimiz,- deydi Ros-Leytinen xonim.
Sanjar Umarovning ahvolidan qattiq tashvishda bo’lgan oilasiga ko’ra, uning qamoqxonadan berilgan kiyim-kechaklarida qon dog’lari va kuygan joylar topilgan. Ammo, advokatining aytishicha, Umarovning badanida kuygan joylar ko’zga tashlanmagan.