AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays mamlakatning tashqi yordam boshqaruviga o’zgartirishlar kiritmoqda. AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bundan keyin ham mustaqil faoliyat yurutishda davom etadi, ammo endilikda bu agentlikning yangi tayinlangan rahbari AQShning tashqi yordam bo’yicha boshqaruvchisi deb ham atalib, unga Davlat departamentida alohida idora ajratiladi.
AQSh xorijiy ko’mak sifatida yiliga jami 20 milliard dollar ajratadi. Maqsad – ko’mak ajratish tizimini takomillashtirishdir.
Bush rahbariyatining SPIDga qarshi global kurash dasturining sobiq rahbari Tobias Rendel AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining yangi rahbari etib tayinlandi. Endilikda u davlat kotibining yordamichisi deb ham hisoblanadi.
Davlat kotibi o’zgarishlardan ko’zlangan maqsad haqida shunday deydi:
“Xorijiy ko’mak odamlar hayotini yaxshilashi kerak. Rivojlanayotgan davlatlarga xavfsizlkni kuchaytirish, demokratiyani quvvatlash va savdoni rivojlantirishda yordam berishi lozim. AQSh xalqaro yordam dasturi unga bog’lanib qolishni emas, balki mas’uliyatli suverenitetni targ’ib qiladi,” - dedi davlat kotibasi Kondoliza Rays.
Muxbirimiz Deyvid Gollastning xabar berishicha, Rays xonim AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligini Davlat departamentining bir qismiga aylantiradi, degan xabarlar tarqalgan. Ammo buning uchun maxsus qonun qabul qilinishi kerak bo’lardi.