O’ZBEKISTON
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotidagi AQSh diplomatiga ko’ra, O’zbekistonda fuqarolik jamiyatiga nisbatan taziyq oshib borayotgani AQSh hukumatini qattiq tashvishga solmoqda.
Tashkilotdagi AQSh vakili muovini Kayli Skotning aytishicha, o’tgan yili O’zbekiston hukumati bir qator nohukumat tashkilotlarining faoliyatini to’xtatgan va 2005 yilning dekabr oyida prezident Karimov nohukumat tashkilotlar faoliyatini taqiqlovchi qonunga imzo chekkan.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining a’zosi sifatida O’zbekiston jamiyat erkinligi va nohukumat tashkilotlarining erkin faoliyat yuritishini ta’minlash majburiyatlariga rioya qilmog’i lozim, deya bildirdi janob Skott, tashkilotning Venada o’tgan yig’ilishida.
QIRG’IZISTON
Qirg’iziston hukumati mamlakatda Rossiya aviabazasi bo’lishini quvvatlaydi va rossiyalik askar va zobitlar uchun barcha kerakli sharoitlarni yaratib beradi, dedi Qirg’iziston bosh vaziri Feliks Kulov, Kant aviabazasida qilgan chiqishida.
Kulovga ko’ra, uning hukumati aviabaza va mamlakat qurolli kuchlari orasidagi harbiy-texnikaviy hamkorlikni kuchaytiradi va siyosiy tomondan qo’llab-quvvatlaydi.
“Havo kuchlarimiz yetarlicha tajbirbaga ega emas edi. Endi esa havo kengliklarimiz himoyalanadi. Aviabaza xavfsizligimizni ta’minlaydi”, dedi Kulov.
TURKMANISTON
Turkmaniston prezidenti va shuningdek Butunjahon Turkmanlarining Insonparvarlik Uyushmasi rahbari hisoblanmish Saparmurot Niyozov, 2006 yilning 19 may kuni Ashgabatda uyushmaning 9-chi yubiley konferentsiyasini chaqirish uchun resolyutsiya chiqardi.
Resolyutsiyaga ko’ra, mazkur anjumanda uyushma tashkil etilganining 15 yilligi nishonlanadi.
Tadbirga butun dunyo turkman diasporalarining vakillari taklif qilinadi.
QOZOG’ISTON-ROSSIYA
Dunyo bo’yicha quruqlikdagi eng uzun chegaraga ega bo’lgan Rossiya va Qozog’iston parranda grippi yana avj olishiga tayyorgarlik ko’rmoqda. Ikki mamlakatga ko’ra, keyingi bir necha oy ichida boshlanadigan qushlar migratsiyasi kasallik epidemiyasini olib kelishi mumkin. Qozog’istonning Qishloq xo’jalik vazirligiga ko’ra, har yili Qozog’iston xududidan 50 millionga yaqin yovvoyi qushlar uchib o’tadi.