Rasmiy ma'lumotlarga ko’ra, Qirg’izistonda hali parranda grippiga chalingan birorta bemor ro’yxatga olinmagan. Ammo janubiy-sharqiy Osiyo va ba’zi hamdo’stlik davlatlarida tarqalgan H5N1 virusining mamlakat xududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida Qirg’iziston davlat veterinariya xizmati zarur choralar ko’rishga harakat qilmoqda.
Qirg’iziston davlat veterinariya xizmati bosh mutaxassisi Qalis Jumaqanovning aytishicha, chegaralarda, temir yo’llarda, shuningdek, Bishkek va O’sh aeroportlarida nazorat o’rnatilgan, mamlakat hududiga tirik parranda, parranda go’shti va tuxumini olib kirish ta’qiqlab qo’yilgan. Ammo, ta’qiqlarga qaramay Qirg’iziston hududiga kontrabanda yo’li bilan parranda go’shti va tuxum olib kirish hollari uchrab turibdi.
Jahon banki kuni kecha H5N1 virusiga qarshi kurashish uchun Qirg’izistonga 5 million AQSh dollari miqdorida mablag’ ajratdi. Veterinariya xizmati bosh mutaxassisi Qalis Jumaqanovga ko’ra, bu mablag’ga agar kasallik Qirg’iziston hududida qayd etilgan taqdirda tashxis uskunalari, bioxavfsizlikni ta’minlash uchun niqob, poyafzal sotib olinadi.
Keyingi kunlarda Turkiyada parranda grippidan bir nechta bemor nobud bo’lgach, Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligi o’z fuqarolarini ogohlikka chaqirdi. Minglab qirg’izistonliklar Turkiyada tijorat bilan shug’ullanadilar va tahsil oladilar. Qirg’izistonning Turkiyadagi elchixonasiga ko’ra, hozircha qirg’izistonlik biron fuqaroning H5N1 virusiga chalingani to’g’risida ma’lumot yo’q.
Qirg’iziston aholisi esa, dunyoni vahimaga solayotgan parranda grippi to’g’risidagi xabarlarni xotirjam qarshi oldi. Tinglovchilarimiz bu kasallikka chalinishdan unchalik qo’rqmayotgandek taassurot qoldi.
Qirg’izistonda, ma’lumotlarga ko’ra, mahalliy aholi va parranda xo’jaliklarida 5 millionga yaqin tovuq, o’rdak, g’oz boqiladi. Veterinariya xizmati xodimlari fevral’ oyi oxirida bir o’lkadan ikkinchi o’lkaga ko’chadigan yovvoyi qushlar parvozidan xavfsiramoqdalar. H5N1 virusi ayni yovvoyi qushlar orqali mahalliy parrandalarga yuqishi mumkin. Kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida mahalliy aholi va parranda xo’jaliklariga parrandalarni yopiq tartibda saqlash tavsiya qilinmoqda.