Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlarida qashshoqlikka qarshi kurash, ma’muriy va huquqiy islohotlar o`tkazish uchun 66 million yevro miqdorida iqtisodiy ko`mak ajratgan. Mustaqil kuzatuvchilarga ko`ra, ajratilayotgan moddiy yordam mintaqa davlatlari uchun muhimdir, ayniqsa, aholisi eng qashshoq mamlakatlardan biriga aylangan O`zbekiston uchun.
Ularning ta'kidlashicha, Andijon voqelarining kuch bilan bostirilishidan so`ng, ko`plab xalqaro moliyaviy tashkilotlar, jumladan G'arb davlatlari va AQSh tomonidan ko`rsatilayotgan moddiy ko`mak hajmi keskin qisqargan.
Yevropa Ittifoqining O`zbekistondagi vakolatxonasi 66 million yevroning qanchasi O`zbekiston uchun ajratilishi va yordamning qanday shartlar asosida ko`rsatilayotgani haqida aniq ma'lumotga ega emasligini ma'lum qildi.
Yevropa Ittifoqi tomonidan O`zbekistonga nisbatan bir qator sanksiyalar kiritilgan edi. Ittifoq O`zbekiston bilan aloqalarini keskin qisqartirishgacha borganiga qaramasdan, tashkilot tomonidan ko`rsatilayotgan yordam mahalliy kuzatuvchilardan biri, Komron Aliyevga ko`ra, quyidagi sabablar bilan bog`liq bo`lishi mumkin.
“Agarda shunday islohotlarga sizlar tayyor bo`lsangizlar, biz bundan keyin ham siz bilan muloqotga tayyormiz deganini bildiradi," deydi u. "Bu mablag` avval ham ajratilib kelinar edi. Bu o'rtada mablag`ning ko`pchiligi Qozo`giston yoki Turkmanistonga beriladigan bo`lsa, bu davlatlar tashkilotning ko`magisiz ham islohotlar o`tkazishga imkoniyati yetarli ekanini aytish kerak. O`zbekiston, Tojikiston va Qirg`iziston masalasiga kelgan vaqtda, odatda Qirg`izistonga ko`proq e'tibor beriladi, chunki Qirg`iziston G'arb tomonidan demokratik islohotlar yo`lidan ketayotgan mamlakat hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi, AQSh va O`zbekiston munosabatlari sovuqlashganini nazarda tutadigan bo`lsak, O`zbekiston uchun yordam avvalgi yillardan ham kichik miqdorda bo`lishi mumkin.”
O`zbekistondagi rasmiy ma'lumotlarga ko`ra, mamlakatda ichki ishlab chiqarish foizlari yil sayin oshib bormoqda, chet-el sarmoyasining hajmi ortmoqda, qo'shimcha ish o`rinlari yaratilmoqda, yangi korxonlar bunyod etilmoqda. Biroq rasmiy ma'lumotlarni mustaqil kuzatuvchilar inkor etishadi. Ulardan biri Iskandar Xudoyberganovning aytishicha, O`zbekiston avvalo iqtisodiy qoloqlikdan chiqib ketishi kerak.
"Buncha o`sish bor, uncha ko`tarilish bo`lyapti deyilsada, ammo yildan-yilga hayot og`irlashib ketayotganini xalq har kungi hayotida boshidan o`tkazyapti. Hukumat xalqdagi norozilikni sezyapti va shuning uchun turli xil farmonlar chiqaryapti. Masalan, tijoratchilarni tekshirishni kamaytirish kabi, biroq asosiy qonunlar chetda qolib ketyapti, so`z erkinligi yo`q, muxolifatga ruxsat berilmayapti. Hozirgi sharoitdan chiqib ketish uchun katta sarmoyalar kerak bo`ladi. Hukumatimiz Rossiya bilan yaqinlashaypti, biroq Rossiya hech ham mablag' kiritmaydi, kiritsa ham bu yerdan olib chiqib ketish uchun xolos."
Siyosiy sharhlovchi Tursunboy Qoratoyevga ko`ra, O`zbekiston Garb davlatlari tomonidan qisqargan sarmoyalar miqdorini Xitoy va Rossiya hisobiga qoplashi mumkin.
"Sarmoyalar qisqarishi mumkin, lekin Xitoy va Rossiya bilan rivojlanayotgan aloqalar buni oldini oladi. Birgina Xitoy rahbariyati bilan bo`lgan rasmiy uchrashuvda 1,5 milliard dollarga yaqin sarmoyaga kelishib olindi.”
Siyosatshunos Farxod Tolipovning mavjud vaziyatga qarashicha, O`zbekiston hech qachon biron davlat bilan bo`layotgan aloqalarini boshqa davlat hisobiga qurishi kerak emas.
Kuzatuvchilarga ko`ra, O`zbekistonning mintaqadagi boshqa davlatlardan farqli tarzda tashqi siyosiy aloqalarini tez va keskin o`zgartirib turishi mamlakatga mo`tadil ravishda sarmoya kiritilishiga to`sqinliklar yaratadi.
Ekpertlar Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamjamiyat O`zbekiston hukumati bilan demokratik islohotlar o`tkazish borasidagi muloqotlar uchun hamisha imkoniyat qoldirib kelishini ta'kidlashyapti. Yevropa Ittifoqi tomonidan mintaqada islohotlarning o`tkazilishi uchun ajratilgan moddiy ko`mak ham ana shu imkoniyat jumlasidandir.