Xamas Falastinda fevral oxiriga qadar yangi hukumat tuzmoqchi

Xamas yetakchilariga ko’ra, Falastinning yangi parlament a’zolari 16 fevral kuni ilk bor yig’ilgandan so’ng, yangi hukumat tuziladi. Ushbu bayonot Xamas rahbarlari va Falastin prezidenti Maxmud Abbos orasida o’tgan uchrashuvdan so’ng e’lon qilindi.

O’tgan oyda Xamas saylovlarda 132 o’rinli parlamentda 74 o’rinni qo’lga kiritib, janob Abbosning Fatoh partiyasini yengib chiqqan edi.

Xamasning G’azodagi rahbari Ismoil Xaniyaning aytishicha, Falastinning yangi hukumati tezlikda tuziladi.

- Xamas guruhi yangi hukumat tuzish va falastin xavfsizlik kuchlarini qo’l ostiga olish uchun tezkorlik bilan harakat qiladi, deydi janob Xaniya. Unga ko’ra, Xamas Maxmud Abbosning Fatoh partiyasiga yangi hukumatga qo’shilishni taklif etgan, ammo javob olmagan. Isroil bilan esa, deydi Xamas rahbari, hech qanday muzokaraga bormaymiz.

Muxbirimiz Jim Tiplning xabar berishicha, Xamas parlament saylovlarida g’olib chiqqanidan beri, Isroilni tan olmasligini takrorlab keladi. Ammo guruhning bildirishicha, Isroil bilan uzoq-muddatli vaqtinchalik sulh tuzilishi mumkin.