Markaziy Osiyo xabarlari-9 fevral

O’ZBEKISTON

7 fevral kuni Toshekent fuqarolik sudi, Fridom Xaus (Freedom House) tashkilotining O’zbekistonda faoliyatini olti oyga to’xtatish borasidagi hukm yuzasidan so’nggi appelyasiyasini rad etdi. Sud qaroriga ko’ra, tashkilot 2006 yilning 1 iyuliga qadar o’z faoliyatini to’xtatishi lozim. Tashkilot yopilishiga sabab qilib, fuqarolarga bepul internet tarmog’idan foydalanishga berish, Fridom Xaus tadbirlariga ro’yxatdan o’tmagan tashkilotlarni, jumladan inson huquqlari himoyachilarini va siyosiy partiyalarni taklif etish ayblovlari keltirilgan.

O’ZBEKISTON –QOZOG’ISTON

O’zbekiston va Qozog’iston rasmiylari prezident Nursulton Nazarboyevning Toshkentga qiladigan tashrifi borasida fikr almashganlar. Bu haqda Qozog’iston Tashqi ishlar vaziri Qossimjo’mart Tokayev ma’lum qildi. Tokayev o’z hamkasbi Elyor G’aniyev bilan, ikki mamlakat prezidentlari uchrashuvida ko’rib chiqiladigan masalalar borasida ham kelishib oldi, deya xabar qiladi Kazinform axborot agentligi.

QOZOG’ISTON-ROSSIYA-BELARUS

Mazkur yilning aprel oyida bir qator sobiq Sovet respublikalari ishtirokida havo mudofaa kuchlarining qo’shma mashg’ulotlari bo’lib o’tadi.

Mazkur mashg’ulotlarda Rossiya, Belarus va Qozog’iston havo-desant kuchlari ishtirok etib, 80 ga yaqin harbiy parvozlar qilinishi kutilmoqda. RiaNovostiga ko’ra, mashg’ulotlar asosan Belarus va Qozog’iston hududlarida o’tkaziladi va A-50 rusumidagi uzoq masofaga uchuvchi, radarlarni sezish imkoniyatiga ega samolyotlardan foydalaniladi.

Rossiya Mudofaa vazirligining rasmiysiga ko’ra, shu yil oxirida yuqoridagi kabi harbiy mashg’ulotlar O’zbekiston va Ukraina bilan ham o’tkaziladi.

TURKMANISTON

Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi Muxammad alayhissalom haqida G’arb matbuotida nashr qilingan siyosiy karikaturalarni qoralab bayonot chiqardi. Bayonotda aytilishicha, “Turkmaniston insonlarning etnik va diniy tuyg’ularini tahqirlovchi har qanday faoliyat yoki materialni qoralaydi. Bunday amallar umumbashariy ruhiy va ahloq normalariga to’gri kelmaydi.”

Bayonotga ko’ra, ko’pchiligi musulmonlardan tashkil topgan Markaziy Osiyo aholisi, matbuot erkinligini elatlar va dinlaro mojarolarda ishlatilishiga qarshi.